![]() | |
| Turi | korxona va tashkilot |
|---|---|
| Tarmogʻi | Moliyaviy xizmatlar |
| Egasi | Hearst Corporation |
| Status | Shoʻba korxona |
| Qachon asos solingan | 1913 |
| Joylashuvi | Nyu-York, AQSh va London, Angliya, Birlashgan Qirollik |
| Hududiy xizmati | Butun dunyo |
| Asoschi(lari) | John Knowles Fitch |
| Bosh direktor | Paul Taylor |
| Prezident | Ian Linnell (Fitch Ratings) / Rachel Lojko (Fitch Solutions) |
| Bosh moliya direktori | Tracey Perini |
| Mahsulot(lar)i | Reyting xizmatlari, moliyaviy tahlil va yechimlar |
| Daromadi | |
| Ishchilar soni | 5000 (taxminan) |
| Shoʻba korxonalari | Fitch Solutions |
| Vebsayti | fitchratings.com |
| Til(lar)i | Ingliz tili |
Fitch Ratings, Inc. – Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi kredit reyting agentligi. U AQSh Qimmatli qogʻozlar va birja komissiyasi tomonidan milliy miqyosda tan olingan uchta milliy statistika reyting tashkiloti (inglizcha: NRSRO) dan biridir va Moody’s hamda Standard & Poor’s bilan bir qatorda „katta uchlik kredit reyting agentliklari“ tarkibiga kiradi.
Tarixi
Fitch Ratings kompaniyasining ikkita bosh ofisi Nyu-York va London shaharlarida joylashgan. Hearst korporatsiyasi 2018-yil 12-aprel kuni kompaniyaning qoʻshimcha 20 foiz ulushini 2,8 milliard AQSh dollari evaziga sotib olgach, Fitch Ratingsning 100 foiz egasiga aylandi. Bungacha Hearst 2014-yil 12-dekabr kuni 1,965 milliard dollar qiymatidagi bitim orqali oʻz ulushini 30 foizga oshirib, jami 80 foizga yetkazgan edi. Hearst dastlab 2006-yilda 20 foizlik ulushni xarid qilib, keyinchalik uni bosqichma-bosqich kengaytirgan.
Hearst korporatsiyasi ilgari FIMALAC S. A. kompaniyasi bilan birgalikda Fitch Ratingsga egalik qilgan boʻlib, FIMALAC 2018-yilgi bitimgacha kompaniyaning 20 foiz ulushiga ega edi. Fitch Ratings va Fitch Solutions birgalikda Fitch Group tarkibiga kiradi.
Kompaniya 1914-yil 24-dekabrda Nyu-York shahrida John Knowles Fitch tomonidan Fitch Publishing Company nomi bilan tashkil etilgan. 1989-yilda u Robert Van Kampen ham ishtirok etgan investorlar guruhi tomonidan sotib olingan. 1997-yilda FIMALAC kompaniyasi Fitchni xarid qilib, uni Londonda joylashgan oʻz shoʻba korxonasi – IBCA Limited bilan birlashtirgan. Keyinchalik, 2000-yilda, Fitch Chikagodagi Duff & Phelps Credit Rating Co. (aprel oyida) va Thomson Financial BankWatch (dekabr oyida) kompaniyalarini ham sotib olgan.
Fitch Ratings – uchinchi yirik NRSRO reyting agentligi boʻlib, u S&P va Moody’sga nisbatan bozorning nisbatan kichik ulushini qamrab oladi. Shunga qaramay, kompaniya xaridlar orqali izchil oʻsib kelmoqda va koʻpincha boshqa ikki agentlikning reytinglari yaqin, ammo aynan teng boʻlmagan hollarda hal qiluvchi uchinchi tomon sifatida faoliyat yuritadi.
2011-yil sentyabr oyida, Fitch Group oʻzining Algorithmics (xavf tahlili dasturlari ishlab chiquvchi) kompaniyasini IBMga 387 million AQSh dollari evaziga sotganini eʼlon qildi.
2022-yil iyun oyida esa Fitch Group GeoQuant sunʼiy intellektga asoslangan maʼlumot va texnologiya kompaniyasini sotib oldi.
Faoliyati
Fitch Ratings Hearst Communicationsga toʻliq tegishli boʻlgan Fitch Group xolding kompaniyasining shoʻba korxonasi hisoblanadi. Fitch Group tarkibida, shuningdek, Fitch Solutions ham faoliyat yuritadi. U Fitch Ratings mahsulotlarini tarqatish bilan birga, kredit bozori maʼlumotlari va moliyaviy tahlillarni taqdim etadi. Fitch Groupda taxminan 5 000 nafar xodim, shulardan 1 600 dan ortigʻi tahlilchi sifatida ishlaydi. KompaniyagaFitch Group prezidenti va bosh ijrochi direktori sifatida Paul Taylor rahbarlik qiladi. Fitch Ratings esa milliy miqyosda tan olingan statistik reyting tashkiloti (NRSRO) sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Unda 2 400 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi, kompaniya prezidenti esa Ian Linnell hisoblanadi.
- Shirkatlar
- Kredit reyting agentliklari
- Nyu-York shahrida joylashgan kompaniyalar
