Anorganik kimyo (yun. an — inkor qoʻshimchasi va organik kimyo) — kimyoviy elementlar va ulardan hosil boʻlgan birikmalar haqidagi fan (faqat uglerod birikmalarini organik kimyo, uglerodning bir necha oddiy birikmalarinigina Anorganik kimyo oʻrganadi). Anorganik moddalar, xususan ogʻir metallar — oltin, kumush, mis, temir, qoʻrgʻoshin, simob va qalay, metallmaslardan uglerod va oltingugurt qadim zamonlardan maʼlum. Milodning boshlarida kimyo Misrda taraqqiy etib, xlorid, sulfat, nitrat kislotalar, erkin holda margimush, surma, fosfor, shuningdek bir qancha ishqor va tuzlar hosil qilingan. Turkistonda ham kimyoning qadimdan mavjudligini arxeologik qazishlar natijasida topilgan moddiy-madaniy yodgorliklar tasdiqlaydi. Turkistonda koʻpgina kimyogar olimlar yetishib chiqqan. Ulardan eng mashhurlari Abu Bakr ar-Roziy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf al-Kotib al-Xorazmiy, Abdulhakim ibn Abdulmalik al-Kosiy, Abu Ali ibn Sino va boshqa (qarang Alkimyo). Anorganik moddalar haqidagi maʼlumotlarni alohida oʻrganish gʻoyasini fransuz kimyogari N. Lemeri ilgari surgan. U 1675-yilda kimyo fani oʻrganadigan moddalarni kelib chiqishiga koʻra mineral moddalarga, oʻsimliklar va hayvonlardan hosil boʻladigan moddalarga boʻlgan edi. XIX asr oxirida fizika va boshqa fan soxalaridagi katta kashfiyotlar (1869-yilda D. I. Mendeleyev davriy qonunni kashf etishi va hokazo) Anorganik kimyo taraqkiyotida muhim rol oʻynadi. Bu davrda davriy sistemada oʻrin qoldirilgan elementlarning barchasi topilib, davriy sistema toʻldirildi va transuran elementlar kashf etildi. Anorganik kimyoda kimyoviy tekshirishning ikkinchi usuli: analiz va sintez keng qoʻllanadi. XVIII asr oxirida kimyoning vazifasi moddalar tarkibini aniqlash, yaʼni ularni analiz qilish deb hisoblangan boʻlsa, XIX asrning boshida kimyogarlar yangi moddalarni sintez qilishga ham tobora koʻproq ahamiyat berdilar. XX asrda anorganik sintez taraqqiyotiga eksperimental texnikaning erishgan yutuqlari juda katta yordam berdi. XX asr boshigacha Anorganik kimyoning asosiy vazifasi koʻproq birikmalar hosil qilish deb hisoblangan boʻlsa, hozir bu fan, asosan, birikmalarning hosil boʻlishi va parchalanishi sharoitini, ularning fizik va kimyoviy xos-salari va tuzilishini urganadi. Bu hol Anorganik kimyo sohasidagi tadqiqotlarning ilmiy va amaliy ahamiyatini gʻoyatda oshirib yubordi. XX asrning 30-yillarida adabiyotda bayon etilgan anorganik birikmalar soni 50-60 ming edi. Elementlarning kislorod bilan hosil qilgan birikmalari — gidridlar; galogen bilan hosil qilgan birikmalari — galogenidlar; oltingugurt bilan hosil qilgan birikmalari — sulfidlar; azot bilan hosil qilgan birikmalari — nitridlar; uglerod bilan hosil qilgan birikmalari — karbidlar, kislotalar, asoslar, tuzlar, kompleks birikmalar Anorganik kimyoda oʻrganiladi. Anorganik kimyoning hozirgi bosh va-zifasi yuqori harorat va bosim, mexanik va kimyoviy taʼsirlarga chidamli boʻlgan, boshqa koʻpgina talablarga javob beradigan yangi sunʼiy anorganik moddalar tayyorlash va boshqadir. Bu borada koʻpgina tadqiqot ishlari oʻtkazildi. Mas, texnikaning yangi materiallar sofligiga talabi juda yuqori (yarim oʻtkazgichlar va yadro energetikasi materiallarida qoʻshimchalar miqdori 10-6% dan oshmasligi kerak), shuningdek mustahkamlik, olovbardoshlik, agressiv muhitlarga chi-damlilik (yadro energetikasi, raketa texnikasi, kimyo va qurilish ma-teriallari sanoatida) kabi xossalarga talab oshdi va yaqin vaqtlargacha metallar tarkibida turli masofalarda tartibsiz joylashgan oksidlar boʻlishi nuqson deb hisoblan-gan boʻlsa, hozir angestremdan kichik iplardan toʻrlar yasab, hosil boʻlgan katakchalar ichiga metallni joylashtirib qizdirib yangi tipdagi metallar olish texnologiyasi keng joriy kilindi. Bu maqsadlar uchun faqat yuqori temperaturalarga chidamli oksidlar (karbidlar, boridlar va silitsidlar) ishlatiladi. Anorganik texnologiyaning qadimgi sohasi shisha ishlab chiqarishda ham katta yutuqlarga erishildi. Odatda shisha tarkibida kristallar paydo boʻlsa, shisha mahsulotlari chiqitga chiqarib yuborilardi. Keyinchalik shishaning butunlay mayda tarkibli kristallardan iborat yangi turlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yuqori ekspluatatsion xossalarga ega boʻlgan sunʼiy olmosni ham sintez qilishga erishildi. Yuqoridagi tadqiqotlarda Anorganik kimyoning roli katta. U kimyo sanoatining ilmiy asosi sifatida ogʻir sanoatni rivojlantirishda va qishloq xoʻjaligini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana qarang
- Organik kimyo
- Kimyo
| Kimyoga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
- Kimyo
- Kimyoga oid chala maqolalar