Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Gulnihol Tirimüjgan Kadın (usmonli turkcha: تیرمژکان قادین‎‎; 1819-yil 16-oktyabrda tugʻilgan – 1852-yil 3-oktyabrda vafot etgan) – Usmoniylar davlati sultoni A

Tirimüjgan Kadın

Gulnihol Tirimüjgan Kadın (usmonli turkcha: تیرمژکان قادین‎; 1819-yil 16-oktyabrda tugʻilgan – 1852-yil 3-oktyabrda vafot etgan) – Usmoniylar davlati sultoni Abdulmajid I ning xotini, sulton Abdulhamid II ning onasi.

Tirimüjgan Kadın
Tugʻilishi 1819-yil 16-oktyabr
Cherkesiya
Vafoti 3-oktyabr 1852-yil(1852-10-03)
(32 yoshda)
Feriye saroyi, Konstantinopol, Usmoniylar davlati
(hozirgi Istanbul, Turkiya)
Dafn etilgan joy
Cedid Havatin maqbarasi, Yangi masjid, Istanbul
Turmush oʻrtogʻi
Abdulmajid I (turm. 1840–1852)
Farzandlari
Toʻliq nomi
turkcha: Tirimüjgan Qadin
usmonli turkcha: تیر مژکان قادین
Uy Usmonli (nikoh orqali)
Otasi Bexan Bey
Onasi Almaş xonim
Dini Islom, sunniylik

Yoshligi

Tirimüjganning kelib chiqishi cherkeslarning Shapsug qabilasiga mansub boʻlgan. Otasining ismi Bexan Bey, onasining ismi esa Almaş xonim edi. Uning nevarasi Oysha Sulton oʻzining xotiralarida taʼkidlaganidek, kelib chiqishi yaxshi hujjatlashtirilgan boʻlishiga qaramay, Abdulhamidning dushmanlari uni Çandır ismli arman musiqachisining qizi deya yolgʻon daʼvo qilishgan.

1843-yilda Istanbulga tashrif buyurgan Charles Whitening soʻzlariga koʻra, Tirimüjgan Istanbulga Rizo posho tomonidan olib kelingan va Asmo Sultonga taqdim qilingan. Asmo Sulton esa uni tarbiyalab, Gulnihol degan ism bergan, soʻngra Abdulmajidga taqdim qilgan. Tirimüjgan, ehtimol, Abdulmajidga xotin boʻlishidan avval saroy xizmatkori boʻlib xizmat qilgan. Abdulmajidga turmushga chiqqanidan soʻng Gulniholning ismini eri Tirimüjgan deb oʻzgartirgan. Nevarasi Oysha uni „javzari-yashil koʻzli, ancha uzun, och malla sochli, tiniq oppoq rangpar terili, ingichka belli, nozik gavdali, qoʻl-oyoqlari juda chiroyli“ deya tasvirlagan. Nafis va muloyim feʼl-atvori bilan tanilgan. Bundan tashqari, isteʼdodi unchalik yuqori boʻlmasa-da, sheʼrlar ham yozgan.

Nikohi

Tirimüjgan 1840-yilda Abdulmajidga turmushga chiqqan. Unga „Uchinchi Kadın“ unvoni berilgan. Tirimüjgan nafisligi, xushmuomalaligi va goʻzalligi bilan tanilgan. Charles White u haqida quyidagilarni yozadi:

Ikkinchisi,... katta go‘zallik va fazilatlar, shuningdek, yomon bo‘lmagan sheʼrlar yozish qobiliyati bilan dovrug‘ qozongan.

Tirimüjgan 2 shahzoda va 1 malikani dunyoga keltirgan. 1840-yil 11-oktyabrda u ilk farzandi, qizi Naima Sultonni dunyoga keltirgan. Biroq Naima Sulton 1843-yil 1-may kuni ikki yarim yoshida chechakdan vafot etgan. 1842-yil 21-sentyabrda ikkinchi farzandi, Shahzoda Abdulhamid (keyinchalik sulton Abdulhamid II) tugʻilgan. 1848-yil 22-aprel kuni esa u uchinchi farzandi, Shahzoda Mehmed Obidni dunyoga keltirgan, biroq shahzoda oradan 15 kun oʻtib, 1848-yil 7-mayda vafot etgan. Abdulhamid keyinchalik oʻz qizlaridan biriga Naima, oʻgʻillaridan biriga esa Mehmed Obid deb ism qoʻygan.

Qizidan ayrilgach, Tirimüjgan bor mehri va eʼtiborini oʻgʻli Abdulhamidga qaratgan, hatto betob boʻlgan chogʻida ham oʻgʻlining baxti uchun qoʻlidan kelgan hamma narsani qilgan. Abdulhamid har kuni uni koʻrish uchun Beylerbeyi saroyiga borgan, soʻngra Dolmabahçe saroyiga qaytargan.

Nargisnihol xonim Tirimüjganning eng yaqin xizmatkorlardan biri boʻlgan. Tirimüjgan dastlab uni hali goʻdak boʻlgan qizi Naimening xizmatiga tayinlagan, Naimening vafotidan soʻng esa Abdulhamidning xizmatiga oʻtkazgan. Tirimüjgan vafotidan oldin unga: „Oʻgʻlimni senga topshiraman. Tirik ekansan, uni tark etma, xonasining tashqarisida uxlashda davom et“, deya vasiyat qilgan. Nargisnihol Tirimüjganning vafotidan soʻng uning vasiyatiga muvofiq ish tutgan va Abdulhamidni hech qachon yolgʻiz qoldirmagan. Nargisnihol xonim 1892-yilda vafot etgan. Tirimüjgan Kadınning vafotidan soʻng, Abdulmajid oʻgʻli Abdulhamidni farzandsiz boʻlgan boshqa xotini Rahime Perestu Kadınning tarbiyasiga topshirgan.

Vafoti

Tirimüjgan 1852-yil 3-oktyabrda Feriye saroyida vafot etgan va Istanbuldagi Yangi masjidda dafn qilingan. Oʻgʻli taxtga chiqishidan oldin vafot etganligi sababli, hech qachon Volida Sulton boʻlmagan. Saroydagi boshqa xotinlar ichida Tirimüjgan eng koʻp Perestu Kadınga yaqin boʻlib, uni har doim katta hurmat bilan yod etgan. Uning vafotidan soʻng, Abdulhamid Perestu tomonidan tarbiya qilingan. Shuningdek, Perestu bundan oldin Jamila Sultonni ham asrab olgan.

Farzandlari

Ismi Tugʻilgan sanasi Vafot sanasi Izohlar
Naima Sulton 1840-yil 11-oktyabr 1843-yil 1-may Topkapı saroyida tugʻilgan. Mustafo III maqbarasiga dafn qilingan.
Abdulhamid II 1842-yil 21-sentyabr 1918-yil 10-fevral Usmoniylar imperiyasining 34-sultoni
Shahzoda Mehmed Obid 1848-yil 22-aprel 1848-yil 7-may Çırağan saroyida tugʻilgan. Yangi masjidga dafn qilingan.

Yana qarang

  • Usmoniylar sultonlarining xotinlari roʻyxati
  • Kadın (unvon)
  • Usmoniylar sultonlarining onalari ro‘yxati
  • Usmoniylar imperiyasi harami

Adabiyotlar

  • Uluçay, M. Çağatay. Padişahların kadınları ve kızları. Ötüken, 2011. ISBN 978-9-754-37840-5. 
  • Sakaoğlu, Necdet. Bu Mülkün Kadın Sultanları: Vâlide Sultanlar, Hâtunlar, Hasekiler, Kandınefendiler, Sultanefendiler. Oğlak Yayıncılık, 2008. ISBN 978-6-051-71079-2. 
  • Brookes, Douglas Scott. The Concubine, the Princess, and the Teacher: Voices from the Ottoman Harem. University of Texas Press, 2010. ISBN 978-0-292-78335-5. 
  • Paşa, Ahmed Cevdet. Tezâkir. [2]. 13 - 20, Volume 2. Türk Tarih Kurumu Basımevi, 1960. 
Yuqori