Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

1917-yilning 23-fevralida (eski taqvim bo'yicha, yangi taqvimda 8-mart) Rossiya imperiyasining poytaxti Petrogradda ayollar "Non va tinchlik" shiori ostida namo

Xalqaro xotin-qizlar kuni

1917-yilning 23-fevralida (eski taqvim bo'yicha, yangi taqvimda 8-mart) Rossiya imperiyasining poytaxti Petrogradda ayollar "Non va tinchlik" shiori ostida namoyishga chiqdilar. Bu voqea Fevral inqilobining boshlanishiga turtki boʻldi va oradan toʻrt kun oʻtgach, podsho Nikolay II taxtdan voz kechdi. Muvaqqat hukumat ayollarga saylov huquqini berishga majbur boʻldi.

Xalqaro xotin-qizlar kuni
Xalqaro xotin-qizlar kuni
Xalqaro xotin-qizlar kuni uchun nemis plakati
1914 yil 8 mart
Turi
Sana 8-mart

Xalqaro xotin-qizlar kuni (dastlab Xalqaro ishchi xotin qizlar kuni deb atalgan) har yili 8-martda nishonlanadi. Ayollar huquqlari va ozodlik uchun kurashda ayollarning birdamligini ifodalovchi kun sifatida paydo bo‘lgan. 1945-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi erkaklar va ayollar tengligi tamoyilini tasdiqlovchi birinchi xalqaro hujjat bo‘lgan. 1977-yildan boshlab Xalqaro ayollar kuni BMTning a’zo davlatlari tomonidan nishonlanib kelinadi. Aslida sotsialistlarning siyosiy harakati sifatida yuzaga kelgan boʻlsa-da, ushbu bayram koʻp mamlakatlar madaniyatiga singib ketgan. Bu mamlakatlar, asosan, Sharqiy Yevropa, Rossiya va sobiq Sovet mamlakatlari hisoblanadi.

Ramziy ranglari

Xalqaro xotin-qizlar kunining oʻziga xos ramziy ranglari mavjud boʻlib, bular — binafsharang, yashil va oqdir. Ushbu ranglar 1908-yilda Buyuk Britaniyadagi Ayollarning ijtimoiy-siyosiy ittifoqi (WSPU) tomonidan taklif etilgan:

  • Binafsharang — adolat va qadr-qimmatni anglatadi;
  • Yashil — umid ramzi;
  • Oq — poklikni anglatadi (garchi bu tushuncha hozirda biroz munozarali boʻlsa-da).

Xalqaro xotin-qizlar kuni bir qator mamlakatlarda rasmiy bayram hisoblanadi. BMT bu bayramni xotin-qizlar huquqlariga oid muayyan masala, kampaniya yoki mavzu bilan bog‘liq holda nishonlaydi.

Baʼzi hududlarda bayram oʻzining siyosiy maʼnosini yoʻqotgan va shunchaki erkaklarning ayollarga boʻlgan mehrini izhor etadigan fursatga aylangan. Xalqaro xotin-qizlar kuni AQShdagi Onalar kuni va Muqaddas Valentin kunining birlashmasiga oʻxshaydi, lekin boshqa hududlarda BMT tomonidan eng boshida aytib oʻtilgan siyosiy va inson huquqlari mavzulari hali ham oʼz kuchida. Bu mamlakatlarda ayollarning siyosiy va ijtimoiy kurashlari tilga olinadi va umid bilan oʻrganiladi.

Tarixi

 
Clara Zetkin (chapda) va Rosa Luxemburg (oʻngda) 1910-yil yanvarda

Eng birinchi qayd etilgan xotin-qizlar kuni tadbiri Ayollar kuni deb nomlangan boʻlib, 1909-yil 28-fevralda Nyu-York shahrida nishonlangan. Bu bayram Amerika Sotsialistik Partiyasi faol Tereza Malkielning taklifi bilan tashkil etilgan. 1917-yilning 23-fevralida (eski taqvim bo'yicha, yangi taqvimda 8-mart) Rossiya imperiyasining poytaxti Petrogradda ayollar "Non va tinchlik" shiori ostida namoyishga chiqdilar. Bu voqea Fevral inqilobining boshlanishiga turtki boʻldi va oradan toʻrt kun oʻtgach, podsho Nikolay II taxtdan voz kechdi. Muvaqqat hukumat ayollarga saylov huquqini berishga majbur boʻldi.

Oʻzbekistonda 8-mart tarixi

Oʻzbekistonda 8-mart bayrami XX asr boshlarida, asosan, sovet hokimiyati yillarida ommalashgan. 1920-yillarda bu sana "Hujum" harakati bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Bu kampaniya doirasida ayollar eskilik sarqitlariga qarshi kurashish, paranjini tashlash va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishga chaqirilgan. Bugungi kunda Oʻzbekistonda ushbu sana umumxalq bayrami va dam olish kuni sifatida nishonlanadi.

Baʼzi manbalarga koʻra, ushbu kun 1857-yil 8-martda Nyu-Yorkdagi tikuvchilik fabrikalarida ishlovchi ayollarning norozilik namoyishini xotirlash maqsadida nishonlangan, ammo tadqiqotchilar bu daʼvoni afsona deb hisoblashadi.

1910-yil avgust oyida Daniyaning Kopengagen shahrida boʻlib oʻtgan Ikkinchi Xalqaro Sotsialistik Kongress oldidan Xalqaro Sotsialistik Ayollar Konferensiyasi tashkil etilgan. Amerikalik sotsialistlardan ilhomlangan holda, nemis delegatlari Clara Zetkin, Käte Duncker, Paula Thiede va boshqalar har yili nishonlanadigan „Xotin-qizlar kuni“ tashkil etishni taklif qilishdi, biroq aniq sana belgilanmaydi. Ushbu gʻoya 17 mamlakatdan kelgan 100 nafar delegat tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va ayollarning teng huquqlari, jumladan saylov huquqi uchun kurash strategiyasi sifatida qabul qilindi.

Ayollar kunini belgilash birinchi marta 1911-yilning 19-martiga toʻgʻri keladi. Shu kuni Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveysariyada millionlab ayollar namoyishga chiqadi. Oʻsha yillarda ayollar kuni ishchilar va faollarining harakatlariga bogʻliq boʻlgan. 1914-yil 8-mart sanasida Berlinda ayollar saylov huquqi uchun namoyishga yigʻildi. Mazkur namoyish ushbu sanada yuz bergan ilk haqiqiy miting edi.

70 yillarning boshlarida Gʻarbdagi ayollar ushbu sanadan oʻz haq-huquqlarini talab qilishda foydalanishga qaror qildi. Ular ijtimoiy-siyosiy tenglikni talab qilib namoyishlar uyushtirishni boshladilar. 1977-yilda BMT boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 8-martni Xalqaro xotin-qizlar kuni (International womenʼs day) deb eʼlon qildi.

Nishonlanishi

Xalqaro xotin-qizlar kuni quyidagi mamlakatlarda rasmiy bayramdir: Afgʻoniston,Angola, Armeniya,Ozarbayjon,Belarus,Burkina Faso,Kambodja,Xitoy (ayollar uchun xolos),Kuba,Gruziya,Gvineya,Eritreya,Qozogʻiston,Qirgʻiziston,Laos,Makedoniya (ayollar uchun xolos), Madagaskar (ayollar uchun xolos),Moldova,Mongolia,Montenegro, [manba kerak]Nepal (ayollar uchun xolos),Rossiya,Tojikiston,Turkmaniston,Uganda,Ukraina,Oʻzbekiston,Vietnam, va Zambia.

Baʼzi mamlakatlarda bu kun rasmiy bayram emas, lekin shunday boʻlsa ham keng nishonlanadi. Bu mamlakatlarga Kamerun,Xorvatiya,Ruminiya,Bosniya va Gersegovina,Serbiya,[manba kerak]Bolgariya[manba kerak] va Chili kiradi.

Xalqaro xotin-qizlar bayrami (yilma-yil nishonlanishi)

1995-yil

1995-yilgi Xalqaro Xotin-qizlar kunida Glazgo shahar kengashining Ayollar qoʻmitasi sufrajistlari eman daraxti yoniga yodgorlik lavhasi oʻrnatishgan. Unda quyidagi soʻzlar yozilgan: „Ushbu eman daraxti 1918-yil 20-aprelda Glazgodagi ayol sufrajistlar tomonidan ayollarga saylov huquqi berilganini xotirlash uchun ekilgan.“

1996-yil

Gába ikki tilli sami jurnali boʻlib, 1996-yil 8-martda, Xalqaro Xotin-qizlar kunida birinchi marta nashr etilgan. Jurnal Sami ayollar forumi (Sami Nisson Forum) tomonidan chop etilaadi. Jurnal asosan sami ayollari hayoti va kundalik muammolari haqidagi maqolalarni eʼlon qiladi.

2003-yil

2003-yilgi Xalqaro Xotin-qizlar kunida [[Marcheline Bertrand] va John Trudell BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligi bilan hamkorlikda Afgʻonistonlik ayol qochqinlar uchun xayriya kontserti tashkil qilishgan.

2006-yil

2006-yil 8-martda, Kopengagenda joylashgan mashhur „Kichkina suv parisi“ haykaliga ziyon yetkazilgan. Haykalning qoʻliga dildo oʻrnatilib, ustidan yashil boʻyoq quyilgan va ustiga „8-mart“ sanasi yozib ketilgan. Bu hodisa Xalqaro Xotin-qizlar kuni bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligi taxmin qilingan, chunki vandalizm aynan shu kunda amalga oshirilgan.

2008-yil

2018-yil iyungacha Saudiya Arabistoni ayollarga avtomobil haydashni taqiqlagan yagona mamlakat boʻlib kelgan. 2008-yilgi Xalqaro Xotin-qizlar kunida saudiyalik ayol Wajeha al-Huwaider ushbu kun sharafiga va ayollarning haydash taqiqiga qarshi norozilik sifatida mashina haydagan. Uning bu harakati xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng yoritilgan.

2009-yil

Sara Azmeh Rasmussen 2009-yilgi Xalqaro Xotin-qizlar kunida roʻmolni yoqib yuborishi Norvegiyada kutilmagan tarzda mashxur boʻldi. Ushbu ramziy harakati orqali Sara katta eʼtibor qozondi. Holat davomida unga qor sharlari otilgan, shundan soʻng u oʻlim tahdidlari va nafratga toʻla xatlar ola boshlagan.

2010-yil

2010-yilgi Xalqaro Xotin-qizlar kuni munosabati bilan Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi (ICRC) urush va nizolar tufayli uy-joyini tark etishga majbur boʻlgan ayollarning ogʻir ahvoliga eʼtibor qaratgan. Bugungi kunda qurolli mojarolarning eng jiddiy oqibatlaridan biri – aholining majburiy koʻchirilishi boʻlib, bu ayollarga turlicha taʼsir koʻrsatadi. Tadqiqotga koʻra, ichki koʻchirilganlarning 70-80 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi.

Womenʼs WorldWide Web (W4) ayollar huquqlarini himoya qilish va ularni qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan Yevropa kraudfanding platformasi. Lindsey Nefesh-Clarke ushbu platformani 2010-yilgi Xalqaro Xotin-qizlar kunida ESCP-Europedagi hamkasblari va xalqaro koʻngillilar jamoasi bilan birgalikda rasmiy ravishda ishga tushirgan.

Yana qarang

  • Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni (25-noyabr)
  • Xalqaro fandagi ayollar va qizlar kuni (11-fevral)
  • BMT Ayollari
  • Ayollar tarixi oyligi

Adabiyotlar

  • "The socialist roots of International Women's Day". Al Jazeera America. March 7, 2015. Archived from the original on 7 April 2025
  • Ruthchild, Rochelle Goldberg (2012). "From West to East: International Women's Day, the First Decade". Aspasia 6: 1–24. doi:10.3167/asp.2012.060102. 
  • Ghodsee, Kristen. "Have You Wished Your Mother a Happy International Women's Day Yet." New York Times. March 8, 2019
Yuqori