| Intellektual mulk |
|---|
![]() |
|
| Tegishli mavzular |
Yuqori toifalar: Mulk and Mulk huquqi |
Mualliflar huquqlari — mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi qonunchilikning ajralmas qismidir. Ushbu termin fransuzcha droit d’auteur (nemischa: Urheberrecht) iborasining soʻzma-soʻz tarjimasi sifatida vujudga kelgan boʻlib, odatda mualliflik huquqi sohasidagi qonunlarga nisbatan qoʻllaniladi. Mualliflik huquqlari xalqaro darajada Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish boʻyicha Bern konvensiyasi va boshqa shu kabi shartnomalar bilan himoyalanadi. „Muallif“ tushunchasi bu yerda juda keng maʼnoda ishlatiladi: u bastakorlar, rassomlar, haykaltaroshlar va meʼmorlarga ham tegishli. Umuman olganda, muallif intellektual mehnati biron-bir asarni yaratishda asosiy omil boʻlgan shaxs, biroq bu tushunchaning taʼrifi turli mamlakatlarda turlicha boʻlishi mumkin.
Mualliflar huquqlari mulkiy („iqtisodiy“) va shaxsiy nomulkiy („maʼnaviy“) huquqlarga boʻlinadi. Mulkiy huquqlar — bu vaqt jihatidan cheklangan va muallif tomonidan boshqa shaxslarga har qanday boshqa mulk kabi oʻtkazilishi mumkin boʻlgan egalik huquqlari (garchi koʻplab mamlakatlar bunday oʻtkazish yozma shartnoma shaklida boʻlishini talab qilsa-da). Ushbu huquqlar muallif yoki huquq egasiga qonuniy ravishda moliyaviy foyda olish, shuningdek, oʻz asarlarining har qanday shaklda nusxasini koʻchirishga ruxsat berish imkonini yaratish uchun moʻljallangan (Bern konvensiyasining 9-moddasi). Dramatik va musiqiy asarlar (pyesalar va hokazo) mualliflari, shuningdek, ularni ommaviy ijro etishga ruxsat berish huquqiga ham egadir (Bern konvensiyasining 11-moddasi).
Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilish ijod mahsuli maʼlum maʼnoda muallif shaxsiyatining ifodasi ekani haqidagi qarashga asoslanadi. Shunga koʻra, shaxsiy nomulkiy huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazib boʻlmaydi, faqat muallif vafot etgan taqdirda vasiyatnoma orqali topshirilishi mumkin.
Shaxsiy nomulkiy huquqlar
Shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifning shaxsidan ajralmasdir. Bularga quyidagilar kiradi:
- Mualliflik huquqi, yaʼni asarning muallifi deb tan olinish va undan foydalanilganda muallifga havola berilishini talab qilish huquqi;
- Ismga boʻlgan huquq, yaʼni asardan muallifning haqiqiy ismi, taxallusi ostida yoki ismini koʻrsatmasdan foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi;
- Asarni eʼlon qilish huquqi, yaʼni muallifning roziligi bilan asarni birinchi marta omma eʼtiboriga havola etish (nashr etish, ommaviy ijro etish va hokazo);
- Asar daxlsizligiga boʻlgan huquq, yaʼni asarning har qanday usulda foydalanilishida muallifning roziligisiz asarning oʻziga, uning nomiga va muallif ismining koʻrsatilishiga oʻzgartirishlar kiritishni taqiqlash. Ayniqsa, muallifning shaʼni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan buzib koʻrsatishlarga yoʻl qoʻyilmasligi alohida taʼkidlanadi.
Mulkiy huquqlar
Mulkiy huquqlar (asardan foydalanish huquqlari) sirasiga quyidagilar kiradi:
1. Nusxa ko‘chirish huquqi, ya’ni asarning yoki uning bir qismining har qanday moddiy shaklda bir yoki bir necha nusxasini tayyorlash. Bu faqat muallif bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Biroq, qonun bilan ushbu qoidadan bir qator istisnolar ko‘zda tutilgan: muallifni va olingan manbani ko‘rsatgan holda ilmiy, tanqidiy, polemik va boshqa maqsadlarda, iqtibos keltirish maqsadiga muvofiq hajmda iqtibos olishga yo‘l qo‘yiladi;
- ommaviy axborot vositalarida joriy iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, diniy masalalar bo‘yicha maqolalarni qayta bosish;
- ommaviy axborot vositalarida ommaviy ravishda so‘zlangan siyosiy nutqlar, murojaatlar, ma’ruzalar va hokazolarni berib borish;
- kutubxonalar va arxivlar tomonidan yo‘qolgan nusxalarni tiklash uchun bir nusxada reproduksiya qilish;
- ta’lim muassasalari tomonidan auditoriya mashg‘ulotlari uchun nusxa ko‘chirish;
- rasmiy, diniy va dafn marosimlari paytida musiqiy asarlarni ijro etish;
- shaxsiy maqsadlarda mualliflik huquqi obyektidan nusxa ko‘chirishga muallifning roziligisiz, lekin unga haq (gonorar) to‘lagan holda yo‘l qo‘yiladi.
2. Asar nusxalarini har qanday usulda tarqatish huquqi (sotish, ijaraga berish va h.k.).
3. Asarni ommaviy ijro etish huquqi.
4. Efirga uzatish huquqi.
5. Tarjima qilish huquqi.
6. Qayta ishlash (aranjirovka, ishlov berish va h.k.) huquqi.
- Intellektual mulk huquqi
