| Kichkina tabib | |
|---|---|
![]() | |
| Rejissyor(lar) | Zulfiqor Musoqov |
| Ssenariy muallif(lar)i | Zulfiqor Musoqov |
| Rollarda | Murod Rajabov Dilshod Kattabekov Zikir Muhammadjonov Saida Mansurxoʻjayeva Fotima Rejametova Karim Mirxodiyev Munavvara Abdullayeva Rajab Adashev Hojiakbar Nurmatov |
| Distribyutor | Oʻzbekfilm |
| Premyera sanasi |
|
| Davomiylik | 88 daqiqa |
| Tillar | oʻzbek, rus, fransuz |
Kichkina tabib — Oʻzbekfilm (Ochiq tijorat aksiyadorlik jamiyati) kinostudiyasi tomonidan, „Oʻzbekkino“ (Davlat aksiyadorlik kompaniyasi, 1998-y) buyurtmasiga binoan suratga olingan, komediya va fantastika elementlari bilan boyitilgan dramatik film. Zulfiqor Musoqov rejissyorligida taqdim etilgan mazkur filmda 90-yillarning bir qator mashhur, tajribali aktyorlari suratga tushgan. 8 yoshida boʻlgan Dilshodbek Kattabekovning kinodagi debyut roli uni butun Oʻzbekistonga mashhur qildi.
Syujeti
Film 2 ta syujet yoʻnalishi bilan boshlanib, keyin bir-biriga ulanib ketadi.
1-syujet yoʻnalishi: Shuhrat Shodmonov — Toshkentdagi yirik xalqaro biznes-markazida oʻz ofisiga, oʻz ishchi-xodimlariga ega boʻlgan sarmoyador, tadbirkor. Nonushta payti u nevarasi Nigoradan oʻgʻli Shavkat 2 kundan beri Yangiyoʻldagi jazmani bilan yashab yurgani haqida bilib oladi. Oʻsha kuni uning ustidan arz qilib, maoshini talab qilgan Nozim (Nozim Toʻlaxoʻjayev) ismli ishchisiga Shuhrat aka haq toʻlashdan boʻyin tovlaydi. Nozim esa uning bu xatti-harakatidan chuqur norozi boʻlib, „sizni xudoga soldim“ deya kabinetdan chiqib ketadi.
Bir-ikki kundan soʻng Shuhrat aka Toshkentning 90-yillarda mashhur boʻlgan „Mezon“ restoranida nevarasi Nigoraning tugʻilgan kuniga bagʻishlab ziyofat tashkil qiladi. Ziyofatda oʻrtakash Husan Sharipov (kameo) va „Nola“ ansambli xizmat qilishadi. Ziyofat soʻnggida Shuhrat akaning ukasi Sherzod Shodmonov (Hojiakbar Nurmatov) oʻzining yangi biznes-hamkorlari bilan akasini tanishtiradi. U tadbirkorlar Shuhrat akaning firmasi orqali giyohvand moddalar kontrabandasini amalga oshirish rejasini taklif qilishadi. Shuhrat aka bunday tavakkalli taklifga ukasining qistovi bilan, yoqar-yoqmas rozi boʻladi. Ziyofatdagi bu suhbatni video-operator niqobi ostida tashrif buyurgan organ xodimi (rus yigit) suratga oladi va MXX xodimiga (Muhammadjon Uzoqov) taqdim etadi.
Ziyofatning ertasi kuni Nigora uyida oʻzidan-oʻzi xushsiz, paralich holatga tushib qoladi. Nigoraning oyisi Nargiza (Fotima Rejametova) darhol qaynatasi Shuhrat akaga telefonda xabar beradi. Shuhrat aka jonholatda uyga yetib keladi. Nigorani koʻrib qoʻygan hamshira qizni kasalxonaga yotqizishni taklif qiladi. Shuhrat aka bunga rozi boʻlmaydi va respublikaning eng tajribali shifokori Boris Abramovichni tibbiy uskuna va jihozlari bilan uyiga koʻchirtirib olib keladi. Bu orada Sherzod Shodmonov fransiyalik doktorni (Pierre Schuven), tarjimon bilan akasining uyiga boshlab keladi. Fransuz doktor Nigoraning bu kasalligini „psixosomatik“ deb ataydi, Nigorani Parijdagi klinikaga olib borgan bilan biror oʻzgarish boʻlishi qiyin ekanligini Shuhrat akaga tushuntiradi. Doktor Boris Abramovich esa Nigorani „uxlab yotibdi“, uning uygʻonishini faqat kutish kerakligini aytadi. Shuhrat aka nima qilishni bilmaydi.
2-syujet yoʻnalishi: Doniyor — bedavo dardga chalingan ogʻir kasallarni davolay oladigan gʻayritabiiy kuchga ega. Uning bu qobiliyati tufayli qishlogʻida birorta kasal qolmagan. Ammo Doniyorning oyisi Xayrinisa opa (Munavvara Abdullayeva) bedavo dardga chalingan, Toshkentdagi shifokor ham uni davolay olmadi va uni uyiga olib ketishga Normat akaga (Tojivoy Normatov) ruxsat beradi.
Doniyor oʻsha tunda oʻzining „Olapar“ laqabli iti bilan onasining tuzalib ketishini xudodan astoydil soʻraydi, ertalab Xayrinisa opa hech narsa boʻlmaganday tuzalib ketadi. Qishloqda Doniyorning „dushmani“ - Hasanboy „terminator“ laqabli surbet bola ham „toʻgʻri yoʻlga“ kiradi. Doniyor oʻzining „doʻsti“ — urush faxriysi Toʻqson boboning (Zikir Muhammadjonov) urushda yoʻqotilgan chap qoʻlini „qayta tiklab“ beradi.
Bir kuni Teshavoy ismli, odamlarni ishonchiga kira oladigan, gʻayratli xarakterga ega „dallol“ (Karim Mirhodiyev)oʻzi bilan opera kuylashni xush koʻruvchi, lekin ovozi xirillab qolgan jurnalistni (Rixsivoy Aliyev) Normat akaning uyiga boshlab keladi, va Doniyorning bu „qobiliyatini“ qonuniylashtirish uchun oʻz yordamini taklif qiladi. Doniyor jurnalistning ovozini jarangdor qilib beradi. Evaziga oʻsha jurnalist Doniyorning tibbiy faoliyati uchun „lisenziya“ yozib beradi va u haqda gazetada „Kichkina tabib“ nomli maqola (film nomi shu maqola nomidan kelib chiqqan) chop etadi. Doniyor haqida toshkentlik tadbirkor Shuhrat Shodmonovning uy xizmatkori Mashrab aka (Rajab Adashev) oʻqib qoladi.
Umumiy syujet. Oʻsha kuniyoq Doniyorning qishlogʻiga Shodmonov oʻzining „Mercedes-Benz“ mashinasida katta tezlikda yetib keladi va undan „chuqur uyquda yotgan“ nabirasini davolab berishini iltimos qiladi. Doniyor Teshavoy aka bilan Toshkentga boradi. U Shodmonovning nevarasi — Nigorani uzluksiz davolash zarurati mavjudligi tufayli ularnikida Teshavoy aka bilan yashay boshlaydi.
Shodmonovning oilasi tinch emas: oʻgʻli Shavkat (Bahrom Matchonov) Yangiyoʻldagi jazmani bilan yashaydi, onda-sonda uyga kelib turadi va xotini Nargiza bilan ajrashishni istaydi, lekin Shuhrat aka bunga yoʻl qoʻymaydi; qizi Shahnoza (Saida Mansurxoʻjayeva) esa kelinoyisi Nargiza bilan gaplashmaydi, uni hurmat qilmaydi; faqat uy xizmatkori, soqov Mashrab aka (aslida u soqov emas) oiladagi totuvlikni saqlab qolishga harakat qiladi, Shuhrat aka uni shuning uchun juda hurmat qiladi.
Doniyor Nigoraning nomaʼlum kasalligi (psixosomatik) sabablarini aniqlashga astoydil harakat qiladi va oxir-oqibat buning sababi oiladagi nosogʻlom muhit („uydan farishtalar qochib ketgan“), Shuhrat akaning qingʻir ishlari, oila aʼzolarining bir-biriga mehri yoʻqligi ekanligini tahmin qiladi. Doniyor qizni noodatiy usullar bilan davolashga kirishadi. Kun boʻyi toza havoda, quyosh ostida u Nigoraga fransuz adibi Antuan de Sent-Ekzyuperining hikoyalaridan oʻqib beradi. Nigoraning oldida Shuhrat aka bilan kulgili raqsga tushadi, va shu orqali qizning tabiiy emotsional tuygʻularini qayta tiklashga harakat qiladi.
Bu orada Teshavoy aka Shodmonovning qizi Shahnozani sevib qoladi, unga sevgi izhor qiladi, lekin rad javobini oladi. Shahnoza oʻz navbatida direktori Adham Hamidovichning shilqim harakatlari haqida dadasiga aytib beradi. Shuhrat aka Adhamni Shahnozadan uzr soʻrashga majbur qiladi. Shuhrat aka aybini yuvish uchun Nozimga 30 ming dollar haq toʻlamoqchi boʻladi, Nozim rad etadi, Shuhrat aka pullarni axlat yig"uvchi mashinaga uloqtiradi.
Film soʻnggida Nigora tuzaladi, Doniyor qishlogʻiga qaytadi; Shavkat xotini Nargiza bilan yarashadi; Shahnoza kelinoyisidan, Mashrab amakidan ularning dilini ogʻritgani uchun uzr soʻraydi, koʻp vaqtini oilasiga bagʻishlaydi va Doniyorning uyida Teshavoy akaning tuygʻulariga xayrihohlik bildiradi; Sherzod Shodmonov hamtovoqlari bilan giyohvand moddalar oldi-sotdisi ustida qoʻlga olinadi. Shuhrat aka esa qonun oldida javob berish uchun, uni izidan Doniyorning qishlogʻigacha yetib kelgan MXX xodimlari tomon oʻz ixtiyori bilan boradi. Mashrab „qasamini buzadi“ va gapira boshlaydi, xoʻjayinini taslim boʻlmaslikka koʻndirmoqchi boʻladi. Shuhrat aka bolalarini Mashrabga topshirib ketadi.
Filmda foydalanilgan taronalar:
„Nola“ — „Xoh inon, xoh inonma“ (asosiy saundtrek); „Oʻyna“ (bazmdagi tarona);
Luciano Pavarotti — Opera
NʼSync — „Tearinʼ up my heart“ (Doniyor va Shuhrat akaning Nigora oldidagi raqsi).
Rollarda
| Aktyor | Rol |
|---|---|
| Murod Rajabov | yirik tadbirkor Shuhrat Shodmonov |
| Dilshodbek Kattabekov | kichkina tabib Doniyor |
| Karim Mirhodiyev | Doniyorning "menejeri" Teshavoy (Bekzod Muhammadkarimov ovoz bergan) |
| Barno Nishonova | Shodmonovning nevarasi Nigora |
| Fotima Rejametova | Nigoraning onasi Nargiza |
| Saida Mansurxoʻjayeva | Shodmonovning qizi Shahnoza |
| Munavvara Abdullayeva | Doniyorning onasi Xayrinisa opa |
| Bahrom Matchonov | Shodmonovning oʻgʻli, Nigoraning dadasi Shavkat (Sanjar Sa'dullayev ovoz bergan) |
| Rajab Adashev | uy xizmatkori Mashrab aka |
| Zikir Muhammadjonov | urush faxriysi To'qson bobo |
| Hojiakbar Nurmatov | Shodmonovning ukasi Sherzod Shodmonov |
| Valeriy Yuldashev | doktor Boris Abramovich Gazinskiy |
| Rixsivoy Aliyev | jurnalist, ekspert |
| Fathulla Masudov | Doniyorning katta akasi Nuriddin |
| Nozim Toʻlaxoʻjayev | Shodmonovning sobiq ishchisi Nozim (Hoshim Arslonov ovoz bergan) |
| Husan Sharipov | kameo bazmdagi oʻrtakash |
| Tojiboy Normatov | Doniyorning dadasi Normat aka |
| Muhammadjon Uzoqov | Milliy xavfsizlik xodimi |
- 1998-yil filmlari
- Zulfiqor Musoqov filmlari
- Oʻzbekiston filmlari
- Filmlar haqidagi chala maqolalar
