Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Genetik ifloslanish – yovvoyi tabiatdagi turlarga nazorat qilib boʻlmaydigan darajada genlarning oʻtishi (gen koʻchishi) jarayonini anglatuvchi atama. Ilmiy jih

Genetik ifloslanish

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Genetik ifloslanish – yovvoyi tabiatdagi turlarga nazorat qilib boʻlmaydigan darajada genlarning oʻtishi (gen koʻchishi) jarayonini anglatuvchi atama. Ilmiy jihatdan u „genetik jihatdan oʻzgartirilgan (GMO) organizmlardan tabiiy organizmlarga begona yoki oʻzgargan genlarning, asosan, changlanish orqali tarqalishi“ deb taʼriflanadi, biroq hozirda bu atama kengroq maʼnolarda ham qoʻllanilmoqda. Bu tushuncha populyatsiya genetikasidagi „gen oqimi“ hamda populyatsiyaning yashovchanligini oshirish uchun ataylab amalga oshiriladigan „genetik qutqaruv“ tushunchalari bilan bogʻliq. Agar genlarning bunday oʻtishi populyatsiya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatsa, masalan, turlarning yashovchanligi pasayishi yoki keraksiz xususiyatlarning paydo boʻlishi oqibatida turning qirilib ketishiga olib kelsa, bu jarayon genetik ifloslanish deb ataladi.

Tabiatni muhofaza qilish boʻyicha biologlar va mutaxassislar ushbu atamani xonaki, yovvoyilashgan yoki mahalliy boʻlmagan turlardan mahalliy yovvoyi turlarga genlarning oʻtishini tasvirlash uchun ishlatadi. Ular buni salbiy holat deb hisoblaydi. Mutaxassislar chetdan keltirilgan invaziv turlarning mahalliy turlar bilan chatishtirilishi natijasida yuzaga keladigan genetik ifloslanish oqibatlariga eʼtibor qaratadi. Qishloq xoʻjaligi, oʻrmonchilik va chorvachilik sohalarida genetik ifloslanish iborasi genetik jihatdan oʻzgartirilgan (GMO) turlar va ularning yovvoyi qarindoshlari oʻrtasidagi gen almashinuvini ifodalash uchun qoʻllaniladi. „Ifloslanish“ soʻzining ishlatilishi genetik maʼlumotlarning aralashishi atrof-muhit uchun zararli degan fikrni yetkazishga qaratilgan. Biroq, genetik maʼlumotlarning aralashishi har doim ham bir xil natija bermasligi va baʼzan turlicha oqibatlarga olib kelishi mumkinligi sababli, „ifloslanish“ soʻzi har doim ham ilmiy jihatdan eng aniq taʼrif boʻlmasligi mumkin.

Yovvoyi populyatsiyadagi gen oqimi

Tabiatni muhofaza qilish boʻyicha ayrim biologlar va mutaxassislar koʻp yillardan buyon „genetik ifloslanish“ atamasini qoʻllab kelishmoqda. Bu atama mahalliy boʻlmagan, invaziv, xonaki yoki genetik muhandislik asosida yaratilgan populyatsiyalardan mahalliy yovvoyi turlarga genlarning oʻtishini tasvirlash uchun ishlatiladi.

Ahamiyati

Inson aralashuvi orqali populyatsiya genofondiga genetik materialning kiritilishi ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Populyatsiyaning yashovchanligini oshirish maqsadida genetik materialning ataylab kiritilishi „genetik qutqaruv“ deb ataladi. Agar genetik material populyatsiyaga tasodifan kirib qolsa, bu „genetik ifloslanish“ hisoblanadi va u populyatsiya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi (asosan autbriding depressiyasi orqali), kutilmagan tashqi belgilarni (fenotiplarni) keltirib chiqarishi yoki nazariy jihatdan turning qirilib ketishiga sabab boʻlishi mumkin.

Chetdan keltirilgan turlar

Chetdan keltirilgan tur – muayyan ekotizim uchun mahalliy boʻlmagan, u yerga atayin yoki tasodifan olib kelingan tur. Bunday turlarning taʼsiri turlicha boʻladi, biroq agar keltirilgan tur yangi muhitga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatsa, u invaziv tur deb hisoblanadi. Bunga misol sifatida 1996-yilda Nyu-Yorkning Bruklin shahrida aniqlangan, Shimoliy Amerikaga keltirilgan Osiyo uzunshoxli qoʻngʻizini keltirish mumkin. Taxminlarga koʻra, bu qoʻngʻizlar savdo portlariga yuklar orqali kelib qolgan. Ular atrof-muhitga katta zarar yetkazadi va tabiiy oʻrmonlarni hisobga olmaganda ham, shahar daraxtlarining 35 foizini xavf ostida qoldirishi taxmin qilinadi. Bu qoʻngʻizlarning lichinkalari daraxt tanasida yoʻlaklar ochib, yogʻochga jiddiy shikast yetkazadi. Ularning ekotizimda mavjudligi tabiiy muvozanatni buzadi va tizimdagi koʻplab boshqa turlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Biroq, keltirilgan turlar har doim ham muhitni buzuvchi boʻlib chiqavermaydi. Pensilvaniya shtati universiteti olimlari Tomás Carlo va Jason Gleditch hududdagi invaziv shilvi oʻsimliklarining miqdori qushlarning soni va xilma-xilligi bilan bogʻliqligini aniqlashdi. Bu esa keltirilgan shilvi oʻsimliklari va qushlar oʻzaro manfaatli munosabat shakllantirganini koʻrsatadi. Shilvining mavjudligi oʻsha hududdagi qushlar populyatsiyasining yuqori darajadagi xilma-xilligi bilan bogʻliq boʻlib chiqdi. Bu esa keltirilgan turlar har doim ham zararli emasligini va ularning taʼsiri butunlay sharoitga bogʻliqligini isbotlaydi.

Yana qarang

  • Biologik xilma-xillik
  • Bioetika
  • Disgenika
  • Genofond
  • Genetik eroziya
  • Genetik monitoring
  • Introgressiya
  • Metisatsiya
Yuqori