Iroda — odamning oʻz faoliyati va psixik jarayonlarini oʻzi boshqarishda namoyon boʻladigan qobiliyati. Inson irodaviy harakatini amalga oshirarkan, oʻziga xukmron ehtiyoj va xohishlariga qarshi turadi: iroda uchun „men xohlayman“ degan kechinma emas, balki „kerak“, „bajarishim shart“ degan kechinma xosdir.
Inson faoliyatining barcha turlari va har qanday mehnat kishidan mustahkam irodani talab qiladi. Iroda mehnatda paydo boʻladi va toblanadi. Irodaning ongdagi faoliyati harakat maqsadini belgilashda, maqsadga erishish vositalari va yoʻl-yoʻriqlarini oldindan aniqlab, maʼlum qarorga kelishda hamda bu qarorni ijro etishda namoyon boʻladi. Odamda iroda ning qay darajada ekanligi maqsadni qanday roʻyobga chiqarishida koʻrinadi. Irodaviy harakat jarayonlarida kishi ichki va tashqi toʻsiqlarga duch keladi. Ichki toʻsiqlar kishining oʻziga, uning ichki mayllariga xos holat. Kishining ichki mayllarini yenga olish, oʻzini boshqarish va oʻz ustidan hukmronlik qila bilish layoqati ichki iroda deb ataladi. Tashqi toʻsiqlar tevarak-atrofdagi voqelikda uchraydi. Kishining ana shunday tashqi toʻsiqlarni yenga olish layoqati tashqi iroda deb ataladi. Irodaviy faoliyatda tashqi toʻsiqlarni yengish (tashqi iroda) ichki toʻsiqlar (ichki iroda) ni yengish bilan uzviy bogʻliq.
Irodaning muhim sifatlari: oʻzini tuta bilish, dadillik, qatʼiylik, chidam va toqat, prinsipiallik, mustaqillik va boshqalar. Iroda kuchi shu sifatlarning qay darajada namoyon boʻlishiga qarab belgilanadi. Kishi yuksak gʻoyalarga asoslangan ongli qatʼiyat va sabot bilann oʻz harakati yoʻlidagi toʻsiqlarni yengar ekan, u kuchli iroda egasi hisoblanadi. Iroda kishining xarakteri bilan uzviy bogʻliq, uning shakllanishida muhim rol oʻynaydi.