Janubiy Avstraliya - Avstraliya Ittifoqidagi shtat. Hind okeanining Katta Avstraliya qoʻltigʻi sohilida joylashgan. Maydoni - 984 ming km2. Aholisi - 1,5 mln. kishi (2000). Maʼmuriy markazi — Adelaida shahri.
Shtat hududining relyefi asosan, tekislik, togʻ massivlari ham uchraydi (Styuart, Masgreyv va b.). Quruq oʻzanlar va koʻllar (Eyr, Gerdner, Torrens) bor. Eng katta daryosi — Murrey. Shtat hududining choʻl va chala choʻldan iborat shimoliy va shimoli-gʻarbida yiliga 100–200 mm yogʻin tushadi. Janub va janubi-sharqida iqlim moʼtadil, 500–1000 mm yogʻin yogʻadi, tuprogʻi unumdor. Yillik oʻrtacha temperatura 20° C, yanvarniki — 30° C.
Shtat ekin maydonining qariyb 25% iga bugʻdoy ekiladi. Bogʻ koʻp. Mevachilik va tokchilik rivojlangan. Xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — yaylov chorvachiligi (qoʻy, qoramol, ot, choʻchqa boqiladi).
Konchilik (mis va temir rudalari, toshkoʻmir, tabiiy gaz olinadi) rivojlangan. Sanoatda qora va rangli metallurgiya yetakchi oʻrinda. Kemasozlik, mashinasozlik (qarang: x. mashinalari, avtomobilsozlik, raketasozlik), neft kimyosi sanoati korxonalari bor. Shtatning janubiy qismida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoat korxonalari joylashgan. Vino ishlab chiqarish yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Yirik sanoat markazlari: Adelaida va Port-Agasta. .
- Geografiyaga oid chala maqolalar
- Avstraliya shtatlari va hududlari