Bospor podsholigi — Qora dengizning shimoliy sohilidagi quldorlik davlati (miloddan avvalgi V asr — milodiy IV asr). Miloddan avvalgi 480 yillarda Kerch, Taman yarim orollaridagi yunon shaharlarining birlashuvi natijasida vujudga kelgan. Poytaxti — Pantikapey (hozirgi Kerch), bundan tashqari Fanagoriya, Germonassa (hozirgi Taman), Feodosiya, Nimfey kabi yirik shaharlari boʻlgan.
Bospor podsholigini dastlab yunon sulolalaridan boʻlgan arxeanaktidlar (miloddan avvalgi 480— 438), keyin — yunonmahalliy spartokiylar (miloddan avvalgi 438—109) sulolasi boshqargan. Bu davlatning iqtisodiy va madaniy jihatdan eng yuksalgan davri miloddan avvalgi 4—III asrlarga toʻgʻri keladi. Yunoniston va Kichik Osiyoga g'alla, koramol, baliq, teri, qullar savdoga chiqarilgan, bu mamlakatlardan esa vino, zaytun moyi, sopol va metall buyumlar, gazmol olingan. Bospor podsholigi xoʻjaligida dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik va hunarmandchilik taraqqiy etgan. Milodiy IV asr oxirida Bospor podsholigi gunnlar tomonidan tugatilgan.
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- Tarix