Kapital harajat yoki kapital sarf (qisqartmasi CAPEX, CapEx yoki capex) — bu tashkilot yoki korporativ subyekt tomonidan asosiy vositalarni sotib olish, ularni saqlash yoki yaxshilash uchun sarflanadigan mablagʻ. Bunga binolar, transport vositalari, uskunalar yoki yer kabi aktivlar kiradi.
Agar aktiv yangi sotib olingan boʻlsa yoki mavjud aktivning foydalanish muddatini uzaytirish uchun mablagʻ sarflansa (masalan, tomni taʼmirlash), bu kapital harajat hisoblanadi.
Kapital xarajatlar operatsion xarajatlardan farq qiladi, chunki operatsion xarajatlar aktivdan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan doimiy xarajatlar hisoblanadi. Operatsion xarajatlar tarkibiga elektr energiyasi yoki tozalash kabi xarajatlar kiradi.
Baʼzi harajatlarda kapital harajatlar va operatsion harajatlar oʻrtasidagi farq aniq boʻlmasligi mumkin. Masalan, avtoturargohni qayta asfaltlash savdo markazining odatiy ishlash jarayonining bir qismi sifatida ham qaralishi mumkin. Xuddi shuningdek, biznes uchun dasturiy ta’minot xarajatlari (yoki dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, yoki dasturiy taʼminotni xizmat sifatida litsenziyalash) kapital xarajat yoki operatsion xarajat sifatida tasniflanishi mumkin, yaʼni bu oddiy faoliyatmi yoki koʻp yillik daromad keltiruvchi investitsiyami degan savolga bogʻliq.
Bunday holatlarda asosiy mezon shundan iboratki, agar xarajatdan keladigan moliyaviy foyda joriy moliyaviy yildan keyingi davrlarga ham taalluqli boʻlsa, u kapital harajat sifatida qaraladi.
Qoʻllanilishi
Kapital harajatlar korxonaning asosiy vositalarini masalan mulk, ishlab chiqarish uskunalari va jihozlarni sotib olish yoki ularni modernizatsiya qilish uchun sarflanadigan mablagʻlardan iborat.
Koʻplab korxonalarda yirik kapital xarajatlar korporativ boshqaruv qoidalari yoki ichki nizomlarga koʻra, direktorlar kengashi tomonidan rasmiy tasdiqlanishini talab qiladi.
Buxgalteriya hisobida kapital xarajat aktiv hisobiga qoʻshiladi va shu orqali aktivning soliq boʻyicha tuzatilgan qiymati oshiriladi. Kapital xarajat odatda pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotda „Mulk, ishlab chiqarish va uskunalarga investitsiyalar“ yoki shunga oʻxshash band sifatida investitsion faoliyat boʻlimida aks ettiriladi.
Buxgalteriya qoidalari
Soliq maqsadlarida kapital xarajatlar — bu toʻlov amalga oshirilgan yoki yuzaga kelgan yilda chegirib tashlanishi mumkin boʻlmagan va majburiy ravishda kapitalizatsiya qilinishi kerak boʻlgan xarajatlardir. Umumiy qoida shundan iboratki, agar sotib olingan aktivning foydali xizmat muddati soliq yilidan koʻp boʻlsa, u holda xarajat kapitalizatsiya qilinadi.
Kapital xarajatlar keyinchalik aktivning foydalanish muddati davomida amortizatsiya qilinadi yoki eskirish orqali hisobdan chiqariladi. Bundan tashqari, kapital xarajatlar aktiv yoki mulkning bazasini oshiradi va bu tuzatilgan qiymat aktiv sotilgan yoki oʻtkazilgan taqdirda soliq majburiyatini aniqlashda muhim rol oʻynaydi.
AQShda Ichki daromad kodeksi 263 va 263A kapitalizatsiya talablari va istisnolarini keng tartibga soladi.
Kapital xarajatlarga quyidagi sarflar kiradi:
- asosiy va ayrim hollarda nomoddiy aktivlarni sotib olish
- mavjud aktivni uning foydalanish muddatini uzaytirish maqsadida taʼmirlash
- mavjud aktivni yaxshilash orqali uni yuqori sifatli holatga keltirish
- aktivni biznesda foydalanishga tayyorlash
- mulkni qayta tiklash yoki uni yangi maqsadga moslashtirish
- yangi biznesni boshlash yoki uni sotib olish
Buxgalteriyada doimiy muhim masalalardan biri — ayrim xarajatlarni kapitalizatsiya qilish yoki ularni darhol xarajat sifatida hisobga olish masalasidir. Maʼlum bir oyda xarajat sifatida tan olingan sarflar oʻsha davr moliyaviy hisobotida koʻrsatiladi. Kapitalizatsiya qilingan xarajatlar esa bir necha yil davomida amortizatsiya yoki eskirish orqali taqsimlanadi va balans hisobotida aks ettiriladi.
Baʼzi xarajatlar boʻyicha kompaniya ularni kapitalizatsiya qilish yoki xarajat sifatida hisobga olishni tanlashi mumkin. Agar tegishli boʻlsa, kapitalizatsiya qilingan foiz xarajatlari ham aktivning foydali muddati davomida taqsimlanadi. Baʼzi hollarda tashkilot yangi aktiv qurish uchun kredit liniyasidan foydalanishi mumkin va shu bilan bogʻliq foiz xarajatlarini kapitalizatsiya qilishi mumkin. Biroq, tashkilotlar faqat aktivni oʻzlari qurayotgan boʻlsa, foiz xarajatlarini kapitalizatsiya qilishlari mumkin; aktivni sotib olish yoki boshqa shaxsga qurdirish uchun olingan qarz boʻyicha foizlarni kapitalizatsiya qila olmaydi.
Kapital xarajatlarning qarama-qarshi tushunchasi operatsion xarajatlar hisoblanadi.
Yana qarang
- Operatsion xarajatlar
- Egalikning umumiy qiymati
- Shartnomalarni boshqarish dasturi
- Pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot
- Moliyaviy natijalar to'g'risidagi hisobot
- Balans hisobot
- Xarajatlar va kapital xarajatlar farqi
- Iqtisodiyot
- Xarajatlar
- Iqtisodiy atamalar