Tohir Saidov (1965-yil 28-sentyabr, Xorazm viloyati) — oʻzbek teatr va kino aktyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti .
Bolaligi
Tohir Saidov yoshligidan aktyor boʻlishni orzu qilgan, shu sabab oʻrta maktabni tamomlab poytaxtga kelgan hamda Toshkent teatr va rassomchilik sanʼati oliygohiga oʻqishga kirgan.
Mehnat faoliyati
Aktyor oʻz faoliyatini 1991-yilda Oʻzbek milliy akademik drama teatrida boshlaydi. U teatrda sahnalashtirilgan 60 dan ziyod spektakllarda rang-barang obrazlar yaratdi. Jumladan: "Ufq” spektaklida Tursunboy, "Kunduzsiz kechalar”da Sezgir, "Bir koshona sirlari”da Sarvar, "Qalliq oʻyin”da Chonnama, "Qirol Lir”da Masxaraboz, "Gamlet”da Gamlet, "Yetti faryod”da Adolfo, "Shum bola”da Hojibobo, "Oʻtkan kunlar”da Homidboy, "Yaralangan oqqush nolasi”da Nosir, "Imkon”da Rustamali, "Omon boʻlgin, azizm”da Jorj, "Uyqusiz kecha”da Bahrom, "Tortadurman jabrimni”da Shotursun, "Daraxtlar tik turib jon beradi”da Madrisio, "Oltin qiz”da Qodir, "Oqibat”da Jeyms kabi turli xarakterdagi qahramonlar obrazini maromiga yetkazib ijro etdi. T.Saidov teatrdagi faoliyati bilan bir qatorda film va seriallarda ham oʻziga xos ijodiy faoliyatni amalga oshirdi. Bulardan "Shaytanat”, "Charxpalak”, "Sardor” seriallarida; "Sugʻdiyona”, "Uloq”, "18 kvadrat” kabi filmlarda 20 dan ziyod obrazlarni mahorat bilan yaratdi. Tohir Saidovni xalqqa tanitgan roli bu „Koʻngil koʻchalari“ serialidagi „gadoy“ obrazi boʻlgan. Ushbu serialdan tashqari aktyor yana "Shaytanat" va „Sardor“ kabi serialida, shuningdek „Soʻgʻdiyona“, „Chavandoz“ hamda „18 Kvadrat“, „Suv yoqalab“ kabi 20 dan oshiq filmlarda ham rol ijro etgan. Aktyor 2005- yilda xizmat koʻrsatgan artist hamda 2025- yilda Oʻzbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan
Mukofotlari
Tohir Saidov oʻzining sanʼat sohasidagi uzoq yillik faoliyati orqali 2005-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist“ unvoni bilan mukofotlangan. 2025-yil 23-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farmoni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoniga sazovor boʻlgan.
Filmografiyasi
| Nomi | Obraz | Yil | Izoh |
|---|---|---|---|
| Suv yoqalab | 2009 | ||
| Jiyda guli | Muxtor — Madinaning otasi | 2010 |
- Oʻzbekistonlik aktyorlar