Atmosfera bosimi — atmosferaning yer sirtidagi barcha narsalarga va yer sirtiga koʻrsatadigan gidrostatik bosimi; atmosfera holatini bildiruvchi asosiy belgi. Simobli barometr bilan oʻlchanadi. Atmosfera bosimi din/sm2, millibar yoki mm simob ustuni, gPa bilan ifodalanadi. Dengiz sathidagi oʻrtacha atmosfera bosimi yoki normal bosim 760 mm sim. ustuniga yoki 1013,25 gPa ga teng. Balandlikka koʻtarilgan sari atmosfera bosimi kamayadi. Pastki qatlamlarda tezroq, yuqori qatlamlarda esa sekinroq kamayadi, dengiz sathidan 6 km balandlikda atmosfera bosimi yer yuzidagi bosimning yarmini tashkil qiladi. Atmosfera bosimi balandlik bilangina emas, balki yer yuzining bir nuqtasidan ikkinchi bir nuqtasiga oʻtganda, shuningdek vaqt oʻtishi bilan ham oʻzgaradi. Natijada yer yuzida bosimi pastlashgan siklonlar, bosimi yuqorilashgan antitsiklonlar va toʻlqinli bosim sohalarini kuzatamiz. Bu sohada havo temperaturasi, zichligi va oqimi oʻzgaradi, shuningdek atmosfera girdoblari hosil boʻlad. Butun yer sharida 5 km balandlikdan boshlab ekvatordan qutb hududlari tomon atmosfera bosimi kamayib boradi.
Adabiyotlar
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
| Fizikaga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |