Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Tarbiyai atfol (Bolalar tarbiyasi) — Buxoro jadidlari tashkil etgan maʼrifiy jamiyat (1908—14). Abduvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Hamidxoʻja Meqriy, Ahmadj

Tarbiyai atfol

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Til(lar)i Fors tili, oʻzbek tili

Tarbiyai atfol (Bolalar tarbiyasi) — Buxoro jadidlari tashkil etgan maʼrifiy jamiyat (1908—14). Abduvohid Burhonov, Mukammil Burhonov, Hamidxoʻja Meqriy, Ahmadjon Abdusaidov va boshqa asos solishgan. Jamiyat faoliyatida S. Ayniy, Usmon Xoʻja, M. Saidjonov va boshqa muhim rol oʻynagan. Jamiyat aʼzolari soni 100 ga yaqin boʻlib, ularni Muhiddin Mansurov, Sadr Ziyo moddiy jihatdan qoʻllab quvvatlagan. "Tarbiyai atfol" isteʼdodli yoshlarni xorijiy mamlakatlarga oʻqishga yuborish, usuli jadid maktablarini har tomonlama qoʻllab quvvatlash, bu maktablar uchun oʻquv qoʻllanmalari va darsliklar yaratish, xorijdagi talabalarga moddiy yordam koʻrsatish ishlari bilan shugʻullangan. Jamiyatning saʼy harakati bilan, mas., 1908-yilda Istanbulda buxorolik va turkistonlik yoshlardan 14 kishi tahsil olgan. Jamiyat koʻmagi bilan Fitratning "Munozara", "Hind sayyohi bayonoti" va "Sayha" asarlari, shuningdek, S. Ayniy, A. Burhonov, Ikrom domla va boshqalarning kitoblari Turkiyada nashr etilib, Turkistonda tarqatilgan. Jamiyat maʼrifatparvarlik ishlari bilan birga ijtimoiy masalalarga ham eʼtiborni qaratdi. Jamiyat aʼzolari Buxoroda maʼrifatni yoyish, Fitratning Turkiston jadidchiligining dasturi hisoblangan asarlarini targʻib etish bilan birga Buxoro amirligida hukm surgan diniy fanatizm va bidʼatga qarshi targʻibottashviqot ishlarini olib bordi, shuningdek, amirlikdagi har qanday yangilikni boʻgʻishga qaratilgan tadbirlarga qarshi norozilik kayfiyatini izhor etib turdi.

Yana qarang

  • Jadid teatrlari
  • Jadidchilik

Adabiyot

  • Ayniy Sadriddin, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xoʻjayev Fayzulla, Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Ergashev B.X., Ideologiya natsionalno-osvoboditelnogo dvijeniya v buxarskom emirate, T., 1991 Qahramon Rajabov.





Yuqori