| Ziyo Saidov | |
|---|---|
| Tavalludi | 1902-yil Toshkent, Rossiya imperiyasi |
| Vafoti | 1938-yil Toshkent, UZSSR, SSSR |
| Taxallusi | Ziyo Said |
| Kasbi | Oʻzbekiston radioeshittirish qoʻmitasi raisi |
| Fuqaroligi | SSSR |
Ziyo Said (taxallusi; asl ism-sharifi: Qosim Solihov) (1902, Toshkent - 1938) - oʻzbek jurnalisti, dramaturgi va tanqidchisi.
Taʼlimi
Eski usul maktabida savod chiqargan.
Mehnat faoliyati
Dastlab „Ishtirokiyun“ (1918 - 20), „Yosh Sharq“ (1920 - 22) gazetalarida, „Oʻzgarishchi yoshlar“ (1922 - 24) jurnalida ishlagan. „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida sarkotib (1926 - 27), „Mushtum“ jurnalining muharriri (1927 - 31), Oʻzbekiston radioeshittirish qoʻmitasining raisi (1937 - 38).
Ijodi
Ijodi 1922-yildan boshlangan. „Qonli kun“ (1926, Moʻminjon Muhammadjonov bilan hamkorlikda) dramasi 1916-yildagi Toshkent qoʻzgʻoloni haqida. „Tarix tilga kirdi“ (1931, Nazir Safarov bilan hamkorlikda) dramasida 30-yillardagi keskin mafkuraviy kurashlar tasvirlangan. „Toʻralik sirtmogʻi“ (1935) pyesasida xalqning dardu tashvishlaridan yiroq amaldorlar qiyofasi aks ettirilgan. Ziyo Said ijodining asosiy qismini hajviyalar tashkil etadi. Bundan tashqari, u oʻzbek dramaturgiyasi va kino sanʼati muammolari tahlil etilgan koʻplab maqolalar muallifi.
Ziyo Said ijodiy merosida 1927-yilda nashr etilgan „Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga oid materiallar“ (1870 - 1927) risolasi alohida ahamiyatga molik. Risola oʻzbek matbuotining shakllanish tarixini oʻrganishda muhim manbadir.
Vafoti
Qatagʻon qurboni boʻlgan. 1938-yil 4-oktyabr kuni Bo‘zsuv kanali yonida “xalq dushmani” ayblovi bilan otib tashlangan.
Nomini abadiylashtirilishi
Toshkent shahrining Uchtepa tumani xududida joylashgan hozirgi Beshqayragʻoch koʻchasi 1972-yil 15-dekabrdan 2009-yil 21-aprelga qadar „Ziyo Said“ nomi bilan atalgan.
Shuningdek, Yunusobod tumanidagi 240-o'rta maktab Ziyo Said nomiga qo'yilgan.
Adabiyotlar
- Tanlangan asarlar, T., 1974.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Kishilar