- Vikipediyada ismi Ravshan va familiyasi Irmatov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Ravshan Sayfiddinovich Irmatov | |
|---|---|
| Равшан Сайфиддинович Ирматов | |
![]() | |
| Tavalludi | 1977-yil 9-avgust |
| Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
| Otasi | Sayfiddin Irmatov |
| Mukofotlari | |
Ravshan Sayfiddinovich Irmatov — oʻzbekistonlik futbolchi va professional futbol hakami.
2000-yildan 2019-yilgacha Oʻzbekiston futbol ligasi tizimida va 2003-yildan 2019-yilgacha xalqaro miqyosda ishlagan.
Futbol boʻyicha jahon kubogining oʻyinlarini 11 marta boshqargan.
2019-yildan buyon Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari.
Hayoti
Bolaligi va futbol
Ravshan Irmatov 1977-yil 9-avgust kuni Toshkent viloyati Gʻazalkent shahrida tavallud topgan.
7 yoshidan futbol maktabiga borgan, keyinchalik Toshkent viloyatining „Gʻazalkent“ futbol klubida toʻp tepgan. Ogʻir jarohat tufayli futbolchilik faoliyatiga yakun yasagan.
Hakamlik faoliyati
1996-yildan Oʻzbekiston Birinchi ligasi, 2000-yildan Oʻzbekiston Oliy Ligasi oʻyinlarida hakamlik qilgan. 2016-yilgi Qozogʻiston Superkubogi, 2013—2014-yilgi Hindiston Superligasini boshqargan.
2003-yilda FIFA tomonidan xalqaro hakamlikka tayinlangan.
Osiyo chempionlar ligasining 2006—2007-yilgi mavsumida Urawa Reds — Sepahan, 2010—2011-yilgi mavsumida Jeonbuk Hyundai Motors — Al‑Sadd, 2012—2013-yilgi mavsumida Seoul — Guangzhou Evergrande, 2014—2015-yilgi mavsumida Guangzhou Evergrande — Al‑Ahli, 2016—2017-yilgi mavsumda Urawa Reds — Al‑Hilal SFC klublari oʻrtasidagi oʻyinlarni boshqardi.
Kanadada oʻtkazilgan 2007-yilgi U-20 jahon chempionatida Gambiya — Meksika hamda Chili — Kongo oʻyinlarni boshqargan. 2008-yilgi Klublararo jahon chempionatida ishlagan va ushbu musobaqa finalini ham boshqargan. 2012-yilgi Klublar oʻrtasidagi jahon chempionatida Santos — Barcelona oʻyinida ishlagan.
2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasida boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha 2010-yilgi jahon chempionatida Janubiy Afrika Respublikasi va Meksika jamoalari ochilish oʻyinida hakamlik qildi. Butun musobaqa davomida Angliya — Jazoir, Argentina — Gretsiya, chorak finalda Argentina — Olmoniya, yarim finalda Niderlandiya — Urugvay oʻyinlarini boshqardi.
2011-yilgi Osiyo chempionlar ligasi finalini boshqargan.
2012-yilgi Londondagi Olimpiya oʻyinlarida 3 ta oʻyin, shu jumladan 3-oʻrin uchun bahsni boshqargan.
2013-yilgi FIFA Konfederatsiyalar kubogida Italiya — Braziliya oʻyinini boshqargan va xato penalti belgilagan.
2014-yilgi jahon chempionatining 4ta oʻyinida ishlagan.
2018-yilda Ravshan Irmatov Rossiyada boʻlib oʻtgan jahon chempionati guruh bosqichining ikkita oʻyinida ishladi: Argentina — Xorvatiya va Ispaniya — Marokash. Qolgan oʻyinlarda yordamchisi Abduhamidullo Rasulovning jarohati tufayli ishlay olmadi.
Boshqaruvdagi faoliyati
2019-yil 15-iyunda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy etildi va Ravshan Irmatov ushbu lavozimga tayinlandi.
2020-yil 8-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi va 2022-yil 18-dekabrgacha ushbu lavozimda ishladi.
2023-yilda Irmatov Osiyo Futbol Konfederatsiyasi ijroiya qoʻmitasining markaziy zona vakili etib saylangan.
2021-yil 12-apreldan 2024-yil 24-noyabrgacha Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari boʻlgan.
2025-yil 12-oktyabr kuni FIFA Kengashining qaroriga koʻra, 2025–2029-yillar uchun futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari etib saylangan.
Mukofotlari
Ravshan Irmatov 2008, 2009, 2010 va 2011-yillarda „Osiyoning eng yaxshi hakami“ deb baholangan. Bu nominatsiyada ketma-ket toʻrt marotaba gʻolib boʻlgan qitʼadagi yagona futbol hakamidir.
Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi tomonidan 2011-yilda jahonning eng yaxshi hakami deb eʼtirof etilgan.
2010-yilda Oʻzbekiston iftixori unvoni berildi.
2014-yil 25-iyunda El-yurt hurmati ordeni bilan taqdirlandi.
2018-yilda Buyuk xizmatlari uchun ordeni berildi.
Guinness rekordlar kitobiga „Jahon chempionatlarini eng koʻp boshqargan hakam“ sifatida kiritilgan.
2025-yil 6-iyunda Fidokorona xizmatlari uchun ordeni bilan taqdirlangan.
- 9-avgustda tugʻilganlar
- 1977-yilda tugʻilganlar
- Toshkentda tugʻilganlar
- „Oʻzbekiston iftixori“ unvoni bilan taqdirlanganlar
- Buyuk xizmatlari uchun ordeni sohiblari
- El-yurt hurmati ordeni sohiblari
- Fidokorona xizmatlari uchun ordeni sohiblari
- FIFA Jahon chempionati 2018 hakamlari
- Yashayotgan insonlar
- Futbol hakamlari
- Toshkentlik futbolchilar
- Oʻzbekistonlik futbol hakamlari
- Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bitiruvchilari
- FIFA Jahon chempionati 2010 hakamlari
- FIFA Jahon chempionati 2014 hakamlari
- Olimpiada oʻyinlari futbol hakamlari
- Yozgi Olimpiada oʻyinlari 2012 futbol hakamlari
- CONCACAF Chempionlar Kubogi hakamlari
- AFC Osiyo kubogi hakamlari
