| Az-Zohir Gʻoziy | |
|---|---|
| Almalik az-Zohir | |
| Az-Zohir tangasi | |
| Halab amiri | |
| Saltanat | 1193-yil 4-mart — 1216-yil 8-oktyabr |
| Oʻtmishdoshi | Salohiddin Yusuf Misr va Suriya sultoni sifatida |
| Davomchisi | Al-Aziz Muhammad |
| Tugʻilishi | 1172-yil |
| Vafoti | 1216-yil 8-oktyabr |
| Turmush oʻrtogʻi | Gʻoziya Xotun Dayfa Xotun Vajh al-Qamar |
| Farzandlari | Al-Aziz Muhammad |
| Sulola | Ayyubiylar |
| Otasi | Salohiddin Yusuf |
| Dini | Islom (sunniylik) |
Al-Malik az-Zohir Gʻiyosiddin Gʻoziy ibn Yusuf ibn Ayyub (Az-Zohir Gʻoziy nomi bilan tanilgan; 1172-yilda tugʻilgan — 1216-yil 8-oktyabrda vafot etgan) — 1186-yildan 1216-yilgacha Ayyubiylar sulolasidan boʻlgan kurd millatiga mansub Halab amiri. Salohiddin al-Ayyubiyning uchinchi oʻgʻli. Shimoliy Suriya va Mesopotamiyaning kichik qismi uning nazoratida boʻlgan.
Hayoti
1186-yilda az-Zohir 15 yoshga kirganda otasi uni Halab, Mosul va yaqinda Zangiylardan tortib olingan hududlar hokimi etib tayinlagan. Xuddi shu paytda uning ikki akasi ham Suriya (al-Afdal) va Misr (al-Aziz) hokimi etib tayinlangan. Az-Zohirga berilgan yerlar avval amakisi, Salohiddinning akasi al-Odilning nazorati ostida boʻlgan. 1193-yilda oʻz yerlarini meros qilib olgan az-Zohir Damashqda hukmronlik qilayotgan akasi al-Afdalning hukmronligini tan olishi kerak edi. Biroq u hukumat ishlarini akalaridan mustaqil ravishda olib borgan va va shu sababli bir muddat ularning amakisi Al-Odil bilan boʻlgan kelishmovchiliklariga aralashmagan.
1193-yilda Mosulda davom etayotgan Izzuddin Masʼudning Zangiylar qoʻzgʻolonini bostirish maqsadida az-Zohir amakisi al-Odildan harbiy kuch yuborishini soʻradi va tezda qoʻzgʻolonni bostirishga muvaffaq boʻldi. 1194-yilda az-Zohir al-Afdalning hokimiyatini tan olishi evaziga tuzilgan kelishuv doirasida Loziqiya va Jablani oldi. Biroq 1196-yilga kelib, al-Afdal hukmdor sifatida oʻzining layoqatsizligini namoyon etdi va amakisi al-Odilning qoʻllab-quvvatlovidan mahrum boʻldi. Az-Zohir akasi al-Aziz va amakisi al-Odil bilan birga al-Afdalni taxtdan agʻdarib, uni surgun qildi. 1197-yil oktyabrida Kiprning birinchi qiroli Amalric Bayrutdagi portni qayta egallagani va Antioxiya grafi Bohemond III Loziqiya hamda Jabla portlariga tahdid solayotganidan xabar topgan az-Zohir portlarni vayron qildi. Bohemond bu ikki joyni egallagan boʻlsa-da, ular endilikda foydasiz hududlarga aylangan edi. Shu sababli tez orada ortga chekindi. Shundan soʻng az-Zohir bu hududlarni qayta egallab, Loziqiyadagi qal’ani qayta tikladi.

Halab hukmdori az-Zohir otasining koʻplab maslahatchilarini hokimiyat oʻrinlarida saqlab qoldi. Bahouddin ibn Shaddodni Halab qozisi etib tayinladi. Noanʼanaviy qarashlarga ega as-Suhravardiyni Halabga olib keldi, 1191-yilda esa ortodoks ulamolar talabi bilan uni qamoqqa olishga majbur boʻldi.
Al-Aziz 1198-yilda Misrda vafot etgach, uning oʻrniga 9 yoshli oʻgʻli al-Mansur hokimiyatga keldi. Vazirlar al-Odilning daʼvolaridan xavotirlanib, al-Afdalni surgundan chaqirib olishdi hamda yosh jiyanining nomidan Misr regenti boʻlishni soʻrashdi. Keyingi yil boshida al-Odil shimolda artuqiylar qoʻzgʻolonini bostirish bilan band boʻlgan paytda al-Afdal va az-Zohir ittifoq tuzdilar. Ularga ayyubiy shahzodalarning aksariyati qoʻshildi. Ular birgalikda Damashqni qamal qildilar. Shahar bir necha oy davomida qamalga bardosh bergach, az-Zohir (boshqa ayyubiy shahzodalar kabi) qamalga qiziqishini yoʻqotib, qoʻshinlarini olib chiqib ketdi. Al-Odil jiyanining bu harakatidan mamnun boʻlmadi. U qaytib kelib, az-Zohirning hududlarini Halab atrofi bilan cheklab qoʻydi va uni al-Odilning oliy hukmronligini tan olishga majbur qildi. Hayotining soʻnggi oʻn yillarida salibchilar bilan urushlar olib bordi va boshqa ayyubiy shahzodalarni qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshin yubordi. 1206-yilda qirol Leo Amq jangida az-Zohir kuchlarini magʻlub etsa-da, Halabga qarshi kurashda uzoq muddatli ustunlikka erisha olmadi. 1207-yilda fransuzlar Himsga hujum qilib, shaharni qamal qildilar. Shahar amiri ayyubiy shahzoda Mujadid Shirkuh II az-Zohirdan yordam soʻragach, az-Zohirning qoʻshinlari qamalni toʻxtatishga muvaffaq boʻldi.
1212-yilda az-Zohirning eski raqibi boʻlmish al-Odilning qizi Dayfa Xotunga uylanishi alohida ahamiyatga ega voqea boʻldi. Bu nikoh oilaning ikki tarmogʻi oʻrtasidagi raqobatning yakunlanganini anglatar edi.
1216-yilda vafotidan biroz avval az-Zohir kichik oʻgʻli Al-Aziz Muhammadni (1213-yilda tugʻilgan) o'zining taxt vorisi etib tayinladi.
- Qirollik bilgiqutisida nomaʼlum parametrlar qoʻllangan sahifalar
- 1172-yilda tugʻilganlar
- 1216-yilda vafot etganlar
- 12-asrda kurd xalqi
- 13-asrda kurd xalqi
- 12-asr Ayyubiy hukmdorlari
- 13-asr Ayyubiy hukmdorlari
- Halabning Ayyubiy amirlari