- Vikipediyada ismi Azimboy va familiyasi Saʼdullayev boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Azimboy Saʼdullayev | |
|---|---|
![]() | |
| Tavalludi | 9-yanvar 1947-yil Shovot tumani, Xorazm viloyati, Oʻzbekiston SSR |
| Vafoti | 28-may 2025-yil (78 yoshda) Toshkent, Oʻzbekiston |
| Fuqaroligi | |
| Kasbi | matematik olim |
| Sohasi | matematika |
| Ish joylari | Oʻzbekiston Milliy universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika instituti |
| Taʼlimi | Moskva davlat universiteti |
| Ilmiy darajasi | fizika-matematika fanlari doktori |
| Ilmiy unvoni | akademik |
| Mukofotlari | |
Azimboy Saʼdullayevich Saʼdullayev (1947-yil 9-yanvar, Shovot tumani, Xorazm viloyati, Oʻzbekiston SSR – 2025-yil 28-may, Toshkent, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik matematik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1995), fizika-matematika fanlari doktori (1982), professor (1985).
Tarjimayi holi
Azimboy Saʼdullayev 1947-yil 9-yanvarda Shovot tumanida ishchi va dehqon oilasida tugʻilgan. 1952—1963-yillarda Shovot tumanidagi oʻrta maktabni tamomgan. 1963—1966-yillarda Toshkent davlat universitetining mexanika-matematika fakultetida oʻqigan. 1966-yilda Azimboy Saʼdullayev oʻqishini Moskva davlat universitetining mexanika-matematika fakultetiga koʻchirgan. Oʻqishini u yerga koʻchirishni akademiklar T. A. Sarimsoqov va S. H. Sirojiddinovlar maslahat berishgan. 1969-yilda Moskva davlat universitetini tamomlagan, 1969—1972-yillarda Moskva davlat universitetining aspiranturasida tahsil olgan.
1972—1978-yillarda Toshkent davlat universiteti matematik analiz kafedrasining katta oʻqituvchisi, dotsent, 1978—1983-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutining katta ilmiy xodimi, 1983—1992-yillarda matematik analiz kafedrasining mudiri, 1985—1992-yillarda matematika fakultetining dekani boʻlib ishlagan.
1992-yilda Azimboy Saʼdullayev Urganch davlat pedagogika instituti rektori etib tayinlangan. Ushbu vazifada 2007-yilgacha ishlagan. Aynan uning harakati bilan institut univeristet maqomini oladi. 1997—2007-yillarda Xorazm Maʼmun akademiyasi rais sifatida faoliyat olib borgan. 2007—2012-yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetida matematik analiz kafedrasi mudiri, 2012—2017-yillarda matematik analiz kafedrasi professori hamda Matematika institutining bosh ilmiy xodimi boʻlib ishlagan. 2017—2025-yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetida matematik analiz kafedrasi mudiri boʻlgan. Azimboy Saʼdullayev 2025-yil 28-may kuni 78 yoshida vafot etgan.
Azimboy Saʼdullayev Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1994-yilda I chaqiriq, 1999-yilda esa Xorazm viloyati 206-Ichan qaʼla okrugidan II chaqiriqdeputati (1994—1999, 1999—2004) etib saylangan. 2004—2009-yillarda xalq deputatlar Xorazm viloyati kengashi deputati boʻlgan.
Ilmiy faoliyati
Azimboy Saʼdullayev 1972-yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun „Kanonik ko‘paytma va analitik to‘plamlar“ (ruscha: „Каноническое произведение и аналитические множества“, 1982-yilda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun „Kompleks potensial nazariyasi va uning qo‘llanilishi“ (ruscha: „Комплексная теория потенциала и её применения“) mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qilgan. 1989-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi boʻlgan, 1995-yilda esa akademiyaning akademigi etib saylangan.
ning ilmiy faoliyati matematika fanidagi „Koʻp kompleksli oʻzgaruvchili funksiyalar nazariyasi“ va „Kompleks potensiallar nazariyasi“ga oid boʻlgan. Azimboy Saʼdullayevning amerikalik olimlar bilan birga kompleks potensiallar nazariyasi asosini yaratishgan. Bu nazariyani amaliyotda qoʻllab, bir necha yirik ilmiy muammolarni yechgan.
Fundamental ishlarining bir qanchasi chet ellarda nashr qilingan, darslik va monografiyalarida chop etilgan. Azimboy Saʼdullayev 15 ta monografiya va 6 ta darsliklar, 200 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi. Azimboy Saʼdullayev AQSh, Fransiya, Turkiya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga davlat va ilmiy delegatsiyalar tarkibida borgan.
Mukofotlari
1990-yilda Oʻzbekiston Faxriy yorligʻi, 2000-yilda „Oʻzbekiston belgisi“ koʻkrak nishoni, 2020-yilda esa Mehnat shuhrati ordeni bilan mukofotlangan.
Adabiyotlar
- Oliy matematika asoslari, T., 1998; Matematik analizdan misol va masalalar toʻplami, T., 2000.
- 9-yanvarda tugʻilganlar
- 1947-yilda tugʻilganlar
- Shovot tumanida tugʻilganlar
- 28-mayda vafot etganlar
- 2025-yilda vafot etganlar
- Toshkentda vafot etganlar
- Mehnat shuhrati ordeni sohiblari
- Oʻzbekiston belgisi nishoni sohiblari
- Oʻzbekiston matematiklari
- Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlari rektorlari
- Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari
- Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻqituvchilari
