| Saida Mansurxoʻjayeva | |
|---|---|
| Tavalludi | 1979 Toshkent |
| Fuqaroligi | |
| Taʼlimi | Toshkent xoreografiya bilim yurti Toshkent davlat yuridik instituti |
| Kasbi | Raqqosa aktrisa |
| Mukofotlari | |
Saida Mansurxoʻjayeva Saidrasulovna (1979-yil, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – oʻzbek raqqosasi va aktrisasi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist. Oʻzbekiston xalq artisti.
Biografiyasi
Saida Mansurxoʻjayeva 1979-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent xoreografiya bilim yurti (xoreografiya boʻlimi) va yuridik institutini tamomlagan. 1994-yili hozirgi „Oʻzbekiston“ Davlat ashula va raqs ansamblida ish boshlagan. „Yalla“ ansambli bilan uzoq vaqt faoliyat olib borgan. Uning chiqishlari Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda boʻlib oʻtgan.
Kinodagi faoliyati
Saida Mansurxoʻjayeva ilk marta 16 yoshida reklama roligida suratga tushgan. Lekin ushbu loyihadagi ishtiroki muvaffaqiyatsiz chiqadi. Biroz vaqt oʻtib, 1996-yili rejissor Poʻlat Fayziyev Saidani „Margʻiyona“ filmiga bosh rol uchun taklif etadi. Kartinadagi roli unga muvaffaqiyat olib keladi. 1998-yilda Zulfiqor Musoqov suratga olgan „Kichkina tabib“ filmida Shahnoza rolini oʻynaydi. Saida Mansurxoʻjayeva 2006-yilda suratga olingan „Goʻzallik siri“ filmidagi rassom qiz rolini ijro etadi. Saidaning qahramoni Laylo mashhur dizayner va rassomga aylanib, Fransiyada oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmada qatnashadi va shuhrat qozonadi. Saida Mansurxoʻjayeva „Saida“ nomli professional raqs maktabi raisi. Oʻquvchilariga raqsga tushishni oʻrgatadi.
Filmografiyasi
Saida Mansurxoʻjayeva suratga tushgan filmlar xronologik tartibda keltirilgan.
| Yil | Film | Rol | Rejissor |
|---|---|---|---|
| 1996 | Margʻiyona | Margʻiyona | Poʻlat Fayziyev |
| 1998 | Kichkina tabib | Shahnoza | Zulfiqor Musoqov |
| 2006 | Goʻzallik siri | Laylo | Jamilaxon Poʻlatova |
| 2012 | Burch va muhabbat | Oltinoy | Ozod Shams |
| 2015 | Mehmonxona (serial) | Nargiza | Akram Isoqov |
| 2022 | Pari sovgʻasi | Gulchehra | Farhod Mahmudov |
Oilasi
Saida Mansurxoʻjayeva turmushga chiqqan, oilali. Otasi velosport boʻyicha sport ustasi, onasi filolog. Raqqosa va aktrisa Goʻzal Mansurxoʻjayeva uning opasi.
Saida Mansurxoʻjayeva 2014-yilda Samiya qizini dunyoga keltirgan.
Mukofotlari
- 2005-yil – „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ unvonini olgan;
- 2011-yil – „Oʻzbekiston“ ashula va raqs ansambli raqqosasi" Saida Mansurxoʻjayevaga „Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti“ unvoni berilgan.
- Oʻzbekiston xalq artistlari
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar
- 1979-yilda tugʻilganlar
- Oʻzbekistonlik aktrisalar
- Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi bitiruvchilari
- Oʻzbekistonlik baletmeysterlar
- Toshkentda tugʻilganlar
- Oʻzbekiston raqqosalari