| Feriye saroyi | |
|---|---|
![]() Istanbuldagi Bosfor bo‘g‘ozi bo‘yida joylashgan Feriye saroyi, hozir Galatasaroy universiteti tomonidan foydalaniladi | |
| Umumiy maʼlumot | |
| Turi | Saroy |
| Joylashuvi | Istanbul, Turkiya |
| Koordinatalar | 41°02′44″N 29°01′13″E / 41.04556°N 29.02028°E |
| Mijoz | Usmoniylar oilasi |
| Egasi | Turkiya |
| Dizayn va konstruksiya | |
| Meʼmor | Sarkis Balyan |
| Feriye saroyi | |
Feriye saroyi (turkcha: Feriye Sarayı) — Turkiyaning Istanbul shahri Bosfor boʻgʻozining Yevropa qirgʻogʻi boʻylab joylashgan Usmoniylar saroy binolari majmuasi. Hozir bu yerda litsey va universitet kabi taʼlim muassasalari faoliyat yuritadi.
Tarixi
Usmoniylar imperiyasi sultoni Abdulaziz (h. 1861–1876) 1871-yilda ushbu saroy majmuasi qurilishiga buyurtma bergan va bino meʼmor Sarkis Balyan tomonidan loyihalashtirilgan. Binolar Usmoniylar oila aʼzolarining yashash ehtiyojini qondirish maqsadida qurilgan. Dolmabahçe saroyi va Çırağan saroyiga qoʻshimcha ravishda barpo etilgan bu saroy usmoniylar turk tilida „ikkinchi darajali“ yoki „yordamchi“ maʼnosini bildiruvchi „Feriye“ nomini olgan. Feriye saroyi sohil boʻyidagi uchta asosiy bino, xizmatkorlar uchun qoʻshimcha bino, ikki qavatli kichik bino hamda orqa tomondagi xoʻjalik binolaridan iborat.
1876-yil 30-may kuni sulton Abdulaziz vazirlari tomonidan taxtdan agʻdarilgan. Shundan soʻng Topkapı saroyida toʻrt kun yashagan va oʻz iltimosiga koʻra Feriye saroyiga koʻchib oʻtgan. Oradan koʻp oʻtmay, u Feriye saroyida bilak tomirlari kesilgan holda topilgan. Oʻsha paytda bu holat oʻz joniga qasd qilish sifatida qayd etilgan.
Turkiya Respublikasi yangi tashkil etilgan davrda parlament tomonidan Usmoniylar xalifaligining tugatilishiga (1924-yil 3-mart) qadar Usmoniylar sulolasining turli aʼzolari Feriye saroyida yashab kelgan. Soʻnggi xalifa Abdulmajid II saroy aʼzolari bilan birga mamlakatdan chiqarib yuborilgach, binolar bir muddat boʻsh qolgan.
Hozirgi holati
1927-yilda Dengizchilik kolleji (turkcha: denizcilik Yüksek Okulu) Feriye saroyining ayrim binolariga joylashgan. 1928–1929-oʻquv yilida Kabatosh litseyi ham saroy majmuasining ayrim binolariga koʻchib oʻtgan. 1967-yilda muassasa aralash taʼlim berishni boshlaganida saroyning bir qismidan Galatasaroy litseyining qizlar boʻlimi joy olgan. Majmuaning shimoli-sharqidagi bir qismi esa yillar davomida eʼtiborsiz qolgan.
Dengizchilik kolleji 1981-yilda Istanbul texnika universitetining dengizchilik maktabiga aylantirilgan va Istanbulning Tuzla tumaniga koʻchirilgan. Binolar vaqtincha boʻsh qolgan, soʻng 1982-yilda Ziya Kalkavan dengizchilik kasb-hunar litseyiga biriktirilgan.
Galatasaroy litseyining qizlar boʻlimi foydalangan binolar 1992-yilda Galatasaroy universiteti tasarrufiga topshirilgan. Asosiy binodan universitetning bir qator fakultetlari, jumladan, huquq, iqtisodiyot va kommunikatsiyalar fakultetlari hamda turli maʼmuriy idoralar foydalangan. Hozir universitet foydalanayotgan asosiy bino dastlab „İbrahim Tevfik Efendi Sahil Sarayı“ (tarjimasi „Ibrohim Tavfiq afandi sohil saroyi“) nomi bilan tanilgan edi.
1995-yilda majmuaning qarovsiz holatda qolgan qismi Kabatosh Taʼlim jamgʻarmasi tomonidan restavratsiya qilinib, yuqori toifali restoran Feriye Lokantasıga aylantirilgan.
Galatasaroy universiteti foydalanayotgan asosiy bino 2013-yil 22-yanvarda yongʻin oqibatida jiddiy zarar koʻrgan. Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi binoning avvalgi holida qayta tiklanishini va bundan buyon ham taʼlim maqsadlarida foydalanilishini maʼlum qilgan.
Yana qarang
- Binolar
- 1871-yilda qurib bitkazilgan uylar
- Galatasaroy universiteti
- Istanbuldagi Usmonlilar imperiyasi saroylari
- Bosfor
- Turkiyada 19-asr me’morchiligi
