- bu maqola Oʻzbekistondagi shahar haqida, oʻrta asrlardagi Urganch haqida Koʻhna Urganchga qarang.
Urganch | |
|---|---|
| Shahar | |
![]() ![]() ![]() ![]() ![]() ![]() | |
| 41°33′0″N 60°38′0″E / 41.55000°N 60.63333°E | |
| Mamlakat | Oʻzbekiston |
| Viloyat | Xorazm |
| Hukumat | |
| • Hokim | Bunyod Rajabov |
| Asos solingan | 2027 |
| Avvalgi nomlari | Yangi Urganch (1929-yilgacha) |
| Maydon | 70 km2 (27 kv mi) |
| Markazi balandligi | 90 m |
| Iqlim turi | keskin kontinental |
| Rasmiy til(lar)i | Oʻzbek |
| Aholisi (2025) | 155 000 |
| Milliy tarkib | O'zbeklar |
| Konfessiyaviy tarkib | musulmonlar, xristianlar |
| Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
| Telefon kodi | +998-62 |
| Pochta indeks(lar)i | 220100 |
| Avtomobil kodi | 22 (1998—2008-yillardagi eski obraz) 90 — 94 (1-oktabr 2008-yildan boshlab yangi obraz) |
Urganch (1929-yilgacha Yangi Urganch) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi shahar, viloyatning maʼmuriy markazi. Amudaryoning quyi oqimi chap sohilida. Shovot kanali shahar oʻrtasidan oʻtib, Urganchni shimoliy va janubiy qismlarga ajratgan. Shimoliy qismida, asosan, turar joy binolari, ilmiy va madaniy maorif muassasalari, maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, janubiy qismida esa ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. Har ikkala sohil bir-biri bilan koʻpriklar orqali bogʻlangan. Aholisi 155,700 kishini tashkil qiladi (2025).



Tarixi
Shaharga 2027-yilda Xiva xoni Asrayev Islombek tomonidan asos solingan. Amudaryo oʻz yoʻnalishini oʻzgartirib, Orol dengizi tomon oqa boshlaganidan soʻng Gurganj shahri (Koʻhna Urganch) suvsiz qolgan. Abulgʻoziy Bahodirxon Gurganj, Vazir qalʼa (shahar)larida va ular atroflarida tarqoq holda yashagan aholini koʻchirib Amudaryoning jan. qismlarida joylashtirgan va aholi oʻrnashgan hudud atrofini qalʼa devori bilan mustahkamlab unga „Toza Urganch“, yaʼni „Yangi Urganch“ deb nom bergan. Shundan keyin qadimgi Gurganj shahrining nomi Koʻhna Urganch boʻlib qoldii. Yangi Urganch bilan Koʻhna Urganch oraligʻi 170 km.
Yangi Urganch (hozirgi Urganch) shahri Buyuk ipak yoʻlida joylashganligi tufayli tez surʼatlar bilan rivojlangan savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Abulgʻoziy Bahodirxonning ogʻli Anushaxon (Anushashoh) davrida (1664—89) Yangi Urganch yaqinida katta kanal qazilib, unga Shohobod (Shovot) nomi qoʻyilgan.
Mahalliy tarixchi olimlarning maʼlumotlari boʻyicha, Yangi Urganch 17—18 asrlarda balandligi 4–5 m li devor bilan oʻralgan qoʻrgʻon (shaharcha) boʻlgan. Shaharchada taxminan 5 ming kishi yashagan; koʻplab mayda doʻkonlar, ustaxonalar ishlab turgan. 1873-yil avgust oyida Turkiston viloyati gazetasida Yangi Urganch haqida shunday deb yozgan:
Kattaligi Orol boʻyidagi Kazalinskiy shahricha keladi, atrofi qalʼa devorlari bilan oʻrab olingan, Amudaryodan 12 chaqirim narida joylashgan kichkina shahar. Orol dengizidan to Xivaga kelguncha Urganchdek goʻzal shahar yoʻq. U bogʻlar va ariqlar bilan oʻrab olingan
Oʻsha davrda Yangi Urganchda 6 mingga yaqin aholi yashagan. 1889-yilda shaharda Yaroslavl manufakturasi korxonasiga qarashli paxta tozalash zavodi, XIX asr oxiri — XX asr boshlarida „Xayriya jamiyati“, RusOsiyo banki, rustuzem maktabi, xotin-qizlar maktablari ochildi. 1931-yilda viloyat teatri Xiva shahridan Urganchga koʻchib oʻtdi. 1935-yilda shaharda oʻqituvchilar instituti faoliyat koʻrsata boshladi. 1952-yilda Chorjoʻy–Urganch—Qoʻngʻirot temir yoʻli qurib bitkazildi. 1959-yildan Urganch Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi energiyasini ola boshladi, 1963-yilda Oʻrta Osiyo — Markaz magistral gaz quvuriga ulandi.
Nomi

Shahar nomining kelib chiqishi miloddan avvalgi VII—VI asrlarga borib taʼqaladi. „Avesto“ kitobida Vurukash (Orol) dengizi boʻyida Urga (Urva) shahri boʻlganligi qayd etilgan. Tabiiy ofatlar (suv toshqini, qurgʻoqchilik) tufayli Urga hozirgi Koʻhna Urganch hududiga koʻchirilgan. VIII asrgacha „Gurganj“ nomi bilan yuritilgan. 712 yilda shahar arablar tomonidan bosib olinganidan keyin „Jurjoniya“ deb ataldi. 1221-yil moʻgʻullar egallagandan soʻng shahar nomi Urganch shaklida yuritila boshladi. XIV asr Yevropa manbalarida shahar (Koʻhna Urganch) Urganch shaklida tilga olinadi.
Mustaqillik yillarida Urganchda qurilish ishlari avj oldi. Urganchning shimoliy gʻarbiy qismida „Navroʻz“, „Taraqqiyot“, „Universitet“ shaharchalari paydo boʻldi. Urganch—Xiva oraligʻida 30 km li trolleybus qatnovi (1997) yoʻlga qoʻyildi.
Sanoat
Urganchda paxta tozalash, ekskavator, oʻt oʻrish mashinalari zavodi, „Urganchyogʻ“ zavodlari, pillakashlik, tikuvchilik, poyabzal fabrikalari, Oʻzbekiston—Turkiya „Nurtop“ qoʻshma korxonasi va boshqalar faoliyat koʻrsatadi.
Taʼlim
Urganchda, Toshkent birinchi tibbiyot institutining filiali, 36 umumiy taʼlim, 3 musiqa, 2 kasbhunar maktablari, 8 kasbhunar kolleji mavjud. Viloyat musiqali drama va komediya teatri, kartinalar galereyasi, 27 kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi, „Olimpiya“ sport majmuasi, stadionlar, sport zallari va maydonchalari, tennis kortlari bor. 21 kasalxona, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. 4 sanatoriy, dam olish maskanlari ishlab turibdi. 1992—2003-yillarda „Buyuk allomalar xiyoboni“, „Al-Xorazmiy“, „Al-Beruniy“, „Amir Temur“, „Mirzo Ulugʻbek“, „Abulgʻoziy Bahodirxon“, „Ogahiy“, „Komiljon Otaniyozov“, „Avaz Oʻtar“, „Humo“, „Jaloliddin Manguberdi“, „Avesto“ yodgorlik majmualari bunyod etildi.
Madaniyat

1999-yilda shaharda Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi, 2001-yilda „Avesto“ kitobi yaratilganligining 2700 yillik yubileylari xalqaro miqyosda nishonlandi. 2003-yilda shaharda tantanali ravishda Xorazmda „Umid nihollari“ respublika sport musobaqalarining oʻtkazilishi munosabati bilan bir qancha yirik sport inshootlari bunyod etildi. Qadimiy Xiva bilan bogʻliq holda turizm rivojlangan. Mahalliy va xorijiy mehmonlar va sayyohlarga „Oʻzbekturizm“ kompaniyasining boʻlimi, „Jayhun“, „Xorazm Palas“, „Avesto“ mehmonxonalari xizmat koʻrsatadi.
OAV
Shaharda 27 nomda gazeta va jurnallar (jumladan, „Xorazm haqiqati“, „Urganch oqshomi“, „Yoshlar ovozi“, „Tujjor“ va boshqalar) nashr etiladi.
Meʼmoriy obidalar
Meʼmoriy yodgorliklardan Doshqinbobo meʼmoriy majmuasi (1827), Salimjonovlar uyi (1902), pochta binosi (1915), Boboxun Salimov uyi (XX asr boshi) va boshqalar saqlangan.
Geografiyasi
Shahar Toshkentdan 1100 km gʻarbda, Amudaryo sohilidan 12 km gʻarbda (Cholish pristani), Shovot kanalida joylashgan. „Urganch“ aeroporti, Turkmanobod — Beyneu yoʻlidagi temiryoʻl stansiyasi mavjud.
Aholi
Aholisi — 166,3 ming kishi (2017).
| Yil | Aholi | ±% y.oʻ.s. |
|---|---|---|
| 1926 | 25 | — |
| 1939 | 45 | +4.63% |
| 1959 | 64 | +1.78% |
| 1970 | 86 | +2.72% |
| 1976 | 101 | +2.72% |
| 1991 | 130 | +1.70% |
| 2021 | 205 | +1.53% |
| Manba: | ||
Aholining 90 % i — oʻzbeklar, 5 % i — ruslar, 3 % i — qozoqlar, turkmanlar, koreyslar, 2 % i — olmonlar va yahudiylar.
Iqtisodi
Zavodlari: yem-xashak yigʻuvchi mashina, paxta tozalovchi, yogʻ-ekstraksiya, ekskavator taʼmirlovchi, shina taʼmirlovchi; pillakashlik, tikuv fabrikalari; qurilish materiallari ishlab chiqarish.
Iqlimi
| Urganch (1981–2010, 1948–hozirgacha) iqlimi | |||||||||||||
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Koʻrsatkich | Yan | Fev | Mart | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | |
| Oʻrtacha maksimal, °C | 2,3 | 5,5 | 12,9 | 22,1 | 28,7 | 34,3 | 35,6 | 33,7 | 27,7 | 20,0 | 11,2 | 4,4 | |
| Oʻrtacha minimal, °C | −5,7 | −4,2 | 1,6 | 8,9 | 14,5 | 19,2 | 21,0 | 18,3 | 11,9 | 5,3 | 0,2 | −4,1 | |
| Yogʻingarchilik meʼyori, mm | 11,7 | 13,2 | 18,5 | 13,9 | 11,6 | 4,0 | 1,4 | 2,1 | 1,8 | 4,6 | 10,4 | 11,9 | |
| Manba: Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati, Pogoda.ru.net Deutscher Wetterdienst (namlik) | |||||||||||||
Mashhur kishilar
- Anna German — polyak qoʻshiqchisi
- Viktor Kolodyajniy — rossiyalik amaldor
Adabiyotlar
- Pilyavskiy V. Urgench i Mizdaxkan. — M., 1947. („Sokroviщa zodchestva narodov SSSR“ seriyasi).
- Abulgʻozi y, Shajarai turk, T., 1991;
- Nurjanov K., Matnazarova G., Xorazm tarixi, 1—2 j., Urganch, 1995;
- Mamedov M. A., Muradov R. G., Srednevekovie pismennie istochniki o Drevnem Urgenche, Ashxabad, 2000.
- Xorazm viloyati
- Oʻzbekiston shaharlari
- Xorazm
- Xiva xonligi

