Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Soliq qoʻmitasining Soliq akademiyasi yoki Soliq akademiyasi — soliq tizimiga yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan oliy oʻquv yurti. Toshkent shahrida joylashgan. 2001-yil 10-yanvarda Soliq va bojxona organlari akademiyasi sifatida tashkil etilgan. 2003-yil 23-mayda Oliy harbiy bojxona instituti tashkil etilishi munosabati bilan qayta nomlanib, Oʻzbekiston davlat soliq qoʻmitasi tasarrufiga kiritilgan. Soliq akademiyasida soliqlar va soliqqa tortish mutaxassisligi boʻyicha bakalavrlar tayyorlanadi, soliq tizimi xodimlarining malakasi oshiriladi. 10 ta kafedra bor. 2003-2004 oʻquv yilida 58 ta professor oʻqituvchi, shu jumladan, 10 nafar fan doktori va 24 nafar fan nomzodi ishladi. 200 nafar talaba, bir yillik qayta tayyorlash kursida 25 nafar talaba oʻqidi, 3 mingga yaqin soliq tizimi xodimlari malakasi oshirildi. Soliq ishi sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, xorijiy mamlakatlarning shu kabi oʻquv boʻlinmalari bilan amaliy, uslubiy aloqalar oʻrnatish, ilmiy adabiyotlar tayyorlash va nashr etish ishlarini bajaradi. Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ixtisoslashgan ilmiy kengash, shuningdek, aspirantura mavjud. Oʻquv qoʻllanmalari, dasturlar, ilmiy va metodik qoʻllanmalar nashr etadi.
Yana qarang
- Soliq
- Soliq imtiyozlari
- Akademiya
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |