Eskimos tili — paleoosiyo tillarining eskimosaleut guruhiga mansub til; Rossiya Federatsiyasida Chukot muxtor okrugida va Magadan viloyatining janubi-sharqida, AQShda Alyaska yarim oroli va unga yaqin orollarda, Kanada va Grenlandiyaning shim. hududlarida tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 115 ming (AQShda — 38 ming, Kanadada — 28 ming, Grenlandiyada — 47 ming, Rossiya Federatsiyasida — 1,5 ming) kishidan iborat. Eskimos tili Grenlandiyada orol muxtoriyatining tili, qolgan mamlakatlarda esa oddiy soʻzlashuv tili hisoblanadi. Bir qancha belgilariga qoʻra oʻz qarindoshi — aleut tilidan keskin farq qiladi. Umuman Eskimos tilida 2 ta — yuit va inuit lahjalari, Rossiya Federatsiyasidagi Eskimos tilida 3 ta — chaplin, naukan, sirenik lahjalari ajratiladi. Koʻp asrlar mobaynida eskimoslarning maʼlum hududlar doirasidagina ajralib yashashi tufayli Eskimos tilining bir qator lahjalari mustaqil til belgilariga ega boʻlgan.
Eskimos yozuvi birinchi marta Grenlandiyada XIX asr oʻrtalarida (lotin grafikasi asosida), Rossiya Federatsiyasida XX asrning 30-yillarida (1932—37 yillarda lotin grafikasi, 1937-yildan rus grafikasi asosida), AQSH va Kanadada XX asrning 70-yillarida (lotin grafikasi asosida) shakllangan.
- Tillar
- Tillar haqidagi chala maqolalar