„Shum bola“ — oʻzbek yozuvchisi va shoiri Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub qissa. Muallif asarni 1936-yil yozgan. Qissa bir necha marta nashr qilingan. Qissada ijodkorning bolaligi, XX asr boshidagi Toshkent hayoti tasvirlangan.
| Muallif(lar) | Gʻafur Gʻulom |
|---|---|
| Til | oʻzbekcha |
| Janr(lar)i | qissa |
| Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 1936 |
Qissa oʻtkir hajviy asar boʻlib, haqiqiy voqealar va shaxslar taqdiriga asoslangan. Asar markazida yozuvchining hayotidan olingan koʻp faktlar turgan boʻlsa-da, u avtobiografik emas. Unda haqiqiy tarixiy faktlarga nisbatan badiiy toʻqima, fantaziya kuchli.
Qissani F. Shayhutdinova (1968) hamda A. Naumov (1970) rus tiliga, V. Grimich (1991) ukrain tiliga tarjima qilingan.
1977-yil asar asosida „Shum bola“ filmi suratga olingan. Film ham oʻzbek, ham xorijiy film tanqidchilari tahsiniga sazovor boʻlgan.
2023-yil asar BBC nashri tomonidan barcha davrlarning eng yaxshi top-100 bolalar kitoblari reytingiga kiritilgan. Shu yili Gʻafur Gʻulom tavalludining 120-yilligi munosabati bilan adib nomidagi nashriyot tomonidan qissaning yangi oʻzbekcha nashri chop etilgan.
Syujeti
Qissada shum bola-Qoravoy haqida hikoya qilinadi. Qoravoy uyidan ketib qolib, oʻzining topqirligi, zukkoligi, shoʻx-shaddodligi tufayli turli sarguzashtlarni boshidan kechiradi. Shum bola bir guruh oʻgʻriga, har bir gapga „innaykeyin?“ deb javob qaytaruvchi boyga, giyohvand mullalarga duch keladi.
Qahramonlari
- Qoravoy — shum bola
- Omon — Qoravoyning doʻsti
- Qodir aka — samovarchi
- Sulton — oʻgʻri
- Sharifjon — mulla
- Sariboy – boy
- Rahmatullo — sarkor
- Hoji bobo — mulla