
Kreml, Moskva kremli – Rossiya Federatsiyasining poytaxti Moskva shahrining eng qadimiy qismi, qalʼasi. Moskva daryosining chap qirgʻogʻida, Neglinvaya daryosi unga quyiladigan joydagi Borovitsk tepaligida kichik bir istehkom sifatida yuzaga kelgan (11–12-asrlar, 1,5 ga atrofida). Bu istehkom-qalʼa qadimda „gard“ yoki „grad Moskva“ deb atalgan, 14-asr dan Kreml nomini olgan. Bu yerda knyaz Yuriy Dolgorukiy buyrugʻi bilan 1156-yilda qurilgan „shahar“ – istehkom esa, avvalgi qalʼa hududidan 5—6 barobar kengroq maydonni tashkil etgan va yogʻoch devor bilan oʻralgan. Moʻgullar hujumi davrida (1237) Kreml vayron qilingan. Kremlning keyingi taraqqiyoti knyazlikning, keyinchalik esa, markazlashgan rus davlatining poytaxti boʻlgan Moskvaning rivoji bilan bogʻlanib ketgan. Devor va minoralari dubdan (1339—1340, maydoni 18 ga boʻlgan) va oq toshdan (1367, „oqtoshli Moskva“ deb ham atalgan), keyinchalik gʻishtdan qayta qurilgan (1485—1495, maydoni 27,5 ga). Hozirgi tarhi uchburchaksimon (maydoni taxminan 28 ga). Devorining uzunligi 2 km dan ortiq, qalinligi 3,5—6,5 m, balandligi 5–19 m dir.
Kremlda rus meʼmorligining noyob yodgorligi saqlanadi: Uspensk sobori (1475—1479), Blagoveshchyenek sobori (1484—89), Arxangelsk sobori (1505—08), Granitovaya palata (1487—91). „Buyuk Ivan“ qoʻngʻiroqxonasi (1505—1508, 1600-yil qayta qurilgan). Terem saroyi (1635—1636); Senat binosi (1776—1787, klassitsizm uslubida qurilgan, korinf orderi tizimidagi kolonnadalar bilan bezatilgan), Katta Kreml saroyi (1839—1849) va Qurol-aslaha (Orujeyvaya) palatasi (1844—1851; hozirgi muzey), Kreml majlislar saroyi (1959—1961) va boshqalar. Kreml devorlarida 20 minora bor. Bulardan 6 tasi darvozali. Spassk (unga Kreml kuranti oʻrnatilgan). Nikolsk, Arsenal, Troitsk, Borovitsk, Vodovzvod (Sviblov), Beklemishev (Moskvoretsk) minoralari oʻziga xosdir. Kreml ichida „Shoh zambaragi“ (16-asr, quyma metall) va „Shoh qoʻngʻirogʻi“ (18-asr) qoʻyilgan.
Kreml Moskva knyazlari (14-asr) va shohlar (16-asr oʻrtalaridan) qarorgohi, 18-asr boshlaridan imperatorlarning muvaqqat qarorgohi boʻlgan. 1918-yil martdan bu yerga Sovet hukumatining, 1991-yildan esa Rossiya Federatsiyasi prezidentining qarorgohi joylashgan.
Kremlda majmuaviy taʼmirlash ishlari olib borilgan (1970). Kreml va Qizil maydon Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
- Moskva
- Alfavit boʻyicha butun jahon yodgorliklari
- Davlat rahbarlarining rasmiy qarorgohlari
- Arxitekturaga oid chala maqolalar