„Qirmizi olma“ — oʻzbek xonandasi Ulugʻbek Rahmatullayev ijro etgan qoʻshiq. Dastlab singl o'laroq 2015-yil eʼlon qilingan. „Qirmizi olma“ qoʻshigʻi Rahmatullayevning 2015-yil eʼlon qilingan „Yoshlik“ nomli albomiga ham kiritilgan. Shuningdek, 2020-yil eʼlon qilingan „Seni izlab“ albomiga qoʻshiqning jonli versiyasi kiritilgan. Xonanda qoʻshiqni rus tilida „Yabloko lyubvi“ (ruscha: Яблоко любви) nomi bilan ijro etgan. Tarona xonandaning oʻsha yili chiqarilgan ayni nomli studiyaviy albomiga kiritilgan. „Qirmizi olma“ Rahmatullayev repertuaridagi eng keng tanilgan qoʻshiqlarning biridir.
| „Qirmizi olma“ | |
|---|---|
| Ulugʻbek Rahmatullayev qoʻshigʻi | |
| Qirmizi olma albomidan | |
| Chiqarilgan sanasi | 2015 |
| Janr | pop |
| Davomiyligi | 3:54 (toʻliq versiya) 3:39 (qisqa versiya) 4:09 (klip versiyasi) |
| Klipi | |
| „Qirmizi olma“ YouTubeda | |
Qoʻshiq tonalligi — si-bemol minor. Qoʻshiqning oʻzbekcha versiyasi klipi 2016-yilning martida YouTubega yuklanganidan to 2022-yilning sentyabriga qadar 21 million martadan oshiq, ruscha versiyasi klipi esa 20 million martadan oshiq koʻrilgan.
Bugunga qadar bir necha xorijlik xonanda taronani kaver qilgan. 2015-yil eronlik xonanda Aref qoʻshiqni „Ki behtar az to“ (forscha: کی بهتر از تو) nomi bilan fors tilida kuylagan. Rahmatullayev Aref undan ruxsat olmaganini, ammo kaverga eʼtirozi yoʻqligini bildirgan. 2021-yil esa Arhan „Qirmizi alma“ nomi bilan ozarbayjon tilida ijro etgan. 2021-yil Rahmatullayev qoʻshiqni xonanda Nilufar Usmonova bilan ijro etgan.
„The cover up kids“ koʻrsatuvining 3-sonida (8-noyabr, 2020-yil) Rahmatullayev qoʻshiqlari kaver qilingan. „Qirmizi olma“ qoʻshigʻini koʻrsatuv ishtirokchisi Rustamxon Sayfullayev ijro etgan. Sayfullayev qoʻshiqni uch xil uslubda, jumladan, milliy cholgʻular joʻrligida ijro etgan va Rahmatullayev olqishiga sazovor boʻlgan.
Izohlar
- Koʻrsatuv ijodkorlari „cover-up“ soʻzi ingliz tilida 1) biror narsani, ayniqsa nojoʻya ish yoki xatoni yashirish urinishini yoki 2) suvdan chiqqanda choʻmilish kiyimi ustidan tashlab olinadigan ust-boshni anglatishidan bexabar boʻlgani uchun koʻrsatuvni shunday nomlagan.