| Bahodir Karim | |
|---|---|
| Karimov Bahodir Nurmetovich | |
| Tavalludi | 1966-yil 7-fevral Turkmaniston, Toshhovuz viloyati |
| Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti |
| Kasbi | Adabiyotshunos |
| Unvoni | Filologiya fanlari doktori, professor |
| Mukofotlari | |
Bahodir Karim (Karimov Bahodir Nurmetovich, 1966-yil 7-fevral, Toshhovuz viloyati, Turkmaniston SSR) – adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Xalq taʼlimi aʼlochisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.
Hayoti
Bahodir Karim 1966-yil 7-fevralda Respublikasining Toshhovuz viloyati Toza-yormish qishlogʻida ziyoli oilada tugʻilgan. Boshlangʻich va oʻrta taʼlimni qishloqdagi 30-maktabda olgan. 1991-yilda Toshkent davlat universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Shundan keyin shu universitet aspiranturasining kunduzgi boʻlimida oʻqishni davom ettirgan. Otasi Nurmat aka fizika oʻqituvchisi boʻlgan.
Faoliyati
1996—1999-yillarda doktoranturada tahsil olgan. 2002-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 1999-yildan Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti „Jahon adabiyoti va nazariya“ kafedrasi mudiri lavozimida ishlab, 2003—2006-yillarda fakultet dekani boʻlgan. 2001-yildan universitet qoshida tashkil etilgan Oliy Adabiyot kursini boshqargan.
Bahodir Karimning 2000-yilda "Jadid munaqqidi Vadud Mahmud", "Qodiriy qadri", 2004-yilda "Yangilanish sogʻinchi", 2007-yilda "XX asr oʻzbek hikoyasi antalogiyasi", 2011-yilda "XX asr oʻzbek sheʼriyati antalogiyasi", "Choʻlpon va tanqid", "Abdulla Qodiriy: tanqid, tahlil va talqin", "Adabiyotshunoslik metodologiyasi", "Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur", "Qodiriy nasri – nafosat qasri", "Bakir Choʻbonzoda va Oʻzbekiston", "Ruhiyat alifbosi", "Abdulla Qodiriy fenomeni", "Oʻtkan kunlar ibrati", "Ikki daho – ikki bebaho", "Istiqlol adabiyoti: nazm va nasr" kabi oʻndan ortiq ilmiy kitoblari nashr etilgan. Bundan tashqari u 70 dan ziyod ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlar, shu oʻrinda 6 ta risola, 64 ta ilmiy maqola va oʻquv-uslubiy ishlar muallifi. Uning tadqiqotlari asosan XX asr adabiyoti va jadidlar haqida.
Mukofotlari
2005-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan. 2016-yilda „Xalq ta’limi a’lochisi ko‘krak nishoni“ bilan taqdirlangan. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni topshirilgan.
- 7-fevralda tugʻilganlar
- 1966-yilda tugʻilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiylari