Tbilisi amirligi - Gruziyada oʻrta asrlarda musulmon amirlari boshqargan davlat. VIII asrning 30y.larida Sharqiy Gruziyada oʻrnashib olgan arablar, qarorgohi Tbilisi boʻlgan amirlik barpo etganlar. Dastlab amirga Sharqiy Gruziyaning barcha hududi tobe boʻlgan, lekin keyinchalik gruzin xalqining kurashi oqibatida Tbilisi amirligi hududi qisqargan. IX asr boshiga kelib amir qoʻl ostida faqat Kartlining oʻzi qolgan, XI asrda esa, Tbilisi sh. va uning atrofidagi tumanlar amirlikka tobe boʻlgan, xolos. IX asr boshida amirlar Xalifalikdan ajralib mustaqil boʻlish uchun kurash boshlashgan. IX asrning 80y.larida ular bunga erishganlar va XI asr oxiriga qadar mustaqilliklarini saqlab qolganlar. IX—X asrlarda Tbilisi amirligi ilk urta asr gruzin davlatlarining gruzin yerlarini birlashtirish uchun olib borgan kurashlarida ishtirok etgan. XI asrning 30y.larida Tbilisidagi hrkimiyat shahar zodagonlari qoʻliga oʻtgan, 1122-yil shaharni shoh David Binokor boshchiligidagi gruzin qoʻshinlari egallagan va Tbilisi birlashgan Gruziyaning poytaxtiga aylangan.
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |