Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Tish toshi — tishlar sirtidagi sargʻish yoki kulrang (chekuvchilarda jigarrang, hatto qoramtir) qatlam. Milk ustida va milk ostida, tish boʻynida hosil boʻlib,

Tish toshi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Tish toshi — tishlar sirtidagi sargʻish yoki kulrang (chekuvchilarda jigarrang, hatto qoramtir) qatlam. Milk ustida va milk ostida, tish boʻynida hosil boʻlib, tish koronkasi ildizini, ayniqsa, tish ovqat chaynashda ishtirok etmasa (tish kovak boʻlsa) hamda tish toʻgʻri parvarish qilinmasa, tishning butun yuzasini qoplab olishi mumkin. Tish toshi toʻsatdan paydo boʻlmaydi. Dastlab tishda oqimtir qarashlar koʻzga tashlanadi, ular koʻchgan epiteliy, ovqat qoldiqlari, bakteriya va shilliq moddalardan tashkil topadi, tishni toʻgʻri tozalab yuvganda yoki qattiqroq ovqat chaynaganda osonlik bilan koʻchib tushishi mumkin. Tish toshi tishning ichki yuzasini qoplab emal qismiga singib ketadi, uni koʻchirish ancha qiyin. Baʼzan bolalar va oʻsmirlar tishi boʻynida koʻkimtir qatlam (hoshiya) paydo boʻladi. U tish emaliga birikib ketganligi uchun koʻchirib olish juda qiyin, bunga, asosan, tish emaliga mikroorganizmlar kirishi sabab boʻladi. Tishdagi yumshoq qarashlar oʻz vaqtida davolanmasa, unga ohak tuzlari oʻtirib, Tish toshiga aylanadi. Tish toshi asta-sekin milkni ezib qoʻyadi; bunda milk qonaydi, qichishadi, ogʻizdan qoʻlansa hid keladi, yiring ajralib, milk shilliq pardasining yalligʻlanishi (gingivit)ga, shuningdek, parodontozga sabab boʻlishi mumkin.

Tish toshi tish toʻqimalariga zararli taʼsir etmaydi. Uni faqat vrach olib tashlaydi (maxsus asbob yoki ultratovush apparati yordamida).

Tish toshi paydo boʻlishining oldini olish uchun ovqatni normal chaynash (hamma tishlar bilan), suvi qochgan non, suxarik, sabzi, olma yeb turish, kasal tishlarni davolatish; yoʻq tishlar oʻrnini toʻldirish (yasama tishlar bilan), yalligʻlangan milkni davolatish lozim. Ovqatdan soʻng ogʻizni chayqash, vaqt vaqti bilan stomatolog vrach koʻrigidan oʻtib turish lozim.




Yuqori