Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Saqqo Buxoriy XVI asrda Buxoro shahrida yashagan. U asosan meshkoblik (suv tashuvchilik) bilan shugʻullangan. Shu bilan birga, sheʼriyat bilan ham faol ravishda

Saqqo Buxoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Saqqo Buxoriy
Tavalludi
Bahrom darvesh

Buxoro
Vafoti hij. 970-yil (mil. 1562/1563-yil)
Gʻoʻr viloyati
Kasbi Shoir, meshkoblik

Saqqo Buxoriy (taxallusi; asl ismi Bahrom darvesh; XVI asrda yashagan) – buxorolik shoir.

Hayoti

Saqqo Buxoriy XVI asrda Buxoro shahrida yashagan. U asosan meshkoblik (suv tashuvchilik) bilan shugʻullangan. Shu bilan birga, sheʼriyat bilan ham faol ravishda mashgʻul boʻlgan. Uning asl ismi Bahrom Darvesh boʻlib, „Saqqo“ adabiy taxallusi sifatida qoʻllangan; bu taxallus uning kasbini ifodalagan.

Manbalarga koʻra, u Shoh Qosim Anvorga payrovlik qilgan. Umri boʻyi saqqolik–meshkoblik qilib, faqirlikda oʻtkazgan. Bir muddat Hindistonda (tax. 2 yil) yashagan. Sarandobga qilgan safar chogʻida Gʻoʻr viloyatida vafot etgan. Uning vafoti hijriy 970-yil (milodiy 1562–1563-yillar)ga toʻgʻri keladi. Qabri ham aynan shu hududda joylashgan. Shoir hayoti haqida maʼlumotlar Abdiy Geleniy va Fathiy tomonidan yozilgan tarixiy manbalarda uchraydi.

Faoliyati

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Saqqo Buxoriy sheʼriy devon tuzgan. Ushbu devon Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari xazinasida 2265 va 976 inventar raqamlari ostida saqlanmoqda. Adabiyotshunos M. Ahmadov ilk bor bu devondan 15 gʻazal, 3 qitʼa, 6 ta tarix va 6 ruboiyni jamlagan, jami 290 satrdan iborat parchani „Gulshani adab“ majmuasining 4-jildida, 1977-yilda eʼlon qilgan.

Ahmadov bergan maʼlumotlarga koʻra, Saqqo Buxoriyning poetik merosi qariyb toʻrt ming baytdan (sakkiz ming misra) iborat boʻlib, u gʻazal, qitʼa, tarix va ruboiy janrlarini qamrab oladi. Shoir, asosan, tojik tilida ijod qilgan. Yuqoridagi manbalarga asoslanib, oʻzbek shoiri Samandar Vohidov uning besh gʻazalini oʻzbek tiliga tarjima qilgan; ushbu gʻazallar jami 35 baytni tashkil etadi.

Sheʼriy namuna
TojikchaOʻzbekcha (Samandar Vohidov tarjimasi)

Lola baromad zi bogʻ surhu safedu siyoh,
Marhami dil shud ba bogʻ surhu safedu siyoh.
Boruhu xoli zaqon subh baromad chu mehr,
On mahi chashmu charogʻ surhu safedu siyoh.
Ba tashnahoi hajri doʻst, chu Saqqo
Zamona dashti adam yo sarob az in du kadom ast?

Lola bilan toʻldi bogʻ qizilu oqu qora,
Shifo topdi dilda dogʻ qizilu oqu qora.
Yuzida xoli birla chiqdi goʻzal subhidam,
Yoqib quyoshdin chiroq qizilu oqu qora.
Doʻst hajri sahrosida sarson Saqqo davron–
Dashti adam yo sarob – ikkisidan qay biri?

Adabiyotlar

  • Safarov, Oxunjon. Buxoro adabiy harakatchiligi tarixining ayrim manzaralari. Buxoro, 2012 32-36-bet. 
  • Buxoro davlat universiteti ilmiy axboroti. Meshkobdan chiqqan shoir. BuxDU, 2007 40-43-bet. 
Yuqori