Deflyasiya (iqtisodiyotda), dezinflyasiya — inflyatsiya davrida chiqarilgan muomaladagi ortiqcha qogʻoz pulni kamaytirish; davlat tomonidan muomaladagi pul miqdorini kamaytirishga qaratilgan moliya va pul-kredit tadbirlari (soliqlarni oshirish, qimmatli qogʻozlar sotish, tovar narxlari darajasini pasaytirish, ish haqi oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik, tashqi savdoni jonlantirish, banklar hisob stavkasini oshirish, omonatlar oʻsishini ragʻbatlantirish va b.). Statistik jihatdan deflyasiya muomaladagi pul massasi umumiy hajmining yalpi mahsulot, tovar muomalasi va pulli xizmatlar qiymatlari yigʻindisiga nisbati bilan ifodalanadi. Odatda, deflyasiyani davlatlar pul islohoti arafasida oʻtkazadi. Masalan, Buyuk Britaniyada 1925-yil pul islohotidan 2 yil oldin — 1923-yilda muomaladagi pullar 541 million funt sterlingdan 378 million funt sterlinggacha kamaytirilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin koʻpgina boshqa davlatlarda ham muomaladagi pul miqdorini kamaytirish, tovar narxining oʻsishini susaytirish va boshqa tadbirlar amalga oshirildi. Oʻzbekistonda yangi soʻm muomalaga kiritilgunga qadar (1994-yil 1-iyul) deflyasiya tadbirlari amalga oshirildi.
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
| Iqtisodiyot va moliyaga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
- Iqtisodiyotga oid chala maqolalar