Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Xalq taʼlimi — milliy darajada davlat tomonidan mamlakat farzandlari uchun joriy etilgan majburiy (yoki taklif etiladigan) taʼlim tizimidir. Xalq taʼlimi koʻpgi

Xalq taʼlimi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xalq taʼlimi — milliy darajada davlat tomonidan mamlakat farzandlari uchun joriy etilgan majburiy (yoki taklif etiladigan) taʼlim tizimidir. Xalq taʼlimi koʻpgina davlatlarda asosan umumiy oʻrta taʼlimni oʻz ichiga oladi. Oʻzbekistonda bu sohada mas’ul organ sifatida Xalq taʼlimi vazirligi yagona davlat siyosatini olib boradi.

Xalq taʼlimi atamasi tarixi

Xalq taʼlimi tushunchasi XX asrning 80-yillarida oʻzbek tili leksikasidan oʻrin oldi. Ungacha „xalq maorifi“ atamasi qoʻllangan boʻlib, u kishilarning bilimi va ongini oshirish, umumiy saviyasini koʻtarishga qaratilgan taʼlim-tarbiya tarzida, nisbatan torroq maʼnoda qoʻllangan. „Xalq taʼlimi“ atamasi ilm-fan yoki kasb-hunar sohalari boʻyicha egallanishi zarur boʻlgan maʼlumot va koʻnikmalar majmuini, taʼlim-tarbiya, axloq, odob, koʻrsatma, bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirish, yoʻl-yoʻriq oʻrgatish tushunchalarini qamrab oladi. Bu atama zamirida mamlakat fuqarolarini nafaqat maʼrifatli, savodli qilish, balki ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga yoʻnaltirish, ularda bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirish jarayoni ham qamrab olinadi.

Oʻzbekistonda xalq taʼlimi

Taʼlim toʻgʻrisidagi qonunning yangi tahririga koʻra umumiy oʻrta taʼlim (I-XI sinflar) bosqichlari quyidagilardan iborat:

Boshlangʻich taʼlim (I-IV sinflar)

Tayanch oʻrta taʼlim (V-IX sinflar)

Oʻrta taʼlim (X-XI sinflar)

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi.

Boshlangʻich taʼlim taʼlim oluvchilarda umumiy oʻrta taʼlimni davom ettirish uchun zarur boʻlgan savodxonlik, bilim, malaka va koʻnikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan.

Tayanch oʻrta taʼlim oʻquv dasturiga muvofiq taʼlim oluvchilarga bilim, malaka va koʻnikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi.

Tayanch oʻrta taʼlim doirasida (VII sinfdan soʻng) taʼlim oluvchilarda kasblar boʻyicha birlamchi bilim va koʻnikmalarni shakllantirish uchun ularni professional tashxislash va kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha choralar amalga oshiriladi.

Oʻrta taʼlim oʻquv dasturiga muvofiq taʼlim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va koʻnikmalar oʻzlashtirilishini, shuningdek taʼlimning keyingi turi tanlanishini hamda yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblar egallanishini taʼminlaydi.

Professional tashxislash va kasb-hunarga yoʻnaltirish, shuningdek taʼlim oluvchilarni yuqori malaka talab qilinmaydigan kasblarga tayyorlash tartibi qonunchilikda belgilanadi.

Umumiy oʻrta taʼlim umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida uzluksiz tarzda, majburiy boʻlgan oʻn bir yil davomida amalga oshiriladi.

Oʻrta maxsus taʼlim akademik litseylarda toʻqqiz yillik tayanch oʻrta taʼlim asosida ikki yil mobaynida amalga oshiriladi va taʼlim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini, shuningdek chuqur, tabaqalashtirilgan, kasb-xunarga va shaxsga yoʻnaltirilgan taʼlim olishini taʼminlaydi.

Nodavlat taʼlim tashkilotlarida umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim toʻlov-shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Iqtidorli va isteʼdodli bolalarning qobiliyatini rivojlantirish uchun Prezident, ijod va boshqa ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek maktab-internatlar tashkil etilishi mumkin.

Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj boʻlgan bolalar davlat ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida inklyuziv shaklda yoki uy sharoitlarida yakka tartibda taʼlim oladi.

Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining sinflarida (guruhlarida) taʼlim oluvchilar soni oʻttiz besh nafardan oshmasligi kerak.

Xorijiy davlatlarda xalq taʼlimi

Xalq taʼlimini boshqarishning markazlashgan, markazlashmagan va aralash turlari mavjud. Markazlashgan boshqaruvda taʼlim tarbiya jarayonini boshqarish taʼlim vazirligi hamda uning joylardagi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Boshqaruvning bunday shakli Fransiya, Italiya, Belgiya va Lotin Amerikasi mamlakatlarida yoʻlga qoʻyilgan. Bu mamlakatlarda davlat maktablarning moddiy taʼminoti bilan shugullanadi, ularni dastur, darslik, metodik va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlaydi, maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni olish uchun yagona talablarni belgilaydi, oʻqituvchilarni tanlash hamda tayyorlash ishlari bilan shugʻullanadi.

Markazlashmagan boshqaruvda taʼlimni boshqarish joylardagi maʼmuriy organlar tomonidan amalga oshiriladi. Maktablar taʼminoti aholi zimmasida boʻladi. Davlat tomonidan maʼlum vazifalar, baʼzi hollarda qisman moliyaviy ehtiyojlarni qondirish ishlari amalga oshiriladi. Bunday tur Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya va AQShda tashkil etilgan. Mas, AQShda har bir shtatning taʼlim boʻyicha oʻz qonunlari mavjud.

Aralash turdagi boshqaruvda taʼlim-tarbiya jarayonining barcha ishlari markaziy va mahalliy hokimiyat organlari hamkorligida amalga oshiriladi. Hindiston, Pokiston, Yangi Zelandiya mamlakatlarida taʼlimni boshqarish shu tarzda amalga oshiriladi.

Yuqori