- Vikipediyada ismi Safar va familiyasi Olloyorov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Safar Olloyor | |
|---|---|
| Tavalludi | 1969-yil 25-aprel Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqrabot qishlogʻi |
| Fuqaroligi | |
| Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti |
| Kasbi | shoir, jurnalist, tarjimon |
| Bolalari | Moʻtabar Xushvaqtova |
Ollayorov Safar Xushvaqtovich (1969-yil; Qashqadaryo viloyati) — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, jurnalist va tarjimon.
Hayoti
Safar Olloyor 1969-yil 25-aprelda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqrabot qishlogʻida tugʻilgan. Umumiy oʻrta taʼlimni shu tumanda joylashgan 7-maktabda olgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakultetini tamomlagan (1996).
Faoliyati
Mehnat faoliyatini Dehqonobod tuman gazetasida adabiy xodim sifatida boshlagan. Soʻng Oʻzbekiston radiosida muharrirlikdan katta muharrir vazifasiga koʻtarilgan. Keyinchalik, Oʻzbekiston televideniyesida muharrir, katta muharrir hamda boʻlim boshligʻi lavozimlarida ish olib borgan. Faoliyatini „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ va „Adolat“ gazetasi tahririyatlarida (2001—2004) nazm va nasr boʻlimi mudiri; „Tafakkur“ jurnali tahririyatida (2004—2005) maʼnaviy-maʼrifiy boʻlim mudiri sifatida davom ettirgan. „Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining axborotnomasi – Biulleten Verxovnogo suda Respubliki Uzbekistan“ huquqiy, ilmiy-amaliy jurnali va „Kuch — adolatda“ huquqiy gazetasi birlashgan tahririyatida bosh muharrir oʻrinbosari hamda boʻlim muharriri boʻlib ish yuritgan.
1996-yilda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining aʼzosi sifatida qayd etilgan. 1997-yilda „Yilning eng yaxshi jurnalisti“ tanlovi sovrindoriga aylangan. Ijodkor 1990-yildan sheʼr va maqolalari bilan Respublika vaqtli matbuotida doimiy ishtirok etib kelgan. 1998-yil 22-iyundan esa Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. 2001-yilda „Istiqlol tongi“ tanlovining yoshlar nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan.
Safar Olloyor 2 bosqichli „Kurash“ kompyuter oʻyini va mobil ilovasini yaratgan.
Ijodi
Asarlari
Safar Olloyorning „Ishq yoʻli“ (1996-yil Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida), „Umid oʻzani“ (1996-yil „Nasaf“ nashriyotida), „Nafis idrok“(2000-yil „Yangi asr avlodi“ nashriyotida), „Omad koʻzi“ (2007-yil A. Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida) singari sheʼriy toʻplamlari hamda „Koʻzgusiz goʻzal“ — „Tanlangan asarlar“ toʻplamining 1-jildi (2020-yil „Tafakkur“ nashriyotida) chop etilgan.
„Muhojir“ va „Armon izi“ balladalari; „Chaqmoqtosh“ poemasi; „Tiyrak tilsim“, „Bezavol olmos“, „Xaritadagi osmon“, „Inson“ dostonlarini keng ommaga taqdim qilgan. 2022-yil 14-dekabrda „Qalb saltanati“ („Tafakkur“ nashriyoti, 2022-yil) nomli tanlangan asarlar toʻplamining 2-jildi taqdimoti boʻlib oʻtgan.
Ijodiy kashfiyoti
Safar Olloyor nafaqat oʻzbek, balki jahon adabiyotida yangicha janr — zarbuldostonga asos solgan. Uning qalamiga mansub ushbu janrdagi ilk asar — „Odam va Omad“ zarbuldostoni 2018-yil 25-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnoma bilan tasqidlangan. Qayd etilishicha, asar 28 yil mobaynida (1990—2018) bitilgan. Zarbuldoston 8 ta („Saxovat savobi“, „Muhojirlik — muhtojlik“, „Nomsiz Armon“, „Serreja rejissyor“, „Tilsiz tilsim“, „Ermak ertak“, „Odam“ va „Hayqiriq“) mustaqil dostondan tarkib topgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, shoir ikkinchi zabuldostonini ommaga taqdim etdi. „Tabiat va Oqibat“ nomli ushbu asar 1992—2020-yillar mobaynida yozilgan boʻlib, 8 mustaqil dostonni oʻz tarkibiga olgan.
Safar Olloyor, shuningdek, badiiy adabiyotda yana bir yangi janr — „Qoʻshsatr“ asoschisidir. Shoirning ijodiy kashfiyoti „Safar Olloyor bandi“ deb nomlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash toʻgʻrisida 002288-raqamli guvohnoma bilan tasdiqlangan.
Tarjimalari
Safar Olloyor tarjimon sifatida jahon adabiyoti namoyondalari Franchesko Petrarka, Iogann Volfgang Gyote, Jon Kits sheʼrlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Bundan tashqari, senegal sheʼriyatidan David Diop, Semben Usmon, Malik Fal, Lamin Diakate va nepal sheʼriyatidan Bxuni Sherchan, Lekxnatx Paudyalay, Lakshmiprasad Devkota, Madxavprasad Gximire, Bxavani Bxikchu sheʼlarini tarjima qilgan.
Safar Olloyor ijodi namunalari rus, ingliz, qozoq, hind, turk, turkman va boshqa chet tillarga tarjima qilingan.
- 25-aprelda tugʻilganlar
- 1969-yilda tugʻilganlar
- Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari
- Oʻzbekistonlik shoirlar
- Oʻzbekistonlik yozuvchilar
- Oʻzbekistonlik jurnalistlar
- Dehqonobod tumanida tugʻilganlar
- Oʻzbekiston Milliy universiteti bitiruvchilari
- Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzolari