Gandimiyon shartnomasi — Rossiya qoʻshinlari 1873-yil bahorida Xivani egallagandan soʻng, 1873-yil 12-avgustda Rossiya bilan Xiva xoni Muhammad Rahimxon II 2 oʻrtasida (Xiva yaqinidagi Gandimiyon (Gandumkon) qishlogʻidagi xonning yozgi begala) tuzilgan shartnoma. Shartnomaga koʻra, xon rus podshosining vassaliga aylandi va mustaqil tashqi siyosat yurgizishdan mahrum etildi. Amudaryoning oʻng qirgʻogʻidagi yerlar Rossiyaga oʻtdi va u yerda Amudaryo boʻlimi tashkil etilib, Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kiritildi. Amudaryoning chap ruslar uchun qulay boʻlgan yerlarga oʻzlarining pristan (bandargoh)larini qurish huquqiga ega. Boʻlim boshligʻiga Xiva hukumatining faoliyatini kuzatib turish topshirildi. Gandimiyon shartnomasiga binoan rus savdo kemalarining Amudaryoda erkin harakat qilishi uchun imtiyozli huquq berildi. Rus sanoatchi va savdogarlari butun xonlik hududida bojsiz savdo kilish, yer sotib olish, sanoat korxonalarini qurish huquqini oldi. Rus fuqarolarini mahalliy sudlar sud qilolmaydigan boʻldi. Bundan tashqari, xon Rossiya hukumatiga 2 mln. 200 ming soʻm tovon toʻlash majburiyatini oldi. Shunday qilib, Gandimiyon shartnomasi Xiva xonligini Rossiyaning mustamlakasiga aylantirib qoʻydi.
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Oʻzbekiston tarixi haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
- Oʻzbekiston tarixi haqidagi chala maqolalar
- Xiva xonligi