
Mariy tili — fin-ugor tillaridan biri. Rossiya Federatsiyasining Mariy El, Tatariston, Udmurtiston, Boshqirdiston respublikalarida va bir qator Volgaboʻyi viloyatlarida tarqalgan, 600 mingdan ortiq kishi soʻzlashadi. Bir qancha: oʻtloqzor (lugovoy), togʻliq (gorniy), sharqiy, shim.-gʻarbiy laxjalari va 2 xil adabiy tili (oʻtloqzor sharqiy va togʻliqmariy) mavjud. Mariy tilining har ikkala adabiy shakli XIX asrdan boshlab rus alifbosi asosidagi yozuvga, oʻz imlo qoidalariga ega. Mariy tili VIII asrdan turkiy tillar, XIII asrdan rus tili taʼsirida rivojlangan boʻlsada, fin-ugor tillariga xos belgilarni saqlab qolgan. Lahjalarida turli xil unlilar juftligi (a—a, o— o va boshqalar), binobarin, singarmonizm kuzatiladi. Otlarda koʻplikni ifodalovchi bir qancha koʻrsatkichlar bor. Feʼllar 2 xil tuslanadi, hozirgi-kelasi va 6 ta oʻtgan zamon shakllariga, istak va buyruq mayllari shakllariga ega. Soʻz yasalishi suffiksatsiya va soʻz koʻshish usullarida amalga oshadi. Mariy tili haqidagi dastlabki maʼlumotlar XVIII asrga ta-allukli, dastlabki grammatikasi 1755-yilda yaratilgan.
- Tillar
- Tillar haqidagi chala maqolalar