- Vikipediyada ismi Qobiljon va familiyasi Obidov boʻlgan boshqa kishilar haqida ham maqolalar mavjud.
| Qobiljon Obidov | |
|---|---|
![]() | |
| Mansab davri 1997-yil – 2004-yilgacha | |
| Hukumat boshligʻi | Oʻtkir Sultonov Shavkat Mirziyoyev |
| Prezident | Islom Karimov |
| Oʻtmishdoshi | Masharif Yusupov |
| Vorisi | Saʼdulla Begaliyev |
| Mansab davri 1993-yil – 1996-yilgacha | |
| Hukumat boshligʻi | Abdulhoshim Mutalov Oʻtkir Sultonov |
| Prezident | Islom Karimov |
| Oʻtmishdoshi | Qayum Xolmirzayev |
| Vorisi | Masharif Yusupov |
| Shaxsiy maʼlumotlari | |
| Tavalludi | 1951-yil 20-aprel Qoʻrgʻontepa tumani, Andijon viloyati, OʻzSSR |
| Mukofotlari | |
Obidov Qobiljon Gʻafurovich (1951-yil 20-aprel, Qoʻrgʻontepa tumani, Xonobod qishlogʻi) oʻzbek davlat arbobi. 1993—1996-yillarda hamda 1997—2004-yillarda Andijon viloyati hokimi, Oʻzbekiston Qahramoni.
Hayoti
Obidov Qobiljon Gʻafurovich (1951-yil 20-aprelda, Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani, Xonobod qishlogʻi)da tugʻilgan. 1972-yilda Andijon paxtachilik institutining Gidromelioratsiya fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyati
Obidov Qobiljon ish faoliyatini Andijon suv inshootlari qurilish tresti uchinchi qurilish-montaj boshqarmasi ustachiligidan boshlagan. 1972—1975-yillarda Andijon suv inshootlari qurilish tresti 3-qurilish-montaj boshqarmasida usta, prorab, yordamchi korxonalar boshqarmasi boshligʻi, 1975—1986-yillarda trest ishlab chiqarish va texnologik jamlashtirish boshkarmasining bosh muhandisi, boshligʻi, 1987—1988-yillarda Andijon suv qurilish trestining boshqaruvchisi, Andijon suv qurilishmontaj ishlab chiqarish birlashmasi boshligʻi vazifalarida ishlagan. 1988—1992-yillarda Marhamat tumani ijroiya qoʻmitasi raisi, tuman partiya qoʻmitasi 1-kotibi, tuman hokimi sifatida tumanga rahbarlik qilgan, 1992—1993-yillarda Andijon shahrini boshqargan. 1993—1996-yillarda Andijon viloyati hokimi, 1996—1997-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, 1997—2004-yillarda Andijon viloyati hokimi vazifalarida faoliyat yuritgan. 1990—1994-yillarda Oʻzbekiston Oliy Kengashi, 1994-yildan 2004-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy kengash deputati sifatida ham faollik koʻrsatgan. U 2018-yildan buyon Andijon viloyati oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasini boshqarib kelmoqda .
Obidov rahbarligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim yutuqlarga erishildi, gʻoʻza va bugʻdoy yetishtirishda yangi texnologiyalar (jumladan, gʻoʻzani plyonka ostiga ekish) joriy qilindi va ularning hosildorligi keskin oshdi, yangi sanoat korxonalari, sport inshootlari barpo etildi, aholining turmush darajasini koʻtarish va farovonligini oshirishda muhim ishlar olib borildi. Andijon viloyatida toʻplangan ilgʻor ishlab chiqarish tajribalari mamlakat miqyosida ommalashtirildi.
Mukofotlari
Obidov 1995-yilda „Mehnat shuhrati“ ordeni, 1998-yilda esa „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni bilan mukofotlangan. Biroq 2004-yilda uning unvoni nomaʼlum sabablarga koʻra qaytarib olingan. Xorijiy ommaviy axborot vositalarida unvon uning oʻgʻli bilan bogʻliq jinoyat ishi ortidan qaytarib olingani taʼkidlanadi.
Mustaqillikning 30 yilligi arafasida unga Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan „Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni hamda „Oltin yulduz“ medali qaytarib berildi.
- 20-aprelda tugʻilganlar
- 1951-yilda tugʻilganlar
- Qoʻrgʻontepa tumanida tugʻilganlar
- Oʻzbekiston qahramonlari
- Mehnat shuhrati ordeni sohiblari
- Andijon viloyatining hokimlari

