Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Hamza Bey (1460-yilda vafot etgan) – XV asrda yashagan Usmoniylar dengiz floti amirali, sulton Mehmed II Fotihning elchisi.

Hamza Bey

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Hamza Bey (1460-yilda vafot etgan) – XV asrda yashagan Usmoniylar dengiz floti amirali, sulton Mehmed II Fotihning elchisi.

Hayoti

Hamza Beyning nomi tarixda ilk bor 1421-yilda tilga olingan. Oʻsha paytda uning akasi Boyazid posho Mustafo Chalabiyning Edirneni egallashiga yoʻl qoʻymaslikka uringan, ammo bu ishda muvaffaqiyatga erisha olmagan. Boyazidning kelib chiqishi albanlardan boʻlgan va urush asiri sifatida keltirilgan. XV asr Vizantiya tarixchisi Doukas Boyazidni „alban aslidan boʻlgan qul“ deya tasvirlagan. Zamonaviy tarixchi Uzunçarşılı esa manba keltirmagan holda uning Amasyada amasyalik Yaxshī Beyning oʻgʻli boʻlganini yozgan. Shuning uchun unga Amasyalı yaʼni „amasyalik“ laqabi berilgan. Bundan kelib chiqadiki, ularning bobosi alban boʻlib, islomni qabul qilgan va Usmoniylar yurishiga qoʻshilgan, soʻngra Amasyaga joylashgan. Boyazidning qoʻshini Mustafo tomonga oʻtib ketgach, Boyazid qatl etilgan. Hamza hali yosh boʻlganligi bois Junayd unga rahm qilgan va Hamza omon qolgan. 1424-yilda Hamza Onadoʻli beylarbegi etib tayinlangach, akasining oʻlimi uchun qasos olgan, Junaydni tor-mor etib,, uning yerlarini egallab olgan, uni va oilasini asirga olib, qatl ettirgan.

Hamza Bey 1430-yilda Saloniki qamalida sulton Murod II floti qoʻmondoni sifatida faoliyat olib borgan va shu orqali mashhur boʻlgan. Bu qamal oxir-oqibat Usmoniylar foydasiga hal boʻlgan.

1453-yilda Hamza Bey Konstantinopol fathi paytida Usmoniylar dengiz floti qoʻmondoni etib tayinlandi. U avvalgi qoʻmondon Baltaoğlu Süleymanning oʻrnini egalladi. Shahar ustiga qilinadigan yakuniy hujumda, mudofaa kuchlarining devorning eng muhim shimoliy va gʻarbiy qismlariga yordamga borishining oldini olish maqsadida Hamza boshchilik qilayotgan Usmoniylar floti janub tomonda Marmar dengizi boʻyidagi Konstantinopolning dengizga qaragan devorlariga, sharqda Halich boʻylab qurilgan toʻgʻonga chalgʻituvchi hujumlar uyushtirishi kerak edi. 29-may kuni amalga oshirilgan hujumda Hamzaning kemalari vizantiyaliklarning dengiz mudofaasini yorib oʻta olmadi, devorlarga chiqishga muvaffaq boʻlgan oz sonli askarlarning hujumi esa darhol bartaraf etilgan. Shunga qaramay, Usmoniylar hujumi muvaffaqiyati yakulangan.

Hamza Bey 1456-yilgacha Usmoniylar dengiz floti qoʻmondoni boʻlib xizmat qildi. Istanbul qoʻlga olingach, flot Egey dengizi orollarini zabt etish vazifasini oldi, natijada Imbros, Lemnos va Thasos Usmoniylar tasarrufiga oʻtadi. Biroq Rodos ritsarlari qarshiligi tufayli Egey dengizining qolgan qismini egallashning imkoni boʻlmadi va Usmoniylarning yangi poytaxtdan Oʻrta yer dengiziga chiqish yoʻli toʻliq ochilmay qoldi.

Oʻlimi

1460-yilda Nikopol beyi sifatida Hamza Bey Valaxiyaga yuborilgan elchilarni himoya qilib borish vazifasi yuklangan qoʻshin boshida edi. Qaytishda u va uning qoʻshini Vlad III tomonidan pistirmada qoʻlga olindi. Hamza oʻz odamlari bilan birga qatl etildi va lavozimiga hurmat yuzasidan eng baland qoziqqa qadab qoʻyildi. Tarixchi Laonikos Chalkokondylesning yozishicha, bu xabarni eshitgan sulton Mehmed juda qattiq gʻazablanib, xabarni yetkazgan Vali Mahmud poshoni urib yuborgan.

Yodgorliklari

Hamzaning jasadi oʻgʻillari tomonidan qaytarib olinib, u qurdirgan majmuaga Bursadagi masjid va turbalardan iborat inshootga dafn etilgan. Ushbu majmua hozirgacha saqlanib qolgan.

1430-yilda Salonikining zabt etilishidagi xizmatlari tufayli u yerda Hamza Bey masjidi qurilgan. 1923-yildagi Gretsiya va Turkiya oʻrtasidagi aholi almashinuvidan soʻng masjiddan ibodat maqsadlarida emas, balki turli savdo-sotiqqa oid maqsadlarida, asosan, kinozal sifatida foydalanilgan. 2006-yilda inshoot Yunoniston davlati tomonidan restavratsiya qilish uchun sotib olingan.

Shaxsiyati

Tarixchi Bertrandon de la Broquiere Hamzani „juda jasur“ odam deya tasvirlaydi. Uning yozishicha, Hamzaning yillik daromadi taxminan 50 ming dukat boʻlgan.

Madaniyat

Gary Shore tomonidan suratga olingan Dracula Untold filmida Hamza Bey rolini Ferdinand Kingsley ijro etgan.

Yuqori