Toʻlqin Mahmur oʻgʻli Qilichev (1983-yil 24-fevralda tugʻilgan, Zafarobod, Jizzax viloyati) — oʻzbekistonlik boks murabbiyi va sobiq professional bokschi. 2022-yildan boks boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi.
Qilichev Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat yuritgan davrida uch Olimpiadada mamlakat bokschilari jami 13 ta medal — 9 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritgan. Rio-2016 Olimpiadasida Hasanboy Doʻsmatov, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin Gʻoibnazarov oltin, Bektemir Meliqoʻziyev va Shahram Gʻiyosov kumush, Murodjon Ahmadaliyev va Rustam Toʻlaganov bronza medal olgan. Tokio-2020 Olimpiadasida Bahodir Jalolov oltin medalni qoʻlga kiritgan. Parij-2024 Olimpiadasida esa Hasanboy Doʻsmatov, Abdumalik Xalakov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullojonov va Bahodir Jalolov Olimpiada chempioni boʻlgan.
Tarjimai holi
Toʻlqin Qilichev 1983-yil 24-fevralda Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida tugʻilgan. 1989-yilda Zafaroboddagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi 12-maktabda oʻqishni boshlagan. 1995-yilda Jizzax shahriga koʻchib oʻtgan. Dastlab milliy kurash bilan shugʻullangan, keyinchalik boks mashgʻulotlariga qatnay boshlagan.
1997-yilda Chirchiq shahridagi Respublika olimpiya zaxiralari bilim yurtiga qabul qilingan va 2002-yilda uni tamomlagan. 2002—2004-yillarda Armiya markaziy sport klubida harbiy xizmatni oʻtagan. Keyinchalik Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida tahsil olib, 2008-yilda oliy maʼlumot olgan. 2010—2012-yillarda ushbu yoʻnalish bo‘yicha magistraturada oʻqigan.
2022-yilda Qilichevga jismoniy tarbiya nazariyasi va sport mashgʻulotlari metodikasi yoʻnalishi boʻyicha professor unvoni berilgan.
Bokschilik faoliyati
Qilichev yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatlarida qatnashgan. 2000-yilda mamlakat chempionatida sovrinli oʻrinni egallagan, 2001-yilda esa finalga chiqqan.
2005-yilda professional boksdagi faoliyatini boshlagan. Professional ringda sakkizta jang oʻtkazib, beshta gʻalaba, ikkita magʻlubiyat va bitta durang qayd etgan. Uning professional faoliyati 2005—2006-yillarni qamrab olgan.
2009-yilda belidagi jarohat tufayli sportchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylikka oʻtgan.
Murabbiylik faoliyati
Faoliyatining boshlanishi
Qilichev murabbiylik faoliyatini 2009-yilda Chirchiq shahridagi olimpiya zaxiralari kollejida boshlagan. Shu davrda u Murodjon Ahmadaliyev, Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Qudratillo Abduqahhorov, Anvar Turapov va Elnur Abduraimov bilan ishlagan. Sportchilar yoshlar terma jamoasiga oʻtgach, Qilichev ham yoshlar jamoasi murabbiylar shtabiga qoʻshilgan. Keyinchalik u kattalar terma jamoasida murabbiy va katta murabbiy sifatida faoliyat olib borgan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Isroil Madrimov, Murodjon Ahmadaliyev va Bahodir Jalolovni Qilichev tarbiyalagan bokschilar qatorida qayd etgan. Qilichev Murodjon Ahmadaliyev, Bahodir Jalolov, Elnur Abduraimov, Qudratillo Abduqahhorov va Sanjar Tursunovning murabbiylaridan biri sifatida ham tilga olingan.
Turli yillarda u murabbiylik qilgan Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Hasanboy Doʻsmatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin Gʻoibnazarov, Shahram Gʻiyosov, Mirazizbek Mirzahalilov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov, Elnur Abduraimov, Sanjar Tursunov, Abdumalik Xalakov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullojonov va Ruslan Abdullayev kabi bokschilar qatnashgan.
2022-yil avgust oyida Qilichev Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlangan. Shu davrda terma jamoa murabbiylar shtabiga Kubadan toʻrt nafar mutaxassis ham jalb qilingan.
2022-yilgi Osiyo chempionatiga yuborilgan Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi tarkibida Hasanboy Doʻsmatov, Abdumalik Xalakov, Ruslan Abdullayev, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev va Lazizbek Mullojonov qatnashgan. Musobaqada Qilichev jamoaning bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borgan.
Uzbek Tigers
Qilichev Oʻzbekiston terma jamoasidagi faoliyati bilan bir vaqtda World Series of Boxing musobaqasida qatnashgan Uzbek Tigers jamoasi murabbiylar shtabida ham ishlagan.
Uzbek Tigers tarkibida Hasanboy Doʻsmatov, Fazliddin Gʻoibnazarov, Shahram Gʻiyosov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov va Bahodir Jalolov kabi bokschilar qatnashgan.
Olimpiya oʻyinlaridagi faoliyati
Rio-de-Janeyro—2016
Rio-2016 Olimpiadasida Oʻzbekiston bokschilari uchta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza — jami yettita medalni qoʻlga kiritgan.
- Hasanboy Doʻsmatov — oltin medal;
- Shahobiddin Zoirov — oltin medal;
- Fazliddin Gʻoibnazarov — oltin medal;
- Bektemir Meliqoʻziyev — kumush medal;
- Shahram Gʻiyosov — kumush medal;
- Murodjon Ahmadaliyev — bronza medal;
- Rustam Toʻlaganov — bronza medal.
Tokio—2020
2021-yilda oʻtkazilgan Tokio-2020 Olimpiadasida Qilichev Oʻzbekiston terma jamoasining katta murabbiylaridan biri sifatida faoliyat olib borgan.
Bahodir Jalolov superogʻir vazn toifasida oltin medalni qoʻlga kiritgan va Oʻzbekiston boks jamoasining ushbu Olimpiadadagi yagona chempioni boʻlgan.
Parij—2024
Parij-2024 Qilichevning Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi birinchi Olimpiadasi boʻlgan.
Oʻzbekiston bokschilari beshta oltin medalni qoʻlga kiritib, boks musobaqalarining medallar jadvalida birinchi oʻrinni egallagan.
- Hasanboy Doʻsmatov — 51 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medal;
- Abdumalik Xaloqov — 57 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medal;
- Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev — 71 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medal;
- Lazizbek Mullajonov — 92 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medal;
- Bahodir Jalolov — 92 kilogrammdan yuqori vazn toifasida oltin medal.
Shu tariqa Qilichev Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabida qatnashgan Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiadalarida mamlakat bokschilari jami 13 ta medal — 9 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qoʻlga kiritgan.
Yurak bilan bogʻliq hodisa
2024-yil 8-avgust kuni Hasanboy Doʻsmatovning Parij Olimpiadasi finalidagi gʻalabasidan keyin Qilichevning yuragi toʻxtab qolgan. Hodisa „Rolan Garros“ majmuasining mashgʻulot hududida sodir boʻlgan.
Buyuk Britaniya boks delegatsiyasi shifokori Harj Singh va fizioterapevt Robbie Lillis unga birinchi yordam koʻrsatgan. Singh yurak-oʻpka reanimatsiyasini bajargan, Lillis esa defibrillyatordan foydalangan. Qilichevning yurak faoliyati tiklangach, u Parijdagi shifoxonaga olib borilgan.
Qilichev Olimpiada boks musobaqalarining qolgan qismini shifoxonada oʻtkazgan. Musobaqalar yakunlangach, Oʻzbekistonning besh nafar Olimpiada chempioni oltin medallari bilan uni shifoxonada yoʻqlagan.
Mukofotlari va unvonlari
- „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi“ faxriy unvoni (2019);
- I darajali „Sogʻlom avlod uchun“ ordeni (2021);
- „Shuhrat“ medali;
- professor unvoni (2022);
- „Doʻstlik“ ordeni (2024);
- „Milliy sport mukofoti—2024“ doirasida yilning eng yaxshi murabbiyi;
- Osiyo boks konfederatsiyasining erkaklar elit boksidagi yilning eng yaxshi osiyolik murabbiyi mukofoti (2024).
Tashqi havolalar
- Toʻlqin Qilichevning boks rekordi BoxRecda
- 24-fevralda tugʻilganlar
- 1983-yilda tugʻilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozlari
- Sogʻlom avlod uchun ordeni sohiblari
- Doʻstlik ordeni sohiblari
- Shuhrat medali sohiblari
- Yashayotgan insonlar
- Jizzax viloyatida tugʻilganlar
- Oʻzbekiston bokschilari
- Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bitiruvchilari
