Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

„Blinding Lights“ – kanadalik qoʻshiqchi va qoʻshiqlar muallifi The Weekndning After Hours (2020) nomli toʻrtinchi studiyaviy albomidagi qoʻshiq. Qoʻshiq 2019-y

Blinding Lights

Vikipediya, erkin ensiklopediya
„Blinding Lights“
The Weeknd singli
After Hours albomidan
Chiqarilgan sanasi 2019-yil 29-noyabr
Studiya
  • MXM (Los-Anjeles, California)
  • Jungle City (Nyu-York, Nyu-York)
Janr
  • sinti-pop
  • elektropop
  • new wave
  • sintiveyv
Davomiyligi 3:22
Leybl
  • XO
  • Republic
Qoʻshiq muallif(lar)i
  • Abel Tesfaye
  • Ahmad Balshe
  • Jason Quenneville
  • Max Martin
  • Oscar Holter
Prodyuser(lar)
  • Max Martin
  • Oscar Holter
  • The Weeknd
The Weeknd singllari xronologiyasi
„Heartless“
(2019)
„Blinding Lights“
(2019)
„After Hours“
(2020)
Klipi
"Blinding Lights" YouTubeda

„Blinding Lights“ – kanadalik qoʻshiqchi va qoʻshiqlar muallifi The Weekndning After Hours (2020) nomli toʻrtinchi studiyaviy albomidagi qoʻshiq. Qoʻshiq 2019-yil 29-noyabrda XO va Republic Records leyblari orqali albomning ikkinchi singli sifatida chiqarilgan. U sinti-pop, elektropop, new wave va sintiveyv janrlarida boʻlib, matnida sevgan insonning ahamiyati va uni tunda koʻrishga boʻlgan istak ifodalanadi. Qoʻshiq mualliflari The Weeknd, Max Martin, Oscar Holter, Belly va DaHeala boʻlib, prodyuserlikni dastlabki uch nafar shaxs bajargan.

„Blinding Lights“ qoʻshigʻi taqdim etilishi bilan musiqiy jurnalistlar tomonidan keng eʼtirof etildi – koʻplar uning estetikasi va 1980-yillarga xos musiqa uslubini alohida taʼkidladilar. Qoʻshiq tijoriy jihatdan katta muvaffaqiyatga erishdi, 40 dan ortiq mamlakatda, jumladan muallifning vatani Kanada chartlarida birinchi oʻrinni egallab, The Weekndning eng muvaffaqiyatli singliga aylandi. AQShda „Blinding Lights“ Billboard Hot 100 chartida (uzluksiz boʻlmagan) toʻrt hafta davomida birinchi oʻrinni egalladi va trek uning mamlakatda yetakchilik qilgan beshinchi qoʻshigʻiga aylandi. Qoʻshiq chart tarixida top-5 va top-10 talikda eng uzoq vaqt qolgan, shuningdek butun bir yil davomida top-10 talikda boʻlgan ilk qoʻshiq boʻldi. U qisqa vaqt ichida chart tarixidagi eng uzoq vaqt qolgan qoʻshiqqa aylanib, jami 90 hafta davomida chartda „umr koʻrgan“. 2021-yil 23-noyabrda u chart tarixidagi eng yaxshi natijaga ega qoʻshiq deb eʼlon qilindi.

Qoʻshiq AQShning Recording Industry Association of America (RIAA) tashkiloti tomonidan olmos sertifikatiga va Britaniyaning British Phonographic Industry (BPI) tashkiloti tomonidan yetti karra platinaga sazovor boʻlgan. International Federation of the Phonographic Industry (IFPI) maʼlumotlariga koʻra, qoʻshiq 2020-yilda dunyo boʻyicha eng koʻp sotilgan singl boʻlgan va 2020-yildan beri umumiy hisobda (strimli tinglash birligida) eng koʻp sotilgan qoʻshiq hisoblanadi. Spotify platformasida u barcha davrlarning eng koʻp tinglangan qoʻshigʻiga aylangan va toʻrt milliard strimga erishgan ilk qoʻshiq boʻlgan.

Qoʻshiqning musiqiy klipi Anton Tammi tomonidan rejissyorlik qilingan boʻlib, toʻrt kechada suratga olingan. Klip Fear and Loathing in Las Vegas, Joker va Casino filmlaridan ilhomlangan boʻlib, unda The Weeknd tungi shaharda mashina haydab ketayotgani, qoʻriqchilar tomonidan kaltaklanganidan keyin qochishga majbur boʻlgani tasvirlangan. „Blinding Lights“ qoʻshigʻi The Late Show with Stephen Colbert, Jimmy Kimmel Live!, Saturday Night Live kabi telekoʻrsatuvlarda, shuningdek, Super Bowl LV halftime shousidagi chiqishida va After Hours til Dawn Tour dasturida ijro etilgan. U bir nechta mukofotlar va nominatsiyalarga sazovor boʻlgan, jumladan, 2021-yilgi iHeartRadio Music Awards va Juno Awardsda „Yil qoʻshigʻi“ sifatida gʻolib chiqqan.

Tarixi va yaratilishi

2018-yil noyabr oyida The Weeknd konsert vaqtida oʻzining toʻrtinchi studiyaviy albomi ustida ishlayotganini eʼlon qildi va u dastlab „Chapter VI“ deb nomlandi.

Besh oy ijtimoiy tarmoqlardan tanaffus olganidan soʻng, qoʻshiqchi va bastakor 2019-yil 20-noyabrda Instagramga qaytib, 6 kundan soʻng, 2019-yil 26-noyabrda post joyladi. Avvalroq, 2019-yil iyun oyida Chapter VI deb nomlangan loyiha haqida eʼlon qiladi. 2019-yil 24-noyabrda Germaniyada Mercedes-Benz reklamasi ilk marta efirga uzatilib, unda „Blinding Lights“ qoʻshigʻidan qisqa parcha ishlatilingan edi. Reklamada The Weeknd Mercedes-Benz EQC SUV sini boshqarib, tizimdan yangi qoʻshigʻini ijro etishni soʻraydi. Reklamaning toʻliq versiyasi 29-noyabrda, singl bilan birgalikda taqdim etildi. Keyingi kunlarda, u ijtimoiy tarmoqlarda musiqaga qaytishini eʼlon qilib, „qaytish ertaga kechqurun boshlanadi“ va „Bugun kechqurun biz yangi, psixodelik va miyani portlatuvchi bobni boshlaymiz! Ketdik!“ deb yozib qoldiradi.

Variety jurnalisti Jem Aswad tomonidan oʻtkazilgan intervyuda, The Weeknd shvetsiyalik bastakor va prodyuser Max Martin bilan ishlash tajribasini shunday bayon qildi:

Max bilan biz haqiqatdan ham eng yaxshi do‘stlarga aylandik, lekin men buni ko‘p odamlar bilan qilmayman. Bu narsa do‘st bo'lishga qiynalishimdan emas, balki hamkorlik — bu munosabatdir, bu nikoh kabi deb hisoblaganim uchun, unga asta-sekin, bosqichma-bosqich yondashish kerak.

— Max and I have become literally the best of friends, but I don't do that with many people. It's not that I can't, but a collaboration is a relationship, it's like a marriage, you've gotta build up to it.

Billboard bilan boʻlgan intervyusida The Weeknd 1980-yillar musiqasiga boʻlgan munosabati haqida quyidagilarni aytgan:

Men doimo o‘zim tug‘ilganimdan oldingi davrga hurmat bilan qaraganman. Buni mening birinchi miksteypimdan ham sezish mumkin: 80-yillar — Siouxsie and the Banshees, Cocteau Twins — mening ijodimda juda katta rol o‘ynagan. Ba'zan bu menga yangi tovush yaratishga yordam beradi va bu hammaga ma'lum. Men dunyo buni qabul qilayotganidan xursandman.

— I've always had an admiration for the era before I was born. You can hear it as far back as my first mixtape that the '80s — Siouxsie and the Banshees, Cocteau Twins — play such a huge role in my sound. Sometimes it helps me create a new sound and sometimes it's just obvious. I'm just glad the world's into it now.

Vanity Fair bilan boʻlgan intervyusida esa The Weeknd qoʻshiq dastlab tijorat jihatdan muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin deb oʻylaganini aytgan.

Matni va kompozitsiyasi

Qoʻshiq davomida The Weeknd munosabatlarni qayta tiklash va oʻz juftining ahamiyati haqida kuylaydi. U, shuningdek, naqarotdan avvalgi qismda Las Vegas (Nevada shtati) shahrini „Gunohlar shahri“ degan laqabi bilan tilga oladi. Esquire jurnalida The Weeknd shunday izoh bergan:

"Blinding Lights", [bu] kechasi kimnidir ko‘rishni xohlashingiz, ichib olib, o‘sha odamga qarab yo‘l olishingiz va ko‘chadagi chiroqlardan ko‘zlaringiz qamashsa-da, juda yolg‘izligingiz sababli, hech narsa sizni o‘sha odamni ko‘rish uchun borishingizga to‘sqinlik qila olmasligi haqida. Men hech qachon mast holatda avtomobil haydashni targ‘ib qilmoqchi emasman-u, lekin bu qo‘shiqning qora mazmuni shunday.

— 'Blinding Lights' [is about] how you want to see someone at night, and you're intoxicated, and you're driving to this person and you're just blinded by streetlights, but nothing could stop you from trying to go see that person, because you're so lonely. I don't want to ever promote drunk driving, but that's what the dark undertone is.

Uning katta hajmdagi kupletlaridan tortib, keskinlikka boy naqarotigacha, qoʻshiq Max Martinning mashhur boʻlgan „melodik matematikasini“ namoyish etadi, deb yozadi Slatedan Chris Molanphy. Dorian strukturasi qoʻshiqqa tushkun va eyforik muhit beradi, ammo qoʻshiq kichik akkordda yakunlanadi. Faqat videoklipda qoʻshiqning daqiqasiga zarblari soni 3 yarim oʻlchovga kamaytirilib, Eb Dorianga oʻzgartiriladi.

Qoʻshiq janri odatda new wave, sinti-pop, sintveyv va elektropop deb taʼriflanadi. Audio muhandis Şerban Ghenea The Weekndning „Blinding Lights“ qoʻshigʻida ishlash yoqqanini aytdi: „Bu bugungi kunda dolzarb boʻlib tuyuladigan yangi narsalarni yaratish uchun ikki dunyoning kesishmasiga oʻxshardi. Kattalar buni oʻtmishga ishora sifatida yaxshi koʻrishsa, yoshlar esa ilgari bunday narsani eshitmagani uchun buni yangi narsa sifatida sevishadi“.

Tanqidiy qabul

"Blinding Lights" tanqidchilar tomonidan maqtovlarga sazovor boʻldi. U 2020-yilning ikkinchi eng yaxshi qoʻshigʻi deb Billboard tomonidan, yilning eng yaxshi qoʻshigʻi deb esa Consequence of Sound tomonidan tan olingan; birinchi nashr uning nostalgik taʼsirini, ikkinchisi esa uning „blokbaster riffi ustiga qurilgan melodik romantikasini“ maqtadi. Variety jurnali „Blinding Lights“ni yil yozuvi deb eʼlon qildi: "The Weekndning „Blinding Lights“ qoʻshigʻi 2020-yilning muhim qoʻshiqlaridan biri boʻlib, uning sintezatori toʻgʻridan-toʻgʻri 1985-yildan olingan. Ushbu yozuvda kuch va qiyinchiliklarni yengib oʻtish ramzlashtirilgan". „Blinding Lights“ Stereogum tomonidan 2019-yilning eng yaxshi qoʻshiqlaridan biri deb tan olingan, tahrirchi Chris DeVille qoʻshiqning 80-yillar estetikasi va atmosferasini maqtab, „80-yillar hech qachon oʻlmaydi – yoki, kamida, bizning umumiy tasavvurimizdagi glamurli neon 80-yillar“ deb aytgan.

Rolling Stone nashri muallifi Kory Grow “Blinding Lights” qoʻshigʻini 2020-yilning eng yaxshi to‘rtinchi qo‘shig‘i deb atadi: “Xira sintezator tovushlari va notekis zarblarga ega baraban liniyasi bilan ‘Blinding Lights’ Duran Duran uslubidagi eng yaxshi new wave qo‘shig‘i hisoblanadi. Atigi uch daqiqa ichida The Weeknd saksoninchi yillardagi pop qo‘shiqlarga xos bo‘lgan ko‘plab belgilarni murojaat qiladi — javobsiz qo‘ng‘iroqlar, hech bo‘lmaganda nimanidir his qilish uchun tez haydash, yolg‘izlikni ifodalovchi chiroqlar. Ammo haqiqiy sehr — uning ovozi va qo‘shiqdagi jarangdor klavishlar ohanglari xotirangda uzoq vaqt saqlanib qolishidir. Ayniqsa, u saksoninchi yillarning eng klassik va ko‘p ishlatilgan iborasiga — 'I can't sleep until I feel your touch,' ('Men sening teginishingni his qilmaguncha uxlolmayman') ga yangi hayot bag‘ishlaganida". Muharrir Jon Dolan esa “Blinding Lights” qo‘shig‘ining “Yevropa uslubidagi sinti-pop ruhida ishlangan” prodakshnini yuqori baholagan. Qo‘shiq yolg‘izlikni aks ettiruvchi yorqin ohanglari bilan Depeche Mode va The Human League guruhlarini esga soladi. Evening Standard nashridan David Smyth ham ushbu qo‘shiqni maqtadi va uni “saksoninchi yillardagi sinti-pop uslubining kuchli portlashi” deb atadi. The Ringer nashridan Micah Peters esa uni albomdagi eng yaxshi qo‘shiqlardan biri sifatida tanladi. The New York Times jurnalisti Lindsay Zoladz “Blinding Lights”ni 2020-yilning eng yaxshi qo‘shiqlaridan biri deb atadi: “Bu qo‘shiq saksoninchi yillarning uslubini zamonaviy tus bilan jonlantirgan asardir. Yil davomida juda ko‘p eshitib yuborilgan pop qo‘shiq bo‘lishiga qaramay, uni milliard marta eshitsang ham zerikmaydigan musiqalardan biri bo‘lishi quvonarlidir”. Muharrir Jon Caramanica qo‘shimcha qiladiki, “‘Blinding Lights’ — bu nafaqat ideal kelajakni tasvirlaydigan, balki mega-popning oltin davrini esga soladigan ajoyib qo‘shiqdir. U 1986-yildagi Jazzercise mashg‘ulotlari yozuvidan topilgandek tuyuladi, ammo uning sintezator ohanglarida biroz sirli va xavfli tus bor. Bu esa The Weekndning dastlabki noir (qorong'i, sirli va romatik) uslubining bardoshliligi haqida ko‘p narsani anglatadi — u o‘z ifodasidagi beparvo, biroz yaramas va o‘ziga xos estetik tamoyillarga to‘liq sodiq qolgan. Shuning uchun ham ‘Blinding Lights’ kabi juda keng tarqalgan, ommaviy madaniyatning markazigacha kirib borgan qo‘shiq hm uning bu o‘ziga xosligini unutishga, yo‘q qilishga qodir emas”.

The Guardian gazetasidan Ben Beaumont-Thomas “Blinding Lights”ni 2020-yilning eng yaxshi qo‘shiqlaridan biri deb atadi: “Bu — orqa fondagi daho Max Martin tomonidan yaratilgan ulkan pop-prodyuserlik asari bo‘lib, u o‘zining skandinav hamkasbi A-ha guruhini jonli va ritmik baraban tovushlari ila ehtirom bilan eslaydi. Abel Tesfaye esa o‘zining qo‘shiqlaridagi oshiqlaridan oshiqlariga osonlikcha suzib yurganidek kabi, janrlar orasida ham bemalol suzib yurishini ko‘rsatib, yana bir to‘y diskosi klassikasini yaratdi”. BBC News jurnalisti Nik Levin The Weekndning 80-yillarga bo‘lgan hurmatini ta’riflab, “Blinding Lights”ni 2020-yilning eng yaxshi qo‘shiqlaridan biri deb atadi: “Bu qo‘shiq shved qo'shiqlar dahosi Max Martin bilan birgalikda yozilgan va ishlab chiqilgan bo‘lib, sinti-pop musiqasining porloq tovushlari bir vaqtning o‘zida nafaqat retro, balki zamonaviy tuyg‘u uyg‘otadi — bunday uslubni yaratish oson emas. Shu bilan birga, uning uzoq davom etayotgan mashhurligining siri noaniqlikda bo‘lishi mumkin. ‘Blinding Lights’ning portlovchi naqaroti yilning eng taniqli va ruhlantiruvchi qismidir, ammo uning ichida biroz sirli, tushunarsiz narsa borligi qo‘shiqni yanada qiziqarli qiladi”. Los Angeles Times muharriri Makael Wood “Blinding Lights”ni 2020-yilning eng yaxshi qo‘shiqlaridan biri deb atadi: “The Weekndning o'tgan davrlarni eslatuvchi sinti-pop hiti bu yil shunchalik keng tarqalgan ediki, hatto hech qayerga bormayotgan paytingizda ham uni eshitmaslikning iloji yo‘q edi. Uning, tez zeriktirib qo'ymaslikka olib kelgan jihatlaridan biri esa — kutganingizdan biroz tezroq, tiniq va aniq tempda bo‘lishidir”.

Yil yakunlariga bag‘ishlangan, va boshqa reytinglar

Nashr Reyting O‘rin Man.
BBC News The 7 Best Songs of 2020 O‘rin olgan
Billboard The 100 Best Songs of 2020 2
The 30 Best Pop Songs of 2020 O‘rin olgan
The Top Songs of All Time 1
Consequence of Sound The Top 50 Songs of 2020 1
Entertainment.ie The 10 Best Songs of 2020 7
Gaffa The 20 Best Songs of 2020 1
The Guardian The 20 Best Songs of 2020 6
The Houston Press The Top 20 Songs of 2020 3
Los Angeles Times The 50 Best Songs of 2020 O‘rin olgan
The New York Times Lindsay Zoladz's Best Songs of 2020 7
Pitchfork The 100 Best Songs of 2020 23
Rolling Stone The 50 Best Songs of 2020 4
Spin The 30 Best Songs of 2020 6
Uproxx The 50 Best Songs of 2020 37
Music Critics Poll: The Best Songs of The Year 3
USA Today The 10 Best Songs of 2020 5

Grammy mukofoti bilan bogʻliq bahslar

2020-yilda “Blinding Lights” qo‘shig‘i hamda u tegishli albomning tanqidiy va tijoriy muvaffaqiyatiga qaramay, The Weeknd 2020-yil 24-noyabr kuni e’lon qilingan 63-Grammy mukofoti uchun birorta ham nominatsiyaga ega bo‘lmadi. Bu holat jamoatchilikda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi va tanqidchilar, muxlislar hamda Tesfayening o‘zini hayratda qoldirdi. U ushbu qarorga javoban ijtimoiy tarmoqlarda Grammy mukoforini “korrupsiyalashgan” deb atagan postlari bilan munosabat bildirdi. The Weekndning yaqinlashib kelayotgan Super Bowl tanaffus shousi vaqtida chiqish qilishi haqidagi e’lon hamda uni pop yo‘nalishidami yoki R&B yo‘nalishidagi nominatsiyalarga nomzod qilish kerakligi borasidagi chalkashliklar, uning nomzod qilib taqdim etilmasligiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan taxminlar paydo bo‘ldi. Recording Academyning vaqtincha prezidenti Harvey Mason Jr. tanqidlarga javoban quyidagicha bayonot berdi:

The Weeknd nomzodlar safiga kiritilmagani uchun ko‘ngli qolganini tushunamiz. Men ham bu holatdan hayratda qoldim va unga hamdardman. Uning joriy yildagi ishlari a’lo darajada edi va u musiqa sohasi hamda undan tashqariga ham munosib hissa qo‘shdi — bu esa hammamizning e’tirofimizga loyiq. Uni Super Bowlda sahnaga chiqishini eshitganimizda juda xursand bo‘ldik va Grammy marosimidan bir hafta avval bizning sahnamizda ham chiqishini juda istardik. Afsuski, har yili nominatsiyalar uchun nomzodlar soni munosib san’atkorlar soniga nisbatan kamroq bo‘ladi. Biroq, soha vakillari tomonidan ovoz beriladigan yagona musiqa mukofoti sifatida, biz musiqadagi yuksak mahoratni tan olish va nishonlashda davom etamiz, shu bilan birga global musiqiy hamjamiyatimizni tashkil qiluvchi ajoyib san’atkorlarni yoritishda davom etamiz. Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, barcha toifalar bo‘yicha ovoz berish jarayoni The Weekndning Super Bowldagi chiqishi e’lon qilinishidan ancha oldin yakunlangan. Shuning uchun bu holat nominatsiya jarayoniga mutlaqo ta’sir qilmagan. Grammy mukofoti nomzodlari ovoz beruvchi a’zolar tomonidan, san’atdagi yuksakliklari uchun tan olinadi va biz ularning barchasini tabriklaymiz.

2021-yil yanvar oyida The Weeknd bu mojaroga munosabat bildirib, nominatsiyalarga kiritilmasligini “o'ziga nisbatan hujum” deb atadi va quyidagicha izoh berdi: “Qarang, shaxsan o‘zim endi bu narsalarga unchalik e’tibor bermayman. Menda uchta GRAMMY mukofoti bor, lekin hozir ular men uchun mutlaqo hech narsani anglatmaydi. Gap mukofot olish istagida emas — bu shunchaki ro‘y berdi va men tanqid ostida turishga tayyorman, faqat bu holat boshqa hech qachon takrorlanmasin. Baribir men nutq so‘zlashni yaxshi bilmayman. Mukofot marosimlarini-ku, unutaveraylik”.

Yuqori