Hasaniy saroyi (arabcha: القصر الحسني) Sharqiy Bagʻdodda qurilgan ilk xalifalik qarorgohi boʻlib, 9—10-asrlar davomida Abbosiy xalifalarning poytaxtdagi asosiy turargohi vazifasini oʻtagan. Shu tariqa, saroy Abbosiy xalifalarining qarorgohi boʻlgan ulkan saroy va bogʻlar majmuasining markazida edi. Bu majmua moʻgʻullar Bagʻdodni bosib olgunga qadar mavjud boʻlib, rivojlanib bordi.
Tarixi: Sharqiy Bagʻdod va Jaʼfar Barmakiy saroyi
Abbosiy xalifalarning dastlabki saroylari xalifa al-Mansur (h. 754–775) asos solgan Dumaloq shahar ichida yoki uning yaqinida joylashgan edi. Dumaloq shahar markazida Oltin darvoza saroyi va biroz keyinroq Dajla daryosining gʻarbiy qirgʻogʻida, Dumaloq shahar tashqarisida qurilgan Xuld saroyi kabilar boʻlgan. Abbosiylar xalifaligining birinchi asrida Sharqiy Bagʻdod, yaʼni shaharning Dajla daryosidan sharqdagi qismi, kamroq ahamiyatga ega edi. Biroq, al-Mansur oʻsha yerda oʻgʻli va merosxoʻri al-Mahdiy (h. 775–785) uchun saroy qurdirgan.
Hasaniy saroyini dastlab Barmakiy Jaʼfar ibn Yahyo qurgan boʻlib, u xalifa Horun ar-Rashidning (h. 786–809) vaziri, yaqin hamrohi va qaynisi edi. Jaʼfar ziyofatlari, ayniqsa sharob ichishlari bilan tanilgan boʻlib, bu holat shaharda koʻplab noroziliklarga sabab boʻlgan. Natijada, Jaʼfar Sharqiy Bagʻdodning gavjum hududlaridan janubga, ochiq joyga borib, oʻziga qarorgoh qurdirgan. Jaʼfarning saroy-qasri shunchalik hashamatli ediki, hatto xalifaning hasadini qoʻzgʻatishi mumkin edi. Shu bois, bir doʻsti unga quyidagicha maslahat berib, bu saroyni oʻsha paytda hali voyaga yetmagan al-Ma’munga (h. 813–833) sovgʻa qilishni taklif qiladi. Al-Maʼmun Horunning ikkinchi oʻgʻli va keyinchalik xalifa boʻlgan. U tugʻilganidan boshlab Jaʼfarning vasiyligi va tarbiyasiga topshirilgan edi. Shunday qilib, garchi bu saroydan 803-yilgacha Jaʼfar foydalangan boʻlsa-da, Barmakiylarning qulashidan soʻng saroy „Maʼmun saroyi“ (al-Qasr al-Maʾmūnī) nomini olgan.
Al-Maʼmun, al-Hasan ibn Sahl va Buran qarorgohi
803-yilda keyin al-Maʼmun oʻzining sevimli qarorgohlaridan biriga aylangan binoga koʻchib oʻtadi. Maʼmun saroyni kengaytirib, ot poygasi va chavgon uchun katta maydon hamda hayvonot bogʻini qoʻshgan. Sharqiy tomondagi ochiq maydonlarga qaratilgan darvoza qurilgan. Shuningdek, Nahr Mualladan suv keltiradigan kanal ham barpo etilgan. Al-Maʼmun oʻz xizmatkorlari va saroy xodimlari uchun yaqin atrofda turar-joy mavzesi ham barpo etgan. Bu mavze uning sharafiga Maʼmuniya deb nomlangan.
Al-Maʼmun Xuroson noibligini egallash uchun ketganidan soʻng, saroy boʻsh qolgan boʻlishi mumkin. Bu holat Horun vafotidan keyin al-Maʼmun va uning oʻgay ukasi al-Amin (h. 809–813) oʻrtasidagi Abbosiylar fuqarolar urushi davomida ham saqlanib qolgan. Urush davrida, Bagʻdod qamali paytida al-Aminning qal’asi boʻlgan Oltin darvoza saroyi butunlay vayron etiladi, Xuld saroyi ham sezilarli darajada shikastlanadi. Natijada, al-Maʼmun 819-yilda Bagʻdodga qaytgach, Xuld saroyining gʻarbiy qismini oʻziga qarorgoh qilgan. Uning vaziri va ishonchli maslahatchisi al-Hasan ibn Sahl esa Maʼmun saroyida istiqomat qila boshlaydi. Koʻp oʻtmay, al-Maʼmun va al-Hasanning qizi Buranning nikoh toʻyi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanalarda vazirning katta mablagʻ sarflashi evaziga xalifa unga saroyni inʼom etadi. Al-Hasan saroyni qayta qurib, uni yanada kengaytirgan. Biroq, bir necha yildan soʻng saroyni qizi Buranga inʼom etadi. Buran eri al-Maʼmundan uzoqroq umr koʻrib, 884-yilda vafot etgunga qadar shu saroyda istiqomat qilgan. Hasanning qayta qurishi va Buranning undan foydalanishi saroyga „Hasan saroyi“ yoki „Hasaniy saroyi“ (al-Qasr al-Hasaniy) degan nom berilishiga sabab boʻlgan. Shunday boʻlsa-da, keyingi davrlarda ham yozuvchilar saroyni Maʼmuniy yoki hatto Jaʼfariy saroyi (القصر الجعفري, al-Qaṣr al-Jaʼfarī) deb atashni odat qilishgan.
Xalifa qarorgohi va Dor al-Xilofatning qurilishi
833-yilda al-Maʼmun vafot etgandan soʻng, bir manbaga koʻra, uning ukasi va vorisi al-Mu’tasim (h. 833–842) ham yaqin atrofdagi Muharrim mahallasida oʻziga yangi saroy qurishdan avval Hasaniy saroyida istiqomat qilgan ekan. Biroq, xalifa 836-yilda shimolda yangi shahar – Samarrani barpo etib, Abbosiylar imperiyasining xalifalik saroyi hamda poytaxtini oʻsha yerga koʻchirdi. Garchi xalifa al-Mu’tamid (h. 870–892) umrining soʻnggi oylarini Bagʻdodda oʻtkazgan boʻlsa-da, poytaxtni butunlay Bagʻdodga qaytarish faqat 892-yilda, xalifa al-Mu’tazid (h. 892–902) davrida amalga oshirilgan.
Yoqut Hamaviy xabar berishicha, al-Mu’tamid shaharga kelgach, Burandan Hasaniy saroyidan oʻz qarorgohi sifatida foydalanish uchun ruxsat soʻragan. Buran oʻz ishlarini tartibga keltirish uchun qisqa muddatli kechiktirishni soʻrab, bu vaqt davomida saroyni jihozlaydi va xalifaga topshirishdan oldin uni munosib holga keltiradi. Bu rivoyat keng tarqalgan boʻlsa-da, hikoyaning asl manbai boʻlgan 11-asr yilnomachisi Xatib hikoyada tilga olingan xalifaning al-Mu’tazid ekanligi haqida maʼlumot berib, oʻzi uning haqiqiyligiga shubha bildiradi. Chunki Buran ismli shaxs bundan bir necha yil oldin vafot etgani maʼlum edi. Biroq, Guy Le Strangening taʼkidlashicha, xabar qilingan voqea al-Mu’tamidning shaharga ilgarigi tashrifida sodir boʻlgan boʻlishi mumkin.
Al-Muʼtazid davrida saroy rasman xalifa qarorgohiga aylandi. Xalifa yangi binolar, jumladan qamoqxona qurdirdi, hududni kengaytirib, saroyni devor bilan oʻrab oldi. Bundan tashqari, al-Mu’tazid va al-Muktafiy (h. 902–908) Hasaniy saroyidan yuqoriroqda Firdus saroyi, sharqda Surayyo saroyi va quyiroqda Toj saroyini qurdirib, „Xalifalik qarorgohi“ (Dor al-Xilofat) deb atalgan keng miqyosli saroy majmuasini barpo etdilar. Bu majmua bir nechta katta va kichik qarorgohlar hamda bogʻlarni oʻz ichiga olgan edi. Bu hudud Abbosiylar xalifaligi hukmronligining oxirigacha xalifalarning asosiy qarorgohi boʻlib qoldi.
902-yilda taxtga oʻtirgach al-Muktafiy otasi qurdirgan saroy qamoqxonalarini buzib tashlab, ularning oʻrniga Jome al-Qasr („Saroy masjidi“) nomli jome masjidini barpo etdi. Bu joyda hozirda keyinroq qurilgan Jome al-Xulafa masjidi joylashgan. Saroy hududida 13-asrning 30-yillarida Mustansiriya madrasasi qurilgan.
Adabiyotlar
- Duri, A. A. (1960). "Baghdād". in Gibb, H. A. R.. Encyclopaedia of Islam. Volume I: A–B (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 894–908 b. doi:10.1163/1573-3912_islam_COM_0084. OCLC 495469456. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Baghd%C4%81d&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Le Strange, Guy. Baghdad During the Abbasid Caliphate. From Contemporary Arabic and Persian Sources, Second, Oxford: Clarendon Press, 1922.
- 9-asrda qurilgan binolar va tuzilmalar
- Bagʻdoddagi Abbosiylar saroylari
- Sobiq saroylar