„Ulugʻbek xazinasi“ – oʻzbek yozuvchisi Odil Yoqubov qalamiga mansub tarixiy roman. 1970–73-yillarda yozilgan. Asar ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida Mirzo Ulugʻbek hayoti va fojiali oʻlimi haqida, ikkinchi qismida esa shogirdlarining uning merosini saqlab qolish yoʻlidagi kurashi haqida hikoya qilinadi. Asar Yoqubovning eng sara asari hamda oʻzbek adabiyotidagi eng muhim romanlarning biri hisoblanadi. Roman uchun Yoqubov Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
| Muallif(lar) | Odil Yoqubov |
|---|---|
| Til | oʻzbekcha |
| Janr(lar)i | roman |
| Nashr etilgan sanasi | 1973 |
| Nashriyot | Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti |
| Sahifalar soni | 432 |
Roman ilk marotaba 1973-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan. Bugunga qadar bir necha tilga tarjima qilingan va Oʻzbekistonda bir necha oʻn marotaba qayta chop etilgan.
Tarjimalari
„Ulugʻbek xazinasi“ romani bir necha tilga tarjima qilingan. 1976-yil romanning Yu. Surovsev muallif bilan hamkorlikda oʻgirgan ruscha tarjimasi Moskva shahrida „Sovetskiy pisatel“ nashriyotida chop etilgan. Ayni tarjima 1979-yil Toshkent shahrida Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida qayta chop etilgan.
K. Seydxanov romanni rus tilidan qozoq tiliga tarjima qilgan, qozoqcha tarjima 1983-yil Olmaota shahrida „Jazushi“ nashriyotida chop etilgan. Ayni yilda Toshkent shahrida „Raduga“ nashriyotida romanning rus tilidan hind tiliga oʻgirilgan tarjimasi chop etilgan. 1984-yil Riga shahrida „Liyesma“ nashriyotida A. Rudzgor oʻzbek tilidan oʻgirgan latischa tarjimasi chop etilgan. 1987-yil Vilnyus sharida „Mintis“ nashriyotida romanning G. Kobeskayte oʻzbek tilidan oʻgirgan litvacha tarjimasi chop etilgan. 2021-yil roman yapon tiliga tarjima qilingani xabar qilingan.