- Vikipediyada ismi Nabijon va familiyasi Qosimov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Nabijon Kasimov | |
|---|---|
| | |
| Mansab davri 2024-yil martdan | |
| Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchisi | |
| Mansab davri 2017-yil 23-oktyabrdan – 2023-yil 26-sentyabrgacha | |
| Prezident | Shavkat Mirziyoyev |
| Oʻtmishdoshi | Baxtiyor Gʻulomov |
| Vorisi | Dilshod Ahatov |
| Shaxsiy maʼlumotlari | |
| Tavalludi | 1970-yil 5-noyabr Toshkent |
| Mukofotlari | |
| Vebsayti | DUWK Büro |
Nabijon Sadikdjanovich Kasimov - o‘zbek diplomati va xalqaro iqtisodchi. Germaniya-O‘zbekiston biznes hamkorligi byurosi "DUWK Büro" rahbari. 2017-yildan 2023-yilgacha Germaniya, Shveysariya, Shvetsiya va Chexiyada O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi bo‘lib ishlagan. Shuningdek, O‘zbekiston Xususiy turizm tashkilotlari assotsiatsiyasi raisi lavozimini egallagan va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.
Ta’lim
Nabijon Kasimov 1988-yilda Toshkentdagi o‘rta maktabni medal bilan tugatgan. 1988-yildan 1993-yilgacha Toshkent davlat sharqshunoslik Instituti xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetida tahsil olgan. 1997-yildan 1998-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida o‘qib, xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha magistr darajasini olgan.
Mehnat faoliyati
1993-yildan 1999-yilgacha O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi qoshidagi "Uzmarkazimpex" tashqi savdo kompaniyasida paxta tolasi eksporti bilan shug‘ullangan. 1996-yilda AQShning Memfis shahrida Xalqaro paxta institutida ta'lim olgan. Shuningdek, 1996-1999 yillarda New York Cotton Exchange (AQSh), Liverpool Cotton Exchange (Buyuk Britaniya) va Bremer Baumwollbörse (Germaniya) kabi xalqaro kompaniyalar va tovar birjalarida malaka oshirgan.
1999-yil avgust oyida Nabijon Kasimov Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasida Ikkinchi kotib etib tayinlangan va 2003-yilgacha ishlagan, bu davrda Savdo-iqtisodiy maslahatchisi lavozimiga erishgan.
2003-yildan 2004-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida tashqi savdo kompaniyalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha guruhga rahbarlik qilgan.
2004-yilda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashkil etilganidan so‘ng, uning Birinchi kongressida Tashqi iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari etib saylangan. 2008-yildan 2013-yilgacha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Boshqaruv a’zosi va Tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha rais maslahatchisi bo‘lgan.
2013-yilda O‘zbekiston Xususiy turizm tashkilotlari assotsiatsiyasi raisi etib saylangan.
2017-yildan 2023-yilgacha Germaniyada O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi bo‘lgan. Shuningdek, 2018-2023 yillarda Shveysariya va Shvetsiyada, 2019-2023 yillarda esa Chexiyada O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi (qo‘shma tayinlash asosida) bo‘lib ishlagan.
2017-yilning 28-noyabr kuni Germaniya Prezidenti Frank-Walter Steinmeierga ishonch yorliqlarini topshirdi. 2018-yilning 29-avgust kuni Shvetsariya Prezidenti Alain Bersetga ishonch yorliqlarini topshirdi. 2018-yilning 13-dekabr kuni Shvetsiya Qiroli Carl XVI Gustafga ishonch yorliqlarini topshirdi. 2019-yilning 21-fevral kuni Praga shahrida Chexiya Prezidenti Miloš Zemanga ishonch yorliqlarini topshirdi.
2024-yil mart oyidan boshlab Nabijon Kasimov Germaniya-O‘zbekiston biznes hamkorligi byurosi “DUWK Büro” rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda.
Mukofotlar
2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan.
- 5-noyabrda tugʻilganlar
- 1970-yilda tugʻilganlar
- Toshkentda tugʻilganlar
- Sodiq xizmatlari uchun medali sohiblari
- Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchilari
- Oʻzbekistonning Shveysariyadagi elchilari
- Oʻzbekistonning Shvetsiyadagi elchilari
- Oʻzbekistonning Chexiyadagi elchilari
- Yashayotgan insonlar

