Yordam
Bepul yuklab olish va ma’lumotlar platformasi

Yovvoyi mushuk yoki daydi mushuk — egasiz, uy mushugidan kelib chiqqan, tashqarida yashaydigan va odamlar bilan aloqadan qochadigan jonivor. Odamlar uni ushlash

Yovvoyi mushuk

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Quloq uch qismi kesilgan yovvoyi mushuk — bu uning tutish-sterilizatsiya-qaytarish (TNR) dasturi orqali sterilizatsiya qilinganini bildiradi

Yovvoyi mushuk yoki daydi mushuk — egasiz, uy mushugidan kelib chiqqan, tashqarida yashaydigan va odamlar bilan aloqadan qochadigan jonivor. Odamlar uni ushlashiga yoki silashiga yoʻl qoʻymaydi va odatda ulardan yashirinib yuradi. Yovvoyi mushuklar oʻnlab avlodlar davomida koʻpayib, shahar, savanna yoki butazor hududlarda, ayniqsa yirtqichlarga moslashmagan mahalliy hayvonlar yashaydigan orollarda, mahalliy ekotizimning eng yuqori yirtqichiga aylanishi mumkin. Baʼzi yovvoyi mushuklar ularni muntazam ovqatlantiradigan odamlarga nisbatan biroz yaqinroq boʻlishi mumkin, biroq uzoq muddatli ijtimoiylashtirish saʼy-harakatlariga qaramasdan, odatda ular oʻziga yaqinlashtirmaydigan, mustaqil xulqli boʻlib qoladi va kechqurun faol boʻladi. Dunyo boʻyicha taxminan 700 million mushuk mavjud boʻlsa, ularning 480 millioni yovvoyi hisoblanadi.

Yovvoyi mushuklar yovvoyi tabiatga nihoyatda katta zarar yetkazadi. Tabiatni muhofaza qilish boʻyicha olimlar ularni Yer yuzidagi eng xavfli invaziv turlardan biri deb hisoblaydi. Ular dunyoning „100 ta eng xavfli invaziv turlar roʻyxati“ga ham kiritilgan. Yovvoyi mushuk populyatsiyasini nazorat qilish boʻyicha urinishlar keng tarqalgan, biroq sezilarli natijalar asosan maxsus qoʻriqlanadigan hududlarda kuzatiladi.

Ayrim hayvon huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar yovvoyi mushuklarning koʻpayishini toʻxtatish uchun ushlash-sterilizatsiya qilish(koʻpayish qobiliyatini olib tashlash)-yana qoʻyib yuborish dasturlarini targʻib qiladi. Biroq ilmiy tadqiqotlar bunday dasturlar yovvoyi mushuk populyatsiyasini nazorat qilishda samarali emasligini koʻrsatgan.

Taʼrifi

Rimdagi Largo di Torre Argentina hududida yashovchi yovvoyi mushuklar. Surat muallifi — Paolo Monti, 1969-yil

„Yovvoyi mushuk“ atamasining maʼnosi kasblar va mamlakatlarga qarab farq qiladi va baʼzan erkin kezuvchi, koʻcha mushugi, tor koʻcha mushugi yoki jamiyat mushugi kabi boshqa atamalar bilan almashib ishlatiladi. Bu atamalarning ayrimlari daydi mushuklarga ham nisbatan qoʻllanadi, garchi qutqaruvchilar, veterinariya mutaxassislari va tadqiqotchilar odatda daydi mushuklar va yovvoyi mushuklarni bir-biridan farqli deb hisoblashsa ham. Daydi mushuk va yovvoyi mushuk oʻrtasidagi farqlar aniq emas. Umumiy tasavvur shundan iboratki, egasi boʻlgan mushuk uyidan uzoqlashib ketishi natijasida daydi mushukka aylanishi mumkin va uzoqmuddat tabiatda yashagan daydi mushuk esa asta-sekin yovvoyi mushukka aylanadi.

Baʼzi faollar yovvoyi mushuklarni atrof-muhitning „odatdagi qismi“ sifatida koʻrsatishga urinar ekan, ularni jamiyat mushuklari deb qayta nomlashni targʻib qilmoqdalar. Biologlarning fikricha, bu yangi atama evfemistik boʻlib, yovvoyi mushuklarning ekologik muammo ekanini yashiradi. Bundan tashqari, u mushuklar yashaydigan hududlarda ular jamoaning roziligi bilan mavjud degan notoʻgʻri tasavvur uygʻotadi hamda jamoa tashqi muhitda ularni qoʻllab-quvvatlashga axloqiy majburdir degan notoʻgʻri konnotatsiyani hosil qiladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, keng jamoatchilik tabiatda katta sonli erkin kezuvchi mushuklar boʻlishini qoʻllab-quvvatlamaydi. Biroq soʻrovnomalarda ishlatiladigan til, atamalar va iboralar odamlarning mushuk populyatsiyasini boshqarish boʻyicha turli choralarni qoʻllab-quvvatlash darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Tarixi

Qadimgi Misrda mushuklar kemiruvchilar va zaharli ilonlarni yoʻq qilgani uchun eʼzozlangan. Keyinchalik insonlar uchun saqlanadigan don mahsulotlarini kemiruvchilar yeb yubormasligi yoki ifloslantirmasligi zarurati mushuklarning uy hayvoniga aylantirilishining dastlabki sababi boʻlgan boʻlishi mumkin. Mushuklarning butun dunyo boʻylab tarqalishi ham aynan Misrdan boshlangani haqida keng tarqalgan fikr mavjud. Biroq olimlar mushuklar Qadimgi Misrda xonakilashtirilganmi yoki uy hayvoni sifatida boshqa hududlardan Misrga olib kelinganmi, bu masalada bir xil fikrda emas. Finikiyalik savdogarlar ularni Yevropaga, ayniqsa kalamushlar populyatsiyasini nazorat qilish maqsadida olib borgan, rohiblar esa mushuklarni yanada sharqiy hududlarga yoygan. Rim armiyalari ham mushuklarning tarqalishiga hissa qoʻshgan va oxir-oqibat ularni Britaniyaga olib kelgan. Shundan keyin mushuklar yangi mamlakatlarga koʻpincha dengizchilar yoki koʻchmanchilar tomonidan olib kirilgan.

Mushuklarning Avstraliyaga qachon kirib kelgani aniq emas: ayrim manbalarga koʻra ular 1600-yillarda golland kemalarining halokatga uchrashi natijasida, boshqa manbalarga koʻra esa 1700-yillarning oxirida ingliz mustamlakachilari tomonidan olib kelingan. Uy mushuklarining avlodlari insonlar bilan aloqani uzib yashay boshlagach, ular asta-sekin yovvoyi mushuk populyatsiyalarini shakllantira boshlagan.

Adabiyotlar


Yuqori