| Anne Wojcicki | |
|---|---|
![]() Wojcicki 2017-yilda | |
| Tavalludi | 1973-yil 28-iyul Palo Alto, Kaliforniya, AQSh |
| Fuqaroligi | AQSh |
| Taʼlimi | Yale universiteti (bakalavr) |
| Mashhur ishlari | 23andMe hammuassisi va bosh direktori |
| Turmush oʻrtogʻi | |
| Bolalari | 3 |
| Otasi | Stanley Wojcicki |
| Onasi | Esther Wojcicki |
| Qarindoshlari |
|
Anne E. Wojcicki (familiyasining talaffuzi: [/wuːˈtʃɪtski/ woo-CHITS-kee]; oʻzbekcha talaffuzi: Enn Vodjitski; 1973-yil 28-iyulda tugʻilgan) – amerikalik tadbirkor, 23andMe shaxsiy genomika kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori. U kompaniyaga 2006-yilda Linda Avey va Paul Cusenza bilan birga asos solgan. Wojcicki Breakthrough Prize hammuassisi va boshqaruv kengashi aʼzosi hamdir.
Yoshligi va taʼlimi
Wojcicki 1973-yil 28-iyulda Kaliforniyaning Palo Alto shahrida tugʻilgan va ikkita katta opasi bor – YouTubening sobiq bosh direktori Susan Wojcicki hamda antropolog va epidemiolog Janet Wojcicki. Uning onasi tomonidan bobosi va buvisi rus yahudiy muhojirlari edi. Onasi Esther Wojcicki (qizlik familiyasi: Hochman) – oʻqituvchi va jurnalist, otasi Stanley Wojcicki Stanford universitetining fizika professori. Uch opa-singil Stanford kampusida oʻsgan. Oʻn toʻrt yoshida Anne Wojcicki figurali uchishni oʻrgandi va keyinchalik xokkey oʻynashni boshladi.
Wojcicki Palo Alto shahridagi Gunn yuqori maktabida oʻqigan, u yerda The Oracle nomli maktab gazetasi muharriri boʻlgan va oʻzining sport hikoyalari uchun stipendiya yutib olgan. U 1996-yilda Yale universitetida biologiya fanlari bakalavri mutaxassisligini oldi. Oʻz vaqtida Wojcicki u yerda universitetning ayollar xokkey jamoasida oʻynagan. U Milliy sogʻliqni saqlash institutlarida va San-Diegodagi Kaliforniya universitetida molekulyar biologiya boʻyicha tadqiqotlar olib bordi.
Faoliyati
Oʻqishni tamomlagandan soʻng, Wojcicki San-Fransiskoda joylashgan Passport Capital investitsiya fondida va Investor ABda sogʻliqni saqlash boʻyicha maslahatchi boʻlib ishlagan. U toʻrt yil davomida sogʻliqni saqlash sohasidagi sarmoya tahlilchisi boʻlib, sogʻliqni saqlashga qilingan investitsiyalarni nazorat qilgan va biotexnologiya kompaniyalariga eʼtibor qaratgan. Wall Street madaniyati va uning sogʻliqni saqlashga boʻlgan munosabatidan hafsalasi pir boʻlgan Wojcicki tibbiyot maktabiga kirish testini ishlashdan voz kechishga qaror qildi va uning oʻrniga biologik tadqiqotlarga eʼtibor qaratishga qaror qildi.
Wojcicki isteʼmolchilarga nasl-nasabi va sogʻligʻi uchun xavflarni tekshirish hamda isteʼmolchiga toʻgʻridan-toʻgʻri DNK testini oʻtkazishga imkon beruvchi 23andMe kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori. U 2006-yilda Linda Avey va Paul Cusenza bilan birgalikda oddiy odamlarning genetik maʼlumotlariga kira olishini taʼminlash maqsadida kompaniyaga asos solgan, bu esa ularga kasalliklar yoki ularni davolash usullari haqida maʼlumot berishi mumkin. Kompaniyaga asos solishda, ayniqsa GSK plc va uning 300 million dollarlik sarmoyasi katta yordam bergan. Wojcicki DNK testi yordamida „sogʻliqni saqlash sohasida inqilob qilishga“ qiziqishini bildirdi, chunki u isteʼmolchilarga potensial genetik kasalliklarni bashorat qilish uchun yetarli maʼlumot berishi mumkin.
Isteʼmolchilar nasl-nasabi, salomatligi va genetik xususiyatlari haqida maʼlumot beruvchi test toʻplamlarini sotib olishlari mumkin. Kompaniya xaridorlar tomonidan pochta orqali yuboriladigan tupuk namunalarini oladi, genetik maʼlumotlarni qayta ishlaydi va natijalarni xaridor koʻrishi uchun internetga joylashtiradi.
Kompaniya oddiy inson hujayrasidagi 23 juft xromosoma sharafiga nomlangan. Kompaniyaning shaxsiy genom test toʻplami 2008-yilda Time jurnali tomonidan „Yil ixtirosi“ deb topildi . 2015-yildan boshlab, Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi 23andMening sogʻliq bilan bogʻliq, jumladan, mukovitsidoz, oʻroqsimon hujayrali anemiya, ayrim saraton turlari, Alzheimer, Parkinson va seliakiya kasalligi xavfini tasdiqlaydigan testlarni oʻtkazishiga ruxsat bera boshladi. 2018-yilda 23andMe yangi dori vositalarini ishlab chiqish uchun GlaxoSmithKline plc bilan toʻrt yillik hamkorlikka kirishdi.
Wojcicki Xconomy texnologiya yangiliklari va media kompaniyasining muharrir maslahatchilaridan iborat maxsus guruhi boʻlgan Xconomists aʼzosi. 2013-yil oktyabr oyida Fast Company jurnali Wojcickini „Eng jasur bosh direktor“ deb eʼlon qildi. U Breakthrough Prize hammuassisi va boshqaruv kengashi aʼzosi hamdir. 2020-yil holatiga koʻra, Wojcicki Forbesning „Dunyoning 100 ta eng kuchli ayoli“ roʻyxatida 93-oʻrinni egallagan. 2021-yil avgust oyida Wojcicki Cazoo boshqaruv kengashiga qoʻshildi. Shuningdek, oʻsha yili Forbes uni „oʻz mehnati bilan milliarderga aylangan yangi inson“ deb atadi.
Taxminan 2005-yilda Wojcicki va uning oʻsha paytdagi turmush oʻrtogʻi Sergey Brin Kaliforniyaning Los Altos shahri markazidagi oʻnlab tijorat mulklarining kamida yarmini sotib olishgan. Passerelle Investment Company nomi ostida ular shahar markazidagi biznes okrugida tadbirlar va shaharsozlik tashabbuslariga homiylik qilishdi. 2016-yilda firma nomi Los Altos Community Investments deb oʻzgartirildi va koʻchmas mulk tijoratini rivojlantirishga koʻproq eʼtibor qaratildi. 2021-yilda Los Altos Community Investments Los Altos shahar markazida State Street Market deb nomlangan oziq-ovqat markazini ochdi.
Shaxsiy hayoti
Wojcicki 2007-yil may oyida Google asoschilaridan biri Sergey Bringa turmushga chiqdi. Ularning 2008-yilda tugʻilgan oʻgʻli va 2011-yil oxirida tugʻilgan qizi bor. Juftlik 2013-yilda ajralgan va 2015-yilda qonunan ajrashgan. Brin va Wojcicki birgalikda Brin Wojcicki fondini boshqaradi. Ular Michael J. Fox jamgʻarmasiga koʻp miqdorda xayriya qilganlar va 2009-yilda Ibroniy immigratsion yordam jamiyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 1 million dollar ajratganlar. Wojcicki 2022-yilda The Giving Pledge tashkilotiga qoʻshildi va boyligining katta qismini xayriya qilishga ahd qildi. 2019-yil iyul oyida Wojcicki sperma donorligi orqali uchinchi farzandini, qizini dunyoga keltirdi.
Uning bobosi Franciszek Wojcicki Xalq partiyasi va Polsha Xalq partiyasi siyosatchisi boʻlib, 1947-yilgi Polsha qonunchilik saylovlarida deputat etib saylangan. Buvisi Janina Wojcicka Hoskins Kongress kutubxonasida polshalik-amerikalik kutubxonachi boʻib ishlagan, u Qoʻshma Shtatlarda Polsha materiallarining eng katta kolleksiyasini yaratishga masʼul shaxs edi.
- 28-iyulda tugʻilganlar
- 1973-yilda tugʻilganlar
- Amerikalik texnologiya kompaniyasi asoschilari
- Yashayotgan insonlar
- Ayol milliarderlar
