
Yirtqich qushlar — asosan sutemizuvchilar, sudralib yuruvchilar va mayda qushlar kabi boshqa umurtqali hayvonlarni ovlaydigan hamda ular bilan oziqlanadigan qushlar guruhidir. Hozirgi kunda olimlar ushbu guruhni parafilik deb qarashadilar. Bu qushlar tezligi va kuchidan tashqari, o‘ljani uzoq masofadan yoki parvoz paytida aniqlash imkonini beruvchi o‘tkir ko‘rish qobiliyatiga, o‘ljani ushlash yoki o‘ldirish uchun kuchli va o‘tkir tirnoqli panjalarga, shuningdek go‘shtni parchalashga moslashgan kuchli qayrilgan tumshuqqa ega. Yirtqich qushlar asosan tirik o‘lja bilan oziqlansa-da, baliqchi burgutlar, griflar va kondorlar kabi ko‘plab turlari oʻlaksa bilan ham oziqlanadi. Tanasi yirik yoki oʻrtacha kattalikda, eng mayda vakili—karlik lochin qanotining uzunligi 9—10 sm; eng yirik Amerika tasqarasining qanoti 115 sm, yoyilganida 2,5–3 m, vazni 8–12 kg . Tumshugʻi kuchli rivojlangan, uchki qismi ilmoqqa oʻxshash egilgan boʻlib, oʻljasi terisini yirtish va etini uzib olishga moslashgan. Oyoqlari oʻrtacha uzunlikda, panjalari kuchli rivojlangan, tirnoqlari oʻtkir, ilmoqsimon egilgan. Tirnoqlari yordamida chang solib oʻljasini oʻldiradi va uni ushlab turadi. Yirtqich qushlarning tumshugʻi asosidagi terisi patsiz, ochiq rangli boʻlib, tanasining boshqa qismidan ajralib turadi. Patlari tigʻiz boʻlishi, koʻzlari boshining 2 yonida joylashganligi bilan yapaloqqushlardan farq qiladi. Jigʻildoni juda keng, tana vaznining deyarli yarmiga teng keladigan oziqni sigʻdiradi. Koʻpchilik turlari monogam. Tuxumdan chiqqan joʻjasining koʻzi ochiq, tanasi pat bilan qoplangan boʻlsa ham uyada uzoq vaqt yashaydi. Koʻpchilik Y.q. ning nari va modasi bir xil rangda, koʻpincha nari modasiga nisbatan kichikroq yoki bir xil kattalikda (Amerika kondorining nari yirikroq) boʻladi. Kunduzi hayot kechiradi. Yer yuzida keng tarqalgan. Ancha uzoq yashaydi. Tutqunlikda lochin 55, burgut 46, tasqara 69, qirgʻiy 25 yil yashagan. Yilda bir marta, baʼzan 2 marta koʻpayadi. Daraxtlar shoxi, kavagi, qoyalar va yerga uya quradi yoki boshqa qushlar uyasini egallaydi. Odatda, oʻsha juftning oʻzi har yili bir joyning oʻziga uya qurib, bola ochadi. Yirik Y.q. 1—2 ta, maydalari 6—7 ta, baʼzan 9 tagacha tuxum bosadi. Tuxumini bittadan bir necha kun davomida qoʻyganidan uyadagi joʻjalari ham har xil yoshda boʻladi. Yirik Y.q. (Mas, burgut, boltayutar) 2 oy, maydalari 1 oyga yaqin tuxum bosadi. Mayda va oʻrtacha kattalikdagi qushlarning joʻjasi 1 oydan, yirik qushlarniki 3, hatto 4 oydan soʻng uchirma boʻladi. Y.q. har xil hayvonlar, asosan, sut emizuvchilar, qushlar va hasharotlar, baʼzan hayvonlar oʻlimtigi bilan oziqlanadi. Tropik mintaqalarda (Afrika) yashovchi ayrim Y.q. mevalar bilan oziqlanadi. Oʻljasini havodan turib izlaydi; shuning uchun koʻzlari, uchish qobiliyati yaxshi rivojlangan. Yilda bir marta uzoq vaqt toʻliq tullaydi.
Yirtqich qushlar kishilarning xoʻjalik faoliyatida muhim ijobiy ahamiyatga ega. Koʻpchilik turlari qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalari, kemiruvchilar, hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Boshqalari esa kuchsiz va kasallangan hayvonlar bilan oziqlanishi tufayli tabiatda doim sodir boʻlib turadigan tabiiy tanlanish asosiy omili hisoblanadi. Yirtqich qushlar ning soni kamayib borayotganligi sababli koʻpchilik mamlakatlarda muhofaza qilinadi. Oʻzbekiston hududida lochinlar va qarchigʻaylar oilasiga mansub boʻlgan 40 turi uchraydi.
Sistematika
Tarixiy sistematika
Karl Linney yaratgan taksonomik tizimda qushlar (Aves) sinfi turkumlar, urug‘ va turlarga ajratilgan bo‘lib, turkum va urug‘ o‘rtasida taksonomik pog‘onalar mavjud emas edi. Linney barcha yirtqich qushlarni Accipitres nomli yagona turkumga birlashtirgan va uni to‘rtta urug‘ga ajratgan: Vultur (griflar), Falco (burgutlar, qarchig‘aylar, lochinlar va boshqalar), Strix (boyqushlar) hamda Lanius (Qarqunoqlar ). Keyinchalik Gmelin, Latham va Turton kabi olimlar ham ushbu yondashuvga amal qilganlar.
Louis Pierre Vieillot taksonomiyada qo‘shimcha pog‘onalarni — turkum, triba, oila, urug‘ va tur pog‘onalarini qo‘llagan. Yirtqich qushlar (Accipitres) turkumini kunduzgi yirtqich qushlar va tungi yirtqich qushlar tribalariga ajratgan. Tungi yirtqich qushlar monotip guruh sifatida saqlanib qolgan (Ægolii oilasi, Strix urug‘i), kunduzgi yirtqich qushlar esa Vulturini, Gypaëti va Accipitrini oilalariga bo‘lingan. Shu tariqa, Vieillot tomonidan ajratilgan oilalar Linneyning urug‘lariga ma’lum darajada mos kelgan, biroq qarqunoqlar endi yirtqich qushlar tarkibidan chiqarildi. Vieillot Vultur va Falco urug‘laridan tashqari Savigni tomonidan taklif qilingan Phene, Haliæetus, Pandion va Elanus urug‘larini ham kiritadi. Bundan tashqari, u griflar uchun beshta yangi urug‘ (Gypagus, Catharista, Daptrius, Ibycter, Polyborus) va qarchig‘aysimonlar (Accipitrini) uchun o‘n bitta yangi urug‘ni (Aquila, Circaëtus, Circus, Buteo, Milvus, Ictinia, Physeta, Harpia, Spizaëtus, Asturina va Sparvius) joriy etgan.
Keyingi yillarda Cathartidae oilasini ham ushbu turkum tarkibiga kiritishgan.
Zamonaviy sistematika
So‘ngi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida an’anaviy ravishda yirtqich qushlar tarkibiga kiritilgan ayrim guruhlar o‘rtasida sezilarli evolyutsion va genetik farqlar mavjudligi aniqlangan. Amerika griflari ( Cathartidae), yirtqich qushlarga nisbatan, laylaklar oilasiga yaqinroq ekanligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, tadqiqotlar qarchig‘aylar va lochinlarni ham alohida turkumlarga ajratish zarurligini isbotladi. Natijada, an’anaviy ravishda bitta kunduzgi yirtqich qushlar turkumiga kiritib kelingan qushlar aslida uch xil turkumga mansubligi aniqlandi: qarchig‘aysimonlar (Accipitriformes), lochinsimonlar (Falconiformes) va Amerika griflari turkumi (Cathartiformes).
Tungi yirtqich qushlar esa bitta Strigiformes turkumiga mansub bo‘lib, ular Tytonidae va Strigidae oilalariga ajratiladi.
Shu tariqa, yirtqich qushlar turkumi takson sifatida foydalanishdan chiqdi. Kunduzgi yirtqich qushlar quyidagi turkumlarga ajratildi:
- Qarchigʻaysimonlar turkumi (Accipitriformes)
- Qarchigʻaylar oilasi ((Accipitridae) — 12 kenja oila, 75 urugʻ va 255 tur.
- Baliqqiygʻirlar (Pandionidae) — Monotip urugʻ.
- Mirzoqushlar (Sagittariidae) — Monotip urugʻ.
- Lochinsimonlar turkumi (Falconiformes)
- Lochinlar oilasi (Falconidae) — 3 kenja oila, 10 urugʻ va 65 tur.
- Cathartiformes turkumi
- Cathartidae oilasi — 5 urugʻ va 7 tur.
Tungi yirtqich qushlar esa quyidagi turkumlarga ajratildi:
- Strigiformes turkumi
- Strigidae oilasi — 23 urugʻ va 230 tur.
- Tytonidae oilasi — 2 urugʻ va 20 tur.