Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Zakarpatye viloyati — Ukraina tarkibidagi viloyat. 1946-yil 22-yanvarda (Zakarpatye Ukrainasi Ukrainaga qoʻshilgandan soʻng) tashkil etilgan. Maydoni 12,8 ming

Zakarpatye viloyati

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Zakarpatye viloyati — Ukraina tarkibidagi viloyat. 1946-yil 22-yanvarda (Zakarpatye Ukrainasi Ukrainaga qoʻshilgandan soʻng) tashkil etilgan. Maydoni 12,8 ming km2. Aholisi 1288,6 ming kishi (1997), asosan ukrainlar, shuningdek, venger, rus, rumin, slovaklar ham yashaydi. Markazi — Ujgorod shahri. Zakarpatye viloyati Sharqiy Karpat togʻlarida va Oʻrta Dunay tekisligida joylashgan. Viloyat hududining 80% togʻ (eng baland joyi Goverla togʻi, 2061 m). Foydali qazilmalariga tosh-tuz, qurilish materiallari, qoʻngʻir koʻmir, temir va simob rudalari. Iqlimi moʼtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi pasttekislikda −2°, −3°, togʻlarda — 5°, −9°, iyulniki pasttekislikda 19°-20°, toglarda 6°. Yiliga pasttekislikda 600 — 700 mm, toglarda 1000-1400 mm yogʻin yogʻadi. Vegetatsiya davri 90-230 kun. Asosiy daryosi Tisa. Mineral buloqlar bor. Tuproqlari pasttekisliklarda chimli va allyuvial, togʻ etaklarida qoʻngʻirpodzol, togʻlarda qoʻngʻir togʻoʻrmon, chimli qoʻngʻir va chimli togʻoʻtloqi hamda torfsimon tuproqlar. Viloyat hududining 50%i oʻrmon, asosan, qoraqayin, qoraqaragʻay, eman, oq qaragʻay, grab usadi. Oʻrmonlarda oʻrmon mushugi, silovsin, boʻri, tulki, qoʻngʻir ayiq, yovvoyi toʻngʻiz, yevropa yeligi, asl bugʻu, suvsar, tiyin, malla quyon yashaydi. Zakarpatye viloyati Ukrainaning kurort va turistik hududlaridan biri.

Oziqovqat sanoatida esa vinochilik, meva-konserva, goʻsht, moysir va sut, un, moy-yogʻ va boshqa tarmoqlari mavjud. Mineral suv qadoqlanadi. Shunindek hududida yogʻochsozlik, mebelsozlik, karton ishlab chiqarish korxonalari bor. Yengil sanoat tarmoklaridan koʻnchilik, poyabzal, tikuvchilik, trikotaj korxonalari mavjud. Mashinasozlik, metallsozlik, asosan, stanoksozlik, priborsozlik rivojlangan. Plastmassa sanitariyatexnika buyumlari, guldor sopol buyumlar, gʻishtcherepitsa ishlab chiqariladi. Qishloq xoʻjaligi sut, goʻsht chorvachiligiga ixtisoslashgan, qoʻychilik, bogʻdorchilik, tokchilik, gʻallakorlik bilan shugʻullaniladi. Pichanzor, yaylovlari bor. Gʻalla ekinlari, texnika ekinlari (asosan, tamaki, kungaboqar) kartoshka, sabzavot, yem-xashak ekinlari ekiladi. Qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki boqiladi. Asosiy temir yoʻl liniyalari: Chop — Ujgorod — Ujok — Lvov, Chop — Solotvina. Asosiy avtomobil yoʻllari: Ujgorod — Mukachevo — Xust — Tyachev — Raxov — IvanoFrankovsk va boshqalar. Ujgorod universiteti, jamoat kutubxonalar, 3 muzey, musiqali drama teatri, filarmoniya, 800 ga yaqin klub, Polyana va Sinyak balneologik kurortlari, Ujgorodda aeroporti bor.

Yuqori