Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Mamadali Qurbonovich Qurbonov (1905 – 1976-yil 14-may) – Tojikiston Bosh vaziri (1937-1946 yillar), SSSR Oliy Kengashining 1- va 2-chaqiriq deputati, Oʻsh shaha

Mamadali Qurbonov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Mamadali Qurbonovich Qurbonov
Мамадали Курбанович Курбанов
Oʻsh shahar ijroiya qoʻmitasi raisi
Mansab davri
1957  1960
 Tojikiston SSR Vazirlar Kengashi - Xalq Komissarlari Kengashi raisi
Mansab davri
1937-yil 16-sentyabr  1946-yil aprel
Oʻtmishdoshi Oʻrinboy Ashurov
Vorisi Jabbor Rasulov
 Tojikiston SSR Vazirlar Kengashi - Xalq Komissarlari Kengashi (XKK) raisi oʻrinbosari
Mansab davri
1937  1937
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1905-yil
Uchqoʻrgʻon qishlogʻi, Oʻsh uyezdi, Fargʻona viloyati (Rossiya imperiyasi)
Vafoti 14-may 1976-yil
Oʻsh (shahar), Qirgʻiziston SSR, SSSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSRI →  Kyrgyzstan
Siyosiy partiyasi VKP (b) (1930-yildan)
Turmush oʻrtogʻi birinchi turmush oʻrtogʻi — Yormatova Sobiraxon, uning vafotidan keyin Rahimaxon Tojiboyevna Qurbonova (Sultonova) (1928-2006) bilan turmush qurgan
Bolalari Oʻgʻillari — Gʻafur, Rahmon, Hakim, Rustam, Suxrob, Dilshod, Sergo-Shahzoda (22.04.1964-yil) Ural togʻ-metallurgiya kompaniyasi bosh direktor oʻrinbosari, „Trans-Atlantik“ MChJ egasi
Qizlari — Jamila, Gulchehra, Eleonora va Minora (ikki qizi Toshkent shahrida yashaydi)
Otasi Qurbon
Kasbi kon muhandisi
Dini islom
Mukofotlari 1-darajali Vatan urushi ordeni
Dafn etilgan joyi Oʻsh

Mamadali Qurbonovich Qurbonov (1905 – 1976-yil 14-may) – Tojikiston Bosh vaziri (1937-1946 yillar), SSSR Oliy Kengashining 1- va 2-chaqiriq deputati, Oʻsh shahar va Oʻsh viloyati ijroiya qoʻmitalari raisi.

Hayot yoʻli

Mamadali Qurbonov Oʻsh uyezdi Uchqoʻrgʻon qishlogʻida (hozirgi Qadamjoy tumani) kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan, millati tojik. Maʼlumoti oʻrta, togʻ-kon fakulteti qoshidagi ishchilar kurslarini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Qizilqiya koʻmir konida konchilikdan boshlagan. 1930-yildan VKP(b) aʼzosi. Qizilqiya koʻmir konidan taniqli davlat arboblari chiqqan. Jumladan, konchi Toʻraboy Qulatov Qirgʻiziston SSR Xalq Komissarlari Kengashi raisi, soʻngra esa Qirgʻiziston SSR Oliy Kengashi raisi boʻlgan, Mamadali Qurbonov esa 1937-yildan 1946-yilgacha Tojikiston SSR Xalq Komissarlari raisi lavozimida ishlagan.

  • 1924—1930-yillar – Qirgʻiziston SSR Oʻsh viloyati Qizilqiya koʻmir konida konchi.
  • 1930—1931-yillar – Qizilqiya koʻmir konida qutqarish va texnik xavfsizligi stansiyasi boshligʻi.
  • 1931—1933-yillar – Qizilqiya koʻmir koni boshligʻi.
  • 1933—1936-yillar – Tojikiston SSR „Shurab-koʻmir“ boshligʻi.
  • 1936—1937-yillar – Tojikiston SSR mahalliy sanoat xalq komissari, bir vaqt oʻzida Tojikiston Kommunistik partiya Markaziy Qoʻmitasining transport va sanoat boʻlimi mudiri.
  • 1937-yili Tojikiston SSR Xalq Komissarlari Kengashi raisi oʻrinbosari, Yer boʻyicha xalq komissari.

1937-yil 16-sentabrdan 1946-yil aprelgacha Tojikiston SSR Xalq Komissarlari Kengashi – Vazirlar Kengashi raisi. Tojikiston SSR hukumati raisligiga Tojikiston SSR Kompartiyasi 3 syezdida tasdiqlangan. Uning bevosita rahbarligi ostida Tojikistonning poytaxti Dushanba shahri, Pomirga olib boruvchi Oʻsh-Xorugʻ avtomagistral yoʻli, Tojikistondagi birinchi Varzob GES va boshqa obyektlar qurildi. Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi davrlarda Tojikiston frontga qishloq xoʻjalik mahsulotlarini, oziq-ovqatlarni, paxtani, qurol-yaroqlarni va boshqa mahsulotlarni yetkazardi.

1939-yil 21-mart — 1952-yil 5-oktabr VKP(b) Markaziy revizion komissiyasi aʼzosi, 1939-yil va 1941-yil TsK KPSS syezdlarida tasdiqlangan. Mamadali Qurbonov SSSR Hukumati qarorlari bilan 1939-yil 17-oktyabrda Lenin ordeni (Tojikiston SSR qishloq xoʻjaligida yuksak yutuqlarga erishgani va paxta planini oshigʻi bilan bajargani uchun), 1940-yil 28-aprelda „Hurmat belgisi“ ordeni (SSSRda eng buyuk boʻlgan irrigatsiya inshooti I.Stalin nomli Katta Fargʻona kanali qurilishida faol qatnashgani va bunda koʻrsatgan yutuqlari uchun). 1944-yil 3-yanvarda Lenin ordeni bilan ikkinchi marta taqdirlangan.

  • 1946-yil – Oʻzbekiston SSR qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari.
  • 1947—1949-yillar – Fargʻona viloyati ijroiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari.
  • 1949—1950-yillar – Qirgʻiziston SSR Yengil sanoat vazirining birinchi oʻrinbosari.
  • 1950—1957-yillar – Oʻsh viloyati Ijroiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari.
  • 1957—1960-yillari – Oʻsh shahar Ijroiya qoʻmitasi raisi.

Mamadali Qurbonov Oʻsh shahri rahbari lavozimida ishlab turganda, Oʻsh pedagogika oliygohi binosi, Oqbura daryosi ustidagi katta temir-beton koʻprik (birinchi marta shaharni oʻng va chap qirgʻogʻi bilan tutashtirgan), xalqaro avtomatik telefon stansiyasi qurildi va ekspluatatsiyaga topshirildi. 1957-yili Oʻsh shahrining asosiy qismi ariq suvi oʻrniga ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Oʻsh shahrida 1959-yili SSSRda (Kishinyovdan keyin) ikkinchi boʻlgan artezian quduqlardan suv tortuvchi nasoslarni ishlab chiqarish korxonasi qurildi.

1960—1967-yillari – Oʻsh-Xorugʻ avtomagistralidan Tojikistonga xalq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib beradigan Pomir ishlab chiqarish avtotransport birlashmasi bosh direktori. Uning rahbarligida 1120 ta odam ishlardi.

1960-yildan – Qurbonov Ittifoq miqyosidagi shaxsiy pensioner.

Tojikistonning Koʻlob okrugidan 1- va 2-chaqiriq SSSR Oliy Kengashi deputati, byudjet komissiyasi aʼzosi. Tojikiston SSR Oliy Kengashi deputati (1937-1948 yillar). Oʻsh viloyati kengashi va Oʻsh shahar kengashi deputati.

KPSS MQ Siyosiy byurosi aʼzosi Anastas Mikoyan bilan doʻst boʻlishgan. Oʻgʻli Sergo-Shahzoda (22-aprel 1964 yil) Ural togʻ-metallurgiya kompaniyasi bosh direktor oʻrinbosari, Oʻsh shahridagi 15 sonli maktabni va onasi koʻmilgan Oʻsh shahridagi yangi avtoshohbekat oldidagi qabristonni obod qilgan.

Mamadali Qurbonov 1976-yil 14-mayda vafot etgan va u Sulaymon togʻining janubiy qoyasi tomonidagi qabristoniga, unga minnatdor boʻlgan minglab shaharliklar ishtirokida dafn etilgan.

Xotirasi

  • Mustaqil Tojikiston hukumati qarori bilan Tojikiston poytaxti Dushanba shahrining markazida joylashgan Vazirlar Kengashi eski binosiga memorial lavha oʻrnatilgan.
  • Tojikiston poytaxti Dushanba shahrining Ismoil Somoniy tumani markaziy koʻchalaridan biri (eski nomi Patris Lumumba koʻchasi) Mamadali Qurbonov nomiga qoʻyilgan.
  • Oʻsh shahar kengashining 2003-yil 17-martdagi 128-sonli qaroriga asosan Oʻsh shahridagi Musorgskiy koʻchasi Mamadali Qurbonov sharafiga qoʻyilgan.
  • Oʻsh shahar 15 sonli maktab (eski nomi Telman nomli maktab) Mamadali Qurbonov sharafiga qoʻyilgan va shu maktab hovlisida Mamadali Qurbonovning byusti oʻrnatilgan.
  • Oʻzining vatanida Botken viloyati, Qadamjoy tumani Uchqoʻrgʻon qishlogʻida tojik maktabi Mamadali Qurbonov sharafiga nomlangan.

Mukofotlari

  • Lenin ordeni (1939-yil 17-oktyabr). Tojikiston SSR qishloq xoʻjaligida katta muvaffaqiyatlar va paxta rejasini oshigʻi bilan bajarganligi uchun.
  • „Hurmat belgisi“ ordeni (1940-yil 28-aprel). SSSRda eng yirik irrigatsiya inshooti I. V. Stalin nomli Katta Fargʻona kanali qurilishida faol qatnashganligi uchun.
  • Lenin ordeni (1944-yil 3-yanvar) bilan ikkinchi marta taqdirlangan.
  • Shuningdek „Hurmat belgisi ordeni bilan uch marta, Mehnat Qizil Bayroq va 2 darajali “Vatan urushi" ordenlari bilan taqdirlangan.
  • koʻplab medallar, Qirgʻiziston Kompartiya MQ va Oliy Kengashi rayosatining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

Sulolasi

  • Oʻgʻli – Qurbonov Sergo-Shaxzoda Mamadaliyevich (1964-yil Oʻsh shahrida tugʻilgan) – Ural togʻ-metallurgiya kompaniyasi bosh direktor oʻrinbosari, „Trans Atlantik Grupp“ MChJ egasi.

Xotini Rahimaxon tomonidan qarindoshlari:

  • Qudasi – Sulton Toirboyev – inqilobdan oldin Oʻsh shahrining sharqiy qismini boshqargan mingboshi, Oʻsh shahar katta oqsoqoli.
  • Qudasining ukasi – Qudrat Toirboyev – inqilobdan oldin Oʻsh shahrining sharqiy qismini boshqargan mingboshi, Oʻsh shahar katta oqsoqoli.
  • Qudasi – Rahmonberdi Madazimov (1875-1933) – Qirgʻiziston janubidagi teatr harakatining asoschisi, Bobur nomli Oʻsh oʻzbek akademik musiqali drama teatrining birinchi asoschisi, tashkilotchisi va badiiy rahbari, yozuvchi.
  • Sultonov, Boltihoji Sultonovich (1884-1919) – Qirgʻizistonning atoqli davlat, siyosat va jamoat arbobi, Oʻsh uezdi rahbari oʻrinbosari (1918-1919), Janubiy Qirgʻizistonda sovet hokimiyatini oʻrnatish uchun kurash rahbarlaridan biri, Oʻsh shahar militsiyasining asoschisi va birinchi boshligʻi (1918-yil 5-fevral).
  • Oʻrinboy Rahmonov (1910-1980) – Bobur nomli Oʻsh oʻzbek akademik musiqali drama teatrining asoschisi, artist va shoir.
  • Izzat Sulton (toʻliq ismi Sultonov Izzat Otaxonovich) (1910-yil Oʻsh shahrida tugʻilgan – 2001-yil Toshkent shahrida vafot etgan) – Toshkent kinostudiyasi direktori (1943—1945-yillar), Oʻzbekiston SSR Vazirlar Kengashi raisi, madaniyat boʻyicha oʻrinbosari (1945-1948 yillar), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi kotibi (1956-1963 yillar), akademik (1995-yil), yozuvchi, dramaturg va adabiy tanqidchi.
  • Sultonov Muxtor Nasrullayevich (1926-yil Oʻsh shahrida tugʻilgan – 1998-yil Toshkent shahrida vafot etgan) Oʻzbekiston IIV 1-oʻrinbosari, militsiya general-mayori (1979—1985 va 1989—1991-yillar).
  • Sultonov Gʻani Sultonovich – Oʻzbekiston SSR Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari (1956—1957-yillar), Oʻzbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1954—1959-yillar).
  • Sultonov – Oʻzbekiston SSR xalq maorifi vaziri.
  • Azizullo Izzatullayev (1925—1991) – Oʻzbekistonning davlat va jamoat аrbobi, Yangiyoʻl tumani ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari (1962—1983-yillar), "Vatan urushi" va „Hurmat belgisi“ ordenlari sohibi.

Adabiyotlar

  • Spravochnik po istorii Kommunisticheskoy partii i Sovetskogo Soyuza 1898-1991 godi.
  • Tojik milliy ensiklopediyasi.
  • Kommunistik Ensiklopediya.
  • Kniga „Dokumenti sovetskoy istorii“. Sovetskoye rukovodstvo perepiska. 1928-1941 g. chast 5. str.379.
  • Lichnoye delo deputata Verxovnogo Soveta SSSR 2 soziva Mamadali Kurbanova xranitsya v Gosudarstvennom arxive RF (lichnoye delo № R7523 48 598 iz 9 listov).
  • Lichnoye delo Mamadali Kurbanova xranitsya v Gosudarstvennom arxive RF (lichnoye delo № 544 iz 19 listov) dati dela: 12-dekabrya 1937-10-fevralya 1946.
Yuqori