- Vikipediyada ismi Nazar boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Nazar Soliyevich Eshonqulov | |
|---|---|
![]() | |
| Tavalludi | 1962-yil 15-iyun |
| Kasbi | yozuvchi |
| Ijod qilgan tillari | oʻzbek tili |
| Fuqaroligi | |
| Yoʻnalish | hikoya, roman, qissa |
| Mukofotlari | |
Nazar Eshonqul (15-iyun 1962-yil Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani) – Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi, ssenariynavis, telejurnalist. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.
Tarjimai holi
Nazar Soliyevich Eshonqulov 1962-yil 15-iyun kuni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Tersota qishlogʻida dunyoga kelgan. 1979-yilda Oʻrta maktabni tamomlab Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1981—1986) va oʻshu yerda aspiranturani ham (1986—1991) davom ettirdi.
Faoliyati
- 1991-1994-yillarda "Yozuvchi" gazetasida masʼul kotibi va bo'lim mudiri;
- 1994-1997-yillarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodiy masalalari boʻyicha maslahatchisi
- 1997-2005-yillarda „Jahon adabiyoti" jurnalida masʼul kotibi va bo'lim mudiri
- 2005-2015-yillarda O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining "O'zbekiston" teleradiokanali "Madaniy-ma'rifiy ko'rsatuvlar" bo'limi bosh muharriri, 2016-yildan buyon "O'zbektelefilm" davlat muassasasi bosh muharriri va direktori o'rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Asarlari, kinossenariylari va dramaturgiyasi
Nasrimizning oʻtgan asr 80–90-yillardagi yanglanishi odatiy anʼanaviy yoʻldan birmuncha oʻzgacharoq kechdi, XIX asr oxiri – XXasr boshlarida Gʻarbda paydo boʻlgan adabiy oqimga oʻxshash sifatlar paydo boʻldi. Shu oʻrinda yozuvchi Nazar Eshonqul oʻzbek nasriga, ayniqsa, hikoyachiligiga oʻzgacha ovoz va ruh olib kirdi. U mana shu janrni Sharq va Gʻarb adabiyoti anʼanalari bilan uygʻunlashtirayotgan adiblar qatoridan joy olgan. Uning dastlabki asari – „Urush odamlari“ qissasi (1989). Shundan soʻng „Momoqoʻshiq“ (1991), „Yalpiz hidi“ (1996) „Ufq ortidagi quyosh“, „Maymun yetaklagan odam“ (2004), „Shamolni tutib boʻlmaydi“(2005), „Shaftoli guli“ (2011) nomli bir qator kitoblari nashr etildi. "Goʻroʻgʻli yohud Hayot suvi", "Taʼqiq mevasi", "Giryon" romanlari nashr etilgan. 2012-yilda "Sharq yulduzi" jurnalida "Go'ro'g'li yohud Hayot suvi" romani 2-3-sonlarda yozilgan va 2018-yilda esa G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida alohida kitob sifatida chop etilgan. Nazar Eshonqul ssenariylari asosida "Notanish polvon", "Lola", "Aydinlar", "Qish ertagi", "Poydevor", "Sevgi farishtasi" badiiy filmlari va "Tutash taqdirlar", "Opa-singillar", "Yosh oila", "Chegaradagi qishloq: 1-mavsum", "Muhabbat liboslari: 1-mavsum", "Ustoz", "Chegaradagi qishloq: 2-mavsum", "Muhabbat liboslari: 2-mavsum" teleseriallari suratga olingan. Nazar Eshonqul "Sumbula", "Shiroq" va "Jaloliddin Manguberdi" pyesalarini sahnalashtirgan.
Nazar Eshonqul haqidagi fikrlar
Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov yozuvchi haqida shunday deydi: „Nazar Eshonqul mening nazarimda bizning oʻzbek adabiyotida dunyo adabiyotlarining eng ilgʻor oqimlari va usullarini chuqur oʻrganagan va oʻz asarlarida targʻib qilgan“.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori Bahodir Xoliqov shunday fikrlarini bildirgan: „Nazar Eshonqul asarlari orqali Yevropa, shuningdek, Lotin Amerikasi yozuvchilarining asarlarini ham toʻgʻri tushunish, ularning asarlarini anglash, his etish imkoniyatiga ham ega boʻlamiz“.
Mukofotlari va yutuqlari
Nazar Eshonqul 1999-yili „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan. 2022-yil 27-iyunda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi" unvoni bilan taqdirlangan. 2024-yilda Texas universiteti qoshidagi Mundus Artium Press jahon adabiyoti nashriyoti tomonidan „Yil yozuvchisi“ deb topilgan va ushbu mukofot bilan taqdirlangan.
- 15-iyunda tugʻilganlar
- 1962-yilda tugʻilganlar
- Qamashi tumanida tugʻilganlar
- Shuhrat medali sohiblari
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimlari
- Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari
- Oʻzbekiston Milliy universiteti bitiruvchilari
