Isaac Asimov (talaffuzi: Ayzek Azimov; 1920-yil 2-yanvar, Petrovichi qishlogʻi, Belorussiya — 1992-yil 6-aprel, Nyu-York, AQSh) — amerikalik yozuvchi-fantast, fan targʻibotchisi va bioximik olim. 1923-yilda oilasi bilan AQShga koʻchib kelgan va Nyu-Yorkda joylashgan. Kolumbiya universitetini tamomlab, bioximiya boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.
Adabiy faoliyatini 1939-yilda ilk hikoyasini nashr ettirish bilan boshlagan. Shundan soʻng ilmiy fantastika janrida bir qator taniqli asarlar yaratgan, jumladan: „Men robotman“ (1950), „Poydevor va imperiya“ (1952), „Koinot oqimlari“ (1952), „Mangulik intihosi“ (1955), „Neytrino“ (hikoya, 1955), „Darbadar“ (1966), „Poydevor qirralari“ (1982) va „Poydevor va Yer“ (1986). Asimov ilmiy fantastikaga intellektual nasr unsurlarini olib kirgan, asarlarida ijtimoiy muammolarni ham koʻtargan. U ilmiy fantastika janrining eng yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Yozuvchining bir qancha hikoyalari va „Koinot oqimlari“ romani oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
- Shaxsiyatlar haqidagi chala maqolalar
- 6-aprelda vafot etganlar
- 1992-yilda vafot etganlar
- 1920-yilda tugʻilganlar