Transparency International e. V. (TI) – 1993-yilda Jahon bankining sobiq xodimlari tomonidan tashkil etilgan Germaniyada roʻyxatdan oʻtgan assotsiatsiya. Uning Bosh ofisi Berlinda joylashgan. Tashkilotning notijorat va nodavlat maqsadi – xalqaro miqyosdagi korrupsiyaga qarshi kurash, fuqarolik jamiyati vositalari orqali korrupsiyani kamaytirish va korrupsiyadan kelib chiqadigan jinoyatlarni oldini olishni maqsad qilgan. TIning eng mashhur nashrlari – Globalkorrupsiya barometri va Korrupsiyani idrok etish indeksi. TI „soyabon tashkilot“ sifatida faoliyat yuritadi. 1993-yildan hozirgacha uning aʼzolari bir necha kishidan 100 dan ortiq milliy boʻlimlarga qadar kengaydi. Bu boʻlimlar oʻz mamlakatlarida sezilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash bilan shugʻullanadi. TI quyidagi global tarmoqlarning aʼzosi hisoblanadi: G20 Think Tanks (T20), Civil Society 20, UNESCO Konsultativ maqomi, BMT Global Compact, Sustainable Development Solutions Network va BMTning Barqaror rivojlanish guruhiga (UNSDG) mansub tinchlik, adolat, kuchli institutlar va hamkorlik maqsadlarini baham koʻradi. TI, shuningdek, Global Alliance in Management Education tashkilotining ijtimoiy hamkoridir. TI 2017-yilda AQShdagi milliy boʻlimining akkreditatsiyasi bekor qilinganini tasdiqladi va 2020-yilda yangi TI USA boʻlimi tashkil etildi. 2016-yilgi Global Go To Think Tank Index Reportga koʻra, TI dunyo boʻyicha (AQShdan tashqari) eng yaxshi 100 ta tahlil markazi orasida 9-oʻrin, AQSh va boshqa davlatlar boʻyicha umumiy roʻyxatda esa 150 ta markaz orasida 27-oʻrinni egallagan.
![]() | |
| Qisqartma | TI |
|---|---|
| Turi | Xalqaro nodavlat tashkilot |
| Maqomi | Eingetragener Verein (Germaniyada roʻyxatdan oʻtgan ixtiyoriy uyushma) |
| Maqsadi | Korrupsiyaga qarshi kurash; jinoyatchilikning oldini olish |
| Joylashuvi | Berlin, Germaniya |
| Hududiy xizmati | Global |
| Asoschi(lar)i | Laurence Cockcroft, Peter Conze, Peter Eigen, Fritz Heimann, Michael Hershman, Kamal Hossain, Gerald Parfitt, Jeremy Pope, Roy Stacy, Frank Vogl, Obiageli „Aby“ Ezekwesili |
| Direktori | Maíra Martini |
| Chair | François Valérian |
| Bosh mahkamasi | Alt-Moabit 96, 10559 Berlin, Germaniya |
| 52°31′26″N 13°20′42″E / 52.5238°N 13.3450°E | |
Tarixi
Transparency International 1993-yil 9-fevralda Niderlandiyaning Gaaga shahrida tashkil etilgan; 1993-yil 15-iyunda Germaniyaning Berlin shahrida rasmiy roʻyxatdan oʻtgan. Siyosatshunos Ellen Guttermanning taʼkidlashicha: „TIning Germaniyada joylashgani, shuningdek uning kichik tashabbusdan yirik xalqaro nodavlat tashkilotga aylanishi kamida uch nafar muhim nemis iqtisodchining faoliyati va shaxsiy aloqalari bilan bogʻliq: Peter Eigen, Hansjoerg Elshorst va Michael Wiehen“. Tashkilotning boshqa asoschilari quyidagilar boʻlgan: Peter Conze (GTZning sobiq mintaqaviy direktori), Laurence Cockcroft, General Electric vakili Fritz Heimann, AQSh harbiy razvedkasidan Michael J. Hershman, Bangladesh tashqi ishlar vazirining sobiq oʻrinbosari Kamal Hossain, PricewaterhouseCoopers Ukrainaning sobiq xodimi Gerald Parfitt, Jeremy Pope, Roy Stacy va Jahon bankidan Frank Vogl.
Tashkilot tarixidagi muhim burilishlardan biri — 1995-yilda Korrupsiyani idrok etish indeksi (CPI)ning ishlab chiqilishi boʻldi. CPI har bir mamlakatdagi korrupsiya darajasini biznes vakillarining soʻrovlariga asoslanib reyting qiladi. Bu indeks keyinchalik har yili eʼlon qilina boshlandi. Dastlab CPI metodologiyasining sustligi va rivojlanayotgan davlatlarga „adolatli baho bermasligi“ uchun tanqid qilingan, biroq korrupsiyani yoritib bergani uchun maqtov ham olgan.
Faoliyat yoʻnalishlari va mahsulotlari
Transparency International – korrupsiyaga qarshi kurashda yetakchi global fuqarolik jamiyati tashkiloti. U butun dunyo boʻylab erkaklar, ayollar va bolalarga zarar yetkazayotgan korrupsiyani tugatish uchun xalqaro koalitsiyani birlashtiradi. TIning asosiy maqsadi — korrupsiyadan holi dunyo yaratish.
Tashkilot korrupsiyani „ishonib topshirilgan hokimiyatdan shaxsiy manfaat uchun foydalanish“ sifatida taʼriflaydi. Bu – hokimiyat egalari halolligiga tayanadigan barcha fuqarolarga zarar yetkazadi. Transparency International korrupsiyaga qarshi amaliy vositalar va mexanizmlar ishlab chiqadi hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari, kompaniyalar va hukumatlar bilan hamkorlikda ularni tatbiq qiladi. Transparency International 1995-yildan buyon yillik CPI indeksini eʼlon qilib keladi; Global korrupsiya hisoboti, Global korrupsiya barometri va Pora beruvchilar indeksi kabi muhim hisobotlarni chiqaradi. 2030-yillarga yaqinlashar ekan, TI yangi global strategiyasi — „Hokimiyatni javobgarlikka tortish – Korrupsiyaga qarshi global strategiya 2021–2030“ orqali dunyo miqyosida korrupsiyaga qarshi kurashda yetakchilikni kuchaytirishga intilmoqda. Ushbu strategiya harakatning umumiy maqsadini quyidagicha belgilaydi: „Kelajak yanada ijobiy boʻlgan, hokimiyat umumiy manfaat yoʻlida javobgarlikka tortiladigan dunyo yaratish“.
